665 14.03.2026
Maʼlumki, mamlakatimiz hayotida xotin-qizlarning tutgan o‘rni juda muhim va beqiyosdir. Ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlash, bilim olishi, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi va faoliyat yuritishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Shuningdek, mamlakatimiz rahbari boshchiligida kasbiy taʼlimni rivojlantirish orqali xotin-qizlarni ish bilan taʼminlashga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi ham o‘z faoliyatida “Maʼrifatli ona – qudratli millat” tamoyili asosida ushbu jamiyatning ilg‘or qatlamiga alohida eʼtibor qaratadi. Partiyaning Saylovoldi dasturida ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini, davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini oshirish, islohotlar va o‘zgarishlar jarayonida bevosita ishtirokini taʼminlashga qaratilgan bir qator ustuvor vazifalar belgilangan.
Toshkent ilg‘or kasbiy mahorat texnikumida Kasbiy taʼlim agentligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “Kasbiy taʼlim – qizlar uchun barqaror kelajak poydevori” mavzusidagi ochiq muloqot ana shu muhim vazifalar ijrosini taʼminlashga qaratildi.
Tadbirda turli sohalarda samarali faoliyat yuritib, ulkan natijalarga erishib kelayotgan rahbar ayollar, siyosiy liderlar hamda Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari ishtirok etishdi. Partiya Makaziy kengashi raisi o‘rinbosari Firuza Muhammadjonova so‘zga chiqib, texnikum talabalariga mamlakatimiz rahbarining 2026-yil 3martdagi “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy huquqiy choralar to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyati haqida atroflicha tushunchalar berar ekan, mazkur Farmon partiyaning Oila institutini va oilaviy qadriyatlarni mustahkamlashga, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir qator vazifalariga uyg‘un ekanligini alohida eʼtirof etib, jumladan shunday dedi:
- Bu tarixiy hujjat yurtimizda ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlariga qarshi murosasiz muhitni shakllantirish yo‘lida tashlangan muhim qadam bo‘ldi. Unda partiyamiz tomonidan ilgari surilgan bir qator takliflar, jumladan, homilador talaba-qizlar yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalar uchun masofaviy taʼlim imkoniyatlarini kengaytirish, erta turmush qurish holatlarining oldini olish, nikoh yoshini kamaytirishning aniq (tugal) asoslarini belgilash, voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir qilingan jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilishga oid taklif va tashabbuslar o‘z aksini topgani bizni behad quvontirdi.
Tadbir yakunida partiya hamda Kasbiy taʼlim agentligi hamkorligida xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘rgatish, bandligini taʼminlash orqali ularning ijtimoiy faolligini oshirish, asosiysi, oila institutini mustahkamlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Feruza Jalilova,
partiya Markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i