Yangi O‘zbekiston yoshlari uchun barcha yo‘llar ochiq


1540     19.03.2026

Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda 473 milliondan ziyod o‘smir va yoshlar dunyoni larzaga solayotgan qurolli mojarolar ta’sirida yashamoqda. Bu har oltinchi yosh yigit-qiz urush muhitida, notinchlik va kelajak mavhumligi ortib borayotgan sharoitda yashayapti, deganidir.

Chindan ham Yaqin Sharq, Afrika va Yevropaning ayrim hududlarida kechayotgan urushlar millionlab insonlar hayotini izdan chiqarmoqda. Birgina Sudandagi fuqarolar urushi natijasida qariyb 12 million fuqaro o‘z uyini tark etishga majbur bo‘ldi. Bundan tashqari, global notinchlik sharoiti yetmaganidek, yoshlarning ijtimoiy muammolari ham ortayotganini ta’kidlash joiz. Masalan, Osiyoda ishsizlik yoshlar uchun yanada keskinlashdi. Agar Xitoyda 16–24 yoshdagi yoshlar orasidagi ishsizlik darajasi 2025 yil boshida 16,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, Janubiy Koreyada ish qidirayotgan yoki ishlamaydigan yoshlar soni 1,2 milliondan oshdi. Shuningdek, 560 mingdan ziyod yoshlar ta’limni tugatganidan keyin bir yil va undan ortiq vaqt davomida ish topa olmayaptilar.

Rivojlangan davlatlarda esa ruhiy tushkunlik, ijtimoiy izolyatsiya va hayotga qiziqishning pasayishi yoshlarni eng loqayd qatlamga aylantiryapti. Bunga 2023 yili yapon maktablarida 513 nafar bola va o‘smirning o‘z joniga qasd qilganidan ham sezish mumkin. Bugun ushbu mamlakatda «hikikomori» deb atalgan, ya’ni jamiyatdan butunlay chekinib, uyda yashaydigan yoshlar soni millionlab ekanligi aytilyapti. Ana shunday bir paytda Yangi O‘zbekistonda yoshlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni har tomonlama qo‘llab quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani quvonarli hol, albatta. Yildan-yilga yangi oliy ta’lim muassasalari soni ko‘payib, kasb-hunar markazlari tashkil etilayotgani, yoshlar tadbirkorligi uchun imtiyozli kreditlar ajratilayotgani Yangi O‘zbekiston islohotlarining asl maqsad va keng mazmun mohiyatini ko‘rsatishi mumkin.

«Yoshlar daftari», startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va bandlik dasturlari ham yoshlar kelajagini barpo etishga xizmat qilmoqda.

Davlatimiz rahbarining har yili shaxsan faol yoshlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazayotganlari esa yoshlar masalasiga bo‘lgan e’tiborning nihoyatda muhim va dolzarbligini ko‘rsatadi. Ushbu uchrashuvlarda yoshlar muammosi har tomonlama muhokama qilinyapti, yangi avlod vakillarining taklif va tashabbuslari eshitilyapti, eng muhimi, millat yetakchisi tomonidan bu borada yangi tashabbuslar ilgari surilib, mavjud muammolarga amaliy yechimlar berilyapti.

Yangilangan Konstitutsiyada ham yoshlarning ta’lim olishi, ijtimoiy va tibbiy himoyasi, uy-joy hamda bandligini ta’minlash davlatning konstitutsiyaviy majburiyatlari qatorida belgilab qo‘yilganini aytish joiz. Bu esa yoshlar siyosatini izchil rivojlantirib borish va amaliy ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish imkonini beryapti.

Joriy yilning 24 fevral kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev olti oy o‘tmasdan yana yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdilarki, bu bilan O‘zbekistonda yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi loyihalarga start berildi. Mazkur uchrashuv yoshlarga yana bir bor o‘z fikr va mulohazalarini bevosita bayon qilish imkonini berganini, eng muhimi, takliflar shunchaki eshitilmay, ularni amalga oshirish mexanizmlari ham ishlab chiqilganini ta’kidlash joiz. Ma’lumotlarga ko‘ra, har yili mehnat bozoriga 600 mingga yaqin yoshlar kirib kelmoqda. 2030 yilga kelib bu raqam 1 millionga yetadi. Shu bois, yoshlar uchun o‘z qobiliyati va malakasiga mos ish topish imkoniyatlarini yaratish kun tartibidagi asosiy masalalardan biridir.

Shu munosabat bilan Prezidentimiz tomonidan yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qo‘shimcha ravishda 200 million dollar ajratilishi e’lon qilindi. Ushbu mablag‘ yoshlarning o‘z biznesini boshlash, faoliyatini kengaytirish yoki innovatsion startap loyihalarini amalga oshirishga yo‘naltiriladi. Eng asosiysi, bu jarayon yoshlarni ish qidiruvchidan yangi ish o‘rinlari yaratadigan tadbirkorlarga aylantiradi. Shuningdek, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ipoteka qarzlarining 14 foizdan yuqori foiz stavkasi davlat hisobidan qoplanadigan bo‘ldi. Bu chora yosh oilalarga uy-joy masalalarini tezroq va osonroq hal qilish imkonini yaratadi, albatta. Yodingizda bo‘lsa, 2025 yili yoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda ta’lim olish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash va yigit-qizlarning hayotda o‘z o‘rinlarini topishlari uchun 400 million dollar miqdoridagi mablag‘ni Milliy va Aloqabank huzurida tashkil etiladigan loyiha ofislari orqali manzilli yo‘naltirish belgilangan edi.

Mazkur tashabbus doirasida 2026 yilga qadar samarali natijalarga erishildiki, buni tahlilchilar inson kapitaliga yo‘naltirilgan strategik investi siya, deb baholadilar. Ammo imkoniyatlar qanchalik keng bo‘lmasin, ayrim yoshlarda boqimandalik kayfiyati saqlanib qolayotgani ham achchiq haqiqat. Tan olish kerak: ayrim tengdoshlarimiz darrov ulkan rejalarga o‘tishni istashadi, «risk» qilishdan qo‘rqishadi yoki «yanada yaxshiroq imkoniyat chiqib qolar», degan umidda qimmatli vaqtlarini boy beradilar. Holbuki, bugungi kun har bir yoshning tashabbuskor, mas’uliyatli va mehnatsevar bo‘lishini taqozo etmoqda.

Kundan-kunga ayrim davlatlarda o‘q ovozlari, onalar va bolalar yig‘isi balandroq eshitilayotgan bir paytda Yangi O‘zbekistonda yoshlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar izlanayotgani, ularning oilasi bag‘rida ta’lim tarbiya olishlari shaxsan Davlat rahbari tomonidan nazorat qilinayotgani juda katta baxt va omad, albatta.

Albatta, mavjud muammolar va kamchiliklar har qanday jamiyat da bor va bundan keyin ham bo‘ladi. Muhimi, ularni birgalikda hal etishga intilish hissining mavjudligidir. Shu nuqtayi nazardan, milliy o‘zlikni anglagan, bilimli, tashabbuskor va Vatan taraqqiyoti uchun mas’uliyatni his etadigan yosh avlodni tarbiyalash Yangi O‘zbekistonda kun tartibiga qo‘yilayotgani eng dolzarb talab hisoblanyapti.

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi konsepsiyasiga ko‘ra, yoshlar tafakkurini o‘zgartirish, ularni boqimandalik kayfiyatidan chiqarish, mustaqil fikr laydigan va o‘z kelajagini o‘zi qura oladigan sadoqatli avlodni shakllantirish eng ustuvor vazifaga aylanishi lozim. Zero milliy taraqqiyotning eng katta boyligi – bu tabiiy resurslar yoki infratuzilma emas, balki ongli, bilimli va mas’uliyatli yosh avloddir.

Elyor KELDIYOROV,

O‘quv-tadqiqot va tahlil markazi shu’ba mudiri