Kiberxavfsizlik — mamlakat taraqqiyotining muhim omili


463     18.03.2026

Bugungi kunda insoniyat taraqqiyotining eng muhim xususiyatlaridan biri — raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi va ularning jamiyat hayotining barcha sohalariga chuqur kirib borayotganidir. Internet tarmog‘ining kengayishi, elektron davlat xizmatlarining joriy etilishi, raqamli iqtisodiyotning shakllanishi zamonaviy taraqqiyotning asosiy drayverlariga aylanmoqda.

Shu bilan birga, raqamli muhitda yangi xavf-xatarlar ham paydo bo‘lmoqda. Kiberxujumlar, onlayn firibgarlik, shaxsiy ma’lumotlarni noqonuniy tarqatish, axborot tizimlariga noqonuniy kirish holatlari dunyo miqyosida tobora ko‘payib borayotgani bu masalaga jiddiy va tizimli yondashuvni talab etyapti.

Shu nuqtayi nazardan, mamlakatimizda kiberxavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasining kiberxavfsizlik strategiyasini belgilash va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni sohada davlat siyosatini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqqan muhim huquqiy hujjat bo‘ldi.

Mazkur hujjatning asosiy maqsadi mamlakat kibermakonida shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini ishonchli himoya qilish, axborot infratuzilmalarining barqaror faoliyatini ta’minlash, raqamli iqtisodiyot tarmoqlarida xavfsizlikni mustahkamlash hamda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishning samarali mexanizmlarini shakllantirishdan iborat.

Bugungi kunda davlat boshqaruvi tizimi, bank-moliya sohasi, energetika tarmog‘i, transport infratuzilmasi, ta’lim va tibbiyot muassasalari raqamli texnologiyalarga tayanayotganini hisobga olsak, ushbu sohalarda axborot xavfsizligini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri ekani yaqqol namoyon bo‘ladi.

Farmonda milliy kiberxavfsizlik siyosati doirasida bir qator strategik vazifalar aniq belgilab berilgan. Xususan, milliy kiberbarqarorlikni mustahkamlash, muhim axborot infratuzilmasini ishonchli himoya qilish, kibertahdidlarga qarshi samarali tizim yaratish, davlat organlari va xususiy sektorning raqamli xavfsizligini ta’minlash hamda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish mexanizmlarini kuchaytirish kabi masalalar ustuvor vazifalar sifatida o‘rin olgan. Bu esa kiberxavfsizlikni faqat texnik yoki sohaviy masala sifatida emas, balki milliy xavfsizlik, iqtisodiy taraqqiyot va jamiyat barqarorligi bilan uzviy bog‘liq strategik yo‘nalish sifatida ko‘rish zarurligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Farmonda kibertahdidlarga qarshi tezkor va samarali javob berish mexanizmlarini shakllantirishga ham alohida e’tibor qaratilgani e’tiborga molik. Buning doirasida kiberxavflarni monitoring qilish, tahlil etish va ularga qarshi tezkor chora ko‘rish imkonini beruvchi zamonaviy markazlar hamda axborot almashinuv tizimlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, kiberxavfsizlik sohasida sun’iy intellekt va innovatsion texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish ham muhim vazifalardan biri sifatida belgilangan. Bu kibertahdidlarni barvaqt aniqlash, ularni prognoz qilish va xavflarni oldindan bartaraf etish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Bunday kompleks yondashuv mamlakat raqamli infratuzilmasining barqarorligi va ishonchliligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Qayd etish joizki, keyingi yillarda internet orqali sodir etilayotgan firibgarlik, bank kartalari ma’lumotlarini o‘g‘irlash, shaxsiy ma’lumotlarni noqonuniy tarqatish kabi jinoyatlar soni ortib borayotgani mazkur sohada tizimli choralar ko‘rishni talab etmoqda.

Farmon doirasida kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishning institutsional va huquqiy asoslari yanada mustahkamlanadi. Xususan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning texnik imkoniyatlari kengaytiriladi, kiberjinoyatlarni tergov qilishning zamonaviy usullari joriy etilib, internet makonida huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha profilaktik ishlar kuchaytiriladi. Bu esa raqamli muhitda fuqarolarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, internet makonida qonuniylik va tartibni ta’minlashga xizmat qiladi.

Sirasini aytganda, ushbu farmonning hayotga tatbiq etilishi mamlakat taraqqiyoti uchun quyidagi muhim ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy natijalarni ta’minlaydi.

Birinchidan, mamlakatda raqamli iqtisodiyotning xavfsiz rivojlanishi uchun mustahkam zamin yaratiladi. Bu esa investitsiya muhitini yaxshilash, innovatsion loyihalarni amalga oshirish va texnologik taraqqiyotni jadallashtirishga xizmat qiladi.

Ikkinchidan, davlat axborot tizimlari va muhim infratuzilmalarning barqarorligi mustahkamlanadi. Bu o‘z navbatida, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘ladi.

Uchinchidan, fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari va raqamli huquqlari himoyasi kuchaytiriladi. Bu esa jamiyatda raqamli xizmatlarga bo‘lgan ishonchni yanada oshiradi.

To‘rtinchidan, mamlakatning xalqaro kiberxavfsizlik reytinglaridagi o‘rni yaxshilanib, O‘zbekiston global raqamli makonda ishonchli hamkor sifatida o‘z mavqeini yanada mustahkamlaydi.

Umuman aytganda, mazkur farmon mamlakatimizda kiberxavfsizlikni ta’minlashning mutlaqo yangi bosqichini boshlab bergan hujjat bo‘ldi. Zotan, u raqamli iqtisodiyot rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, davlat va jamiyat manfaatlarini ishonchli himoya qilish hamda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishning samarali mexanizmlarini shakllantirishga xizmat qiladi.

 

Jumanazar OTAJONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.