Xalq o‘yinlarining milliy o‘zlikni anglashdagi o‘rni


630     17.03.2026

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashida xalq o‘yinlarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan ekspertlar yig‘ilishi o‘tkazildi.

Partiyaning 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida umumtaʼlim maktablarida jismoniy tarbiya fani doirasida xalq o‘yinlarini keng joriy etish, milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini tiklash hamda “Milliy sport turlari va xalq o‘yinlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish va qabul qilinishiga erishish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilangan. Mazkur tadbir ana shu vazifalar ijrosini taʼminlash doirasida tashkil etildi.

Tadbir oldidan O‘zbekiston jang sanʼati, turon yakkakurashi, Bahodirlar o‘yinlari va tosh ko‘tarish, kurash, belbog‘li kurash federatsiyalari, Polvonlar milliy markazi yoshlari ishtirokida xalq o‘yinlari namoiysh qilindi.

Maʼlumki, Xalq o‘yinlari azaldan xalqimizning boy madaniy merosi, milliy qadriyatlarning ajralmas qismi hisoblanadi. Ular ibtidoiy jamoa tuzumi davridayoq shakllanib, insonlarning jismoniy chiniqishi jamoaviylik ruhini rivojlantirishga xizmat qilgan. Asrlar davomida sayqallanib, bugungi kungacha yetib kelgan ushbu o‘yinlar yosh avlod tarbiyasida ham muhim o‘rin tutadi. Yaʼni, xalq o‘yinlari nafaqat bolalar tarbiyasida, jismoniy rivojlanishida ham muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Shu bilan birga milliy o‘zlikni anglash, qadriyatlarga hurmat, jamoada ishlash ko‘nikmalarini shakllantiradi. O‘z xalqining tarixi, urf-odatlari va anʼanalarini chuqurroq his etishiga yordam beradi.

Bugungi gadjet va raqamli texnologiyalar davrida xalq o‘yinlarining ahamiyati yana-da ortmoqda. Virtual muhit bolalarning jismoniy faolligini cheklayotgan bir paytda, milliy o‘yinlar sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, bolalarni ochiq havoda faol harakatga undashda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.

Xalq o‘yinlari millatni dunyoga tanitish vositasi sifatida ham katta salohiyatga ega. Ularni tizimli rivojlantirish, zamonaviy talablarga moslashtirish va xalqaro sport maydonlariga, jumladan, istiqbolda Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritish orqali milliy merosimizni global miqyosda targ‘ib qilish imkoniyati mavjud.

Tarixan, sobiq ittifoq davrida jismoniy tarbiya tizimiga turli harakatli o‘yinlar keng joriy etilgan bo‘lsada, bugungi kunda milliy ruh va qadriyatlarni aks ettiruvchi xalq o‘yinlarini qayta tiklash va taʼlim tizimiga chuqur integratsiya qilish dolzarb vazifa sifatida qaralmoqda. Chunki bugungi kunda umumtaʼlim maktablarida jismoniy tarbiya darslari doirasida o‘tkaziladigan sport o‘yinlarining qariyb 70-80 foizini sobiq ittifoq davrida shakllangan o‘yinlar tashkil etadi. Shu bois, partiya tomonidan milliy xalq o‘yinlarini amaldagi darslik va o‘quv dasturlariga kiritish, ularning ulushini bosqichma-bosqich oshirish taklif etilmoqda.

Ekspertlar yig‘ilishida xalq o‘yinlarini taʼlim tizimiga integratsiya qilish, ularning ilmiy-metodik asoslarini ishlab chiqish, hududiy xususiyatlarni inobatga olgan holda rivojlantirish, shuningdek, darsliklar va o‘quv dasturlarini takomillashtirish masalalari muhokama etildi. Mazkur tashabbuslar xalqimizning boy madaniy merosini asrab-avaylash, yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash va milliy o‘zlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

Hamdam Niyozov