884 13.03.2026
“Jonajon Vatanimiz bugun yangicha siyosiy-huquqiy, ijtimoiy, maʼnaviy munosabatlar asosida yashab, mehnat qilayotgan, mustaqil fikrlaydigan, ozod va erkin insonlar diyoriga aylanmoqda. Hammamizga ayonki, Mirzo Ulug‘bek bobomiz bundan olti asr muqaddam insoniyat uchun yulduzlar xaritasini yaratgan edi. Bugun esa biz hozirgi va kelajak avlodlarimiz uchun baxtli hayotga olib boradigan yo‘l xaritasini yaratishimiz lozim”. Ushbu dolzarb chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga taqdim etgan navbatdagi Murojaatnomasida yangradi.
Shu asosda Murojaatnomada ilgari surilgan tashabbuslar va 2026-2030 yillar uchun eng ustuvor islohotlarni qamrab olgan islohotlar dasturlari hamda davlat dasturi loyihalari ishlab chiqildi. Ushbu muhim hujjatlar O‘zbekiston Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni bilan tasdiqlandi.
Ayni hujjatlar loyihalari joriy yilning 23 yanvar-1 fevral kunlari ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlarida keng targ‘ib qilingani ularni maromiga yetkazishda jamoatchilik fikrini hisobga olish uchun qulay imkoniyat yaratdi. Davlat dasturi loyihasi bilan internetda 5 milliondan ziyod foydalanuvchi tanishib, 22 mingdan ziyod fikr-mulohaza va taklif bildirilgani ham buni yaqqol tasdiqlaydi.
Oliy o‘quv yurtlari va davlat idoralarida muhokama tadbirlari o‘tkazish, shuningdek, xorijdagi vatandoshlar bilan muloqotlar asnosida loyihalar yuzasidan qator qo‘shimcha tashabbuslar bildirildi. Natijada keng jamoatchilikdan tushgan 1000 ga yaqin taklif saralab olinib, davlat dasturiga kiritilgani uning yana-da xalqchilligini taʼminladi.
Taraqqiyot strategiyalari va yuksalish dasturlari loyihalariga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi ham, bir tomondan, jamoaviy asosda takliflarini taqdim etgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, xodimlarimiz alohida taklif-tavsiyalarini bildirdi. Binobarin, ayni hujjatlarning tasdiqlangan matnida Milliy markaz takliflari ham aks etgani bizga cheksiz quvonch hamda faxr-iftixor baxsh etdi.
Keyingi to‘qqiz yilda yangi O‘zbekistonda taraqqiyot strategiyalari va yuksalish dasturlarini ishlab chiqish, qabul qilish hamda ijro etish borasida ibratli tajriba to‘planib, muayyan maqbul amaliyot shakllandi. Bu boradagi yangi hujjatlar turkumi sinovdan o‘tgan milliy amaliyot va ilg‘or xorijiy tajriba asosida mutlaqo yangi yondashuvlar negizida ishlab chiqildi.
Islohotlar dasturlari va davlat dasturi bir-biridan farqli jihatlarga ega. Joriy yil 16-fevral kuni Prezidentimizga eng ustuvor islohotlar dasturlari hamda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2026-yilda amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi loyihalari yuzasidan berilgan axborotda masalaning ushbu jihatiga alohida eʼtibor qaratilgani bejiz emas.
Islohotlar dasturlarining to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilish mexanizmi mavjud va ular ayrim tashabbuslar bo‘yicha alohida hujjat qabul qilishni talab etmaydi. Har bir islohotlar dasturining ijrosi uchun shaxsan javobgar bo‘lgan masʼul rahbar va muvofiqlashtiruvchi davlat tashkiloti aniq belgilandi.
O‘z navbatida “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yilida amalga oshirishga oid davlat dasturida mazkur strategiyaning 2026-yil uchun belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlari ijrosi tashkil etiladi. Dastur bilan 337 ta banddan iborat amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Joriy yilda sohalar kesimida eng muhim 59 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi va eng muhim strategik islohotlarni nazarda tutuvchi 12 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.
Xususan, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida 2026 yil davomida ishlab chiqiladigan strategik rejalashtirish hujjatlari loyihalari ro‘yxatining 4-bandida “Inson huquqlari — 2030” strategiyasini ishlab chiqish belgilangan. Mazkur band ijrosi uchun asosiy masʼul Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz hisoblanadi.
Dasturda ko‘zda tutilgan “Inson huquqlari — 2030” strategiyasi, taʼbir joiz bo‘lsa, yangi O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha ikkinchi milliy strategiyasi bo‘ladi. 2020-yilda qabul qilingan va ijrosi yakuniga yetgan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi bu sohadagi ilk hujjatdir.
Vena deklaratsiyasi va Inson huquqlari bo‘yicha harakatlar dasturi har bir davlatga inson huquqlari bo‘yicha milliy harakatlar rejalarini qabul qilishni tavsiya etgan. Bugungi kunda dunyoning 80 mamlakatida inson huquqlari sohasida 150 dan ortiq milliy reja (strategiya) qabul qilingan bo‘lib, amal qilish muddati qisqa, o‘rta yoki uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan ushbu hujjatlar turli darajalarda: prezidentlar, parlamentlar, hukumatlar tomonidan tasdiqlangan.
Markaziy Osiyo mamlakatlarining bu boradagi tajribasi eʼtiborga loyiq. Markaziy Osiyo mamlakatlari Konstitutsiyalarida “davlat inson huquqlarini hurmat qiladi va taʼminlaydi” tamoyili aniq belgilab qo‘yilgan. Qozog‘istonda 2023-yilda Prezident tomonidan tasdiqlangan Inson huquqlari va qonun ustuvorligi sohasidagi uchinchi harakatlar rejasi amalga oshirilmoqda. Qirg‘iziston hukumati 2022-2024 yillar uchun Inson huquqlari bo‘yicha harakatlar rejasini qabul qildi va amalga oshirdi. Tojikiston hukumati 2023-yilda Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyani qabul qildi. Turkmaniston Prezidenti tomonidan 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan Inson huquqlari bo‘yicha milliy harakatlar rejasi tasdiqlandi.
Ayni vaqtda mamlakatimizda 2026-yilgi davlat dasturi doirasida “Inson huquqlari — 2030” strategiyasi loyihasini ishlab chiqish jarayonlari jadal bormoqda. Inson huquqlari bo‘yicha ikkinchi milliy strategiya loyihasini tayyorlashda ilg‘or xalqaro tajriba, O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari, shuningdek, o‘tgan davr mobaynida shakllangan milliy amaliyot inobatga olinadi. Hujjatda O‘zbekistonning milliy maʼruzalarini ko‘rib chiqish doirasida taqdim etilgan BMTning inson huquqlari bo‘yicha organlari tavsiyalari ham o‘z aksini topishiga aminmiz.
Bundan tashqari, farmon bilan tasdiqlan-gan davlat dasturi bo‘yicha amaliy tadbirlar rejasida Inson huquqlari bo‘yicha V Samarqand forumini o‘tkazish ham ko‘zda tutildi. Forumni o‘tkazish bilan bog‘liq asosiy masʼuliyat Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz zimmasiga yuklangan.
Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi 2018-yildan boshlab anʼanaviy tarzda har ikki yilda tashkiliy jihatdan yuqori saviyada o‘tkazib kelinmoqda. Forumning tashkilotchilari Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, Tashqi ishlar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, shuningdek, Samarqand viloyati hokimligi hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2020 yil 9-oktyabrda “Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi konsepsiyasi va inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumini o‘tkazish reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaror qabul qilingan. Bu hujjat O‘zbekiston Prezidentining 2020-yil 22-iyundagi “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida ishlab chiqilgan.
Samarqand forumining asosiy vazifalariga, xususan:
— inson huquqlarini himoya qilish sohasida tajriba almashish;
— O‘zbekistonning inson huquqlari soha-sida erishgan yutuqlari va tashabbuslarini muhokama qilish, mamlakatning xalqaro obro‘-eʼtiborini mustahkamlash;
— xalqaro hamjamiyatning inson huquqlariga rioya etilishida saʼy-harakat va imkoniyatlarni birlashtirish;
— ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar huquqlari bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari kiradi.
Navbatdagi Samarqand forumi BMTning 1966-yil 16-dekabrda qabul qilingan ikkita asosiy hujjati — Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 60 yilligiga, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 30 yilligiga bag‘ishlanishi ko‘zda tutilmoqda.
Bunday muhim milliy va xalqaro sanalar munosib nishonlanadigan joriy yilda Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumining yuk-sak saviyada o‘tkazilishi el-yurtimiz hayotida katta ahamiyat kasb etishiga shubha yo‘q.
Akmal SAIDOV,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori,
akademik
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2026-yil 12-mart sonidan olindi