Islom sivilizatsiyasi markazi — tarix va ma’rifat timsoli


664     18.03.2026

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan yuksak g‘oyalar asosida bunyod etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bugun yurtimizning eng ulkan ma’naviy-ma’rifiy maskanlaridan biriga aylandi. Ushbu majmua xalqimizning uch ming yillik boy tarixi, bunyodkorlik salohiyati hamda jahon tamadduniga qo‘shgan beqiyos hissasini o‘zida mujassam etadi.

Markaz Toshkent shahridagi Hazrati Imom majmuasi hududida 10 gektar maydonda barpo etilgan. Bino uch qavatdan iborat bo‘lib, uzunligi 161 metr, eni 118 metrni tashkil etadi. Majmuaning umumiy foydalanish hududi 42 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lib, gumbazining balandligi 65 metrga yetadi. Ushbu ulkan ko‘rsatkichlar markazni dunyodagi eng yirik islom sivilizatsiyasi markazlaridan biriga aylantirgan.

Majmua tarkibida 8 350 kvadrat metrlik muzey, 550 o‘rinli anjumanlar zali, zamonaviy laboratoriyalar, restavratsiya bo‘limlari hamda boy kutubxona mavjud. Kutubxona fondi bugungi kunda 45 mingdan ortiq bosma adabiyot va 350 mingta elektron manbani o‘z ichiga oladi. Shuningdek, bu yerda 2 mingdan ortiq qadimiy manbalar va 60 dan ziyod nodir Qur’on qo‘lyozmalari jamlangan.

Markaz xalqaro miqyosda ham yuksak e’tirof etilmoqda. U nufuzli mukofotlarga sazovor bo‘lib, dunyoning yetakchi nashrlari tomonidan eng kutilayotgan va tashrif buyurish tavsiya etiladigan muzeylar qatoriga kiritilgan. Bu esa markazning nafaqat milliy, balki global miqyosdagi ahamiyatini yaqqol namoyon etadi.

Bugungi kunda markaz “Har kim uchun ochiq muzey” tamoyili asosida faoliyat yuritib, zamonaviy texnologiyalar orqali barcha tashrif buyuruvchilar, jumladan imkoniyati cheklangan insonlar uchun ham qulay sharoit yaratmoqda. Bu yerda har bir eksponat raqamlashtirilgan bo‘lib, QR-kodlar orqali bir necha tillarda batafsil ma’lumot olish imkoniyati mavjud.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, bu majmua shunchaki me’moriy inshoot emas, balki xalqimizning o‘zligini anglash, buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur his etish va kelajak avlodga yetkazish yo‘lidagi bebaho maskandir. Bu yerga tashrif buyurgan har bir inson o‘z tarixidan faxrlanish tuyg‘usini yanada chuqurroq his etadi.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi sifatida qadriyatlar mujassam, tarix ulug‘langan, ma’naviyat yuksalishiga imkoniyat yaratilgan bunday majmuaning barpo etilishi xalqimizning boy ma’naviy merosini asrab-avaylash, uni kelgusi avlodlarga yetkazish hamda milliy o‘zlikni anglash jarayonini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, deb hisoblayman.

 

Azamat PARDAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati