212 18.09.2024
Shu kunlarda partiyaning hududiy Kengashlarida “Milliy tiklanish”dan mahalliy Kengashlarga ko‘rsatilgan nomzodlar uchun o‘quv-seminarlar bo‘lib o‘tmoqda. Jumladan, kuni kecha Navoiy, Buxoro, Samarqand va Sirdaryo viloyatlari hamda Toshkent shahrida ana shunday o‘quvlar tashkil qilindi .
O‘quv-seminarlarda mutaxassislar tomonidan partiyaning 2025-2029-yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar, saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgarishlar, aralash saylov tizimi, siyosiy partiyalar faoliyati, partiyaning amaldagi saylovoldi dasturi ijrosi natijalari va partiyaning eʼtiborga molik 100 ta tashabbusi haqida maʼlumotlar berilmoqda.
Shuningdek, nomzodlarga hududlardagi muammolarni o‘rganish, atroflicha tahlil etgan holda saylovoldi dasturini shakllantirish bo‘yicha tavsiyalar berilib, tajribali deputatlarning faoliyatidan misollar keltirilyapti.
Navoiy shahridagi Maʼnaviyat va maʼrifat markazida o‘tkazilgan o‘quvda mahalliy Kengashlarga viloyatdan ko‘rsatilgan 270 nafar nomzodlar ishtirok etdi. Tadbirni viloyat Kengashi raisi Ilhom Rajabov ochib, bu yilgi saylovlar xalqaro saylov mezoni va standartlariga muvofiq, ochiqlik, oshkoralik, erkin va adolat prinsiplariga mos ravishda o‘tkazilishini taʼkidladi.
– Maqsadimiz saylovlarda eng yuqori natijaga erishish ekan, buning uchun nomzodlarimiz targ‘ibot tadbirlarida faol bo‘lib, partiyamizning amaldagi dasturi ijrosi va yangi saylovoldi dasturida belgilangan tashabbuslar haqida kengroq maʼlumotlar berishi lozim, – dedi Ilhom Rajabov. Ma'lumot uchun, Respublika bo'yicha Mahalliy Kengashlarga partiyadan jami 5695 nafar nomzodlar ko‘rsatilgan bo‘lib, ularning 40 foizdan ortig‘ini ayollar tashkil qiladi.