719 13.03.2026
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tashabbusi bilan Toshkent temir yo‘l texnikumida “O‘zbekistonni malakali mutaxassislar mamlakatiga aylantirishda yoshlar taʼlimi” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazildi. Partiya vakillari, deputatlar hamda soha mutaxassislari ishtirokida o‘tgan tadbir Prezidentimiz tomonidan 24 fevral kuni yoshlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalar, jumladan, “Yoshlar kuni” doirasida tashkil etildi.
Maʼlumki, globallashayotgan dunyoda mehnat bozori faqat son bilan emas, sifat bilan ham o‘lchanmoqda. Shu maʼnoda, barcha davlatlarda raqobatbardosh, zamonaviy texnologiyalarni puxta egallagan, yangiliklarga tez moslashuvchan, xalqaro talablarga javob beradigan, kreativ fikrlaydigan kadrlarni tayyorlashga strategik vazifa sifatida qaralmoqda. Chunki yaqin besh yilda mavjud kasblarning 30 foizi to‘liq avtomatlashtirilishi, 50 foizi bo‘yicha esa mutlaqo yangi malakalar talab etilishi kutilyapti. Bunday omillar mehnat bozorida kechayotgan jarayonlarning qanchalik keskin, tez o‘zgaruvchan ekanini ko‘rsatadi.
Mamlakatimizda ham milliy kadrlar zahirasini shakllantirish, yoshlarga nafaqat O‘zbekistonda, xalqaro mehnat bozorida ham talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarni o‘rgatishga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilyapti. Shu maqsadda har yili yuzlab yoshlar, soha mutaxassislari davlat hisobidan xorijning eng nufuzli oliygohlariga o‘qishga yuborilmoqda, malaka oshirishga yo‘naltirilyapti. Birgina “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali 2018-2025 yillarda 2300 nafarga yaqin stipendiat 45 ta mamlakatga taʼlim olishga yuborildi. Bugun ularning 1400 nafardan ortig‘i O‘zbekistonga qaytib kelib, iqtisodiyot, taʼlim, fan, tibbiyot va davlat boshqaruvi sohalarida faoliyat yuritmoqda.
Albatta, yangi yondashuvlar taʼlim tizimi bilan bog‘liq. Shu maqsadda yurtimizda kasbiy taʼlimning barcha darajalari bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan yagona texnikumlar tarmog‘i tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda bunday taʼlim markazlarida xalqaro taʼlim dasturlari asosida mutaxassislar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratilyapti. Joriy yildan boshlab har yili kamida 100 ta texnikumni to‘liq taʼmirlash, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash va talab yuqori bo‘lgan kasblarga mos holda qayta tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilangan.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan bunday mavzudagi tadbirning o‘tkazilishi ham bejiz emas. Partiyaning 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida ushbu yo‘nalishda ham bir qator vazifalar belgilangan. Jumladan, dasturning “Barkamol avlod salohiyatini ro‘yobga chiqarish” va “Kasb-hunar, oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim” yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash jarayonida xalqaro mehnat bozori talablarini hisobga olish, taʼlim sifati yuzasidan yoshlar fikrini o‘rganib borish hamda ularning takliflarini amaliyotga tatbiq etishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Muloqotda ana shulardan kelib chiqib, yoshlarning bilim olish imkoniyatlarini kengaytirish, ularni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasblarga yo‘naltirish, raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash hamda taʼlim sifatini yana-da oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Texnikumda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, kasb-hunar taʼlimida amalga oshirilayotgan islohotlar va taʼlim sifati masalalari ham o‘rganildi. Taʼlim jarayonini yanada takomillashtirish, yoshlarni zamonaviy bilim va kasblarga yo‘naltirish borasida amaliy taklif va tashabbuslarga eʼtibor qaratildi. Ishtirokchilarning fikr-mulohazalari, takliflari eshitilib, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, taʼlim sifatini yanada oshirishga qaratilgan yangi g‘oyalari ko‘rib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, bunday ochiq muloqotlar yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, mamlakatimizda raqobatbardosh va malakali kadrlar tayyorlash hamda O‘zbekistonni bilimli va yetuk mutaxassislar mamlakatiga aylantirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.
Hamdam Niyozov