136 18.09.2024
Maʼlumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 10,7 mln kishi sog‘lom turmush tarziga rioya qilmasligi, 16,5 foizi tamaki va 4,7 foizi alkogol isteʼmol qilishi, 16 foizi meva va sabzavotlarni yetarli isteʼmol qilmasligi, 36,6 foizi taomga qo‘shimcha tuz qo‘shishi, 32,9 foizi ortiqcha vazndan qiynalishi va 23,5 foizida semizlik mavjudligi, 38 foizida yuqori arterial qon bosimi va 8,4 foizida qondagi qand miqdorining yuqoriligi, 26 foizida esa jismoniy faollik sustligi aniqlangan.
Bu, o‘z navbatida, aholi salomatligini mustahkamlash, kasalliklarning oldini olish borasida jiddiy choralarni qo‘llashni talab etadi.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining “O‘zbekistonda sog‘lom ovqatlanish milliy Konsepsiyasi”ni qabul qilish, tarkibida “GMO” bo‘lmagan mahsulotlarni ommalashtirish bo‘yicha taklifi, bu borada strategik ahamiyatga ega masalalaridan biri hisoblanadi. Konsepsiya aholi salomatligini mustahkamlash, kasalliklarning oldini olish, jismoniy faollikni oshirish, sog‘lom farzandlar tug‘ilishiga, muxtasar qilib aytganda, sog‘lom jamiyatni barpo etishga xizmat qiladi.
Partiyamizning “O‘zbekistonda sog‘lom ovqatlanish milliy Konsepsiyasi” qabul qilingan taqdirda, u bir necha muhim yo‘nalishlarda barqaror rivojlanish imkoniyatlarini yaratadi:
1. Atrof-muhit va tabiiy resurslarni muhofaza qilish: barqaror bo‘lmagan qishloq xo‘jaligi amaliyotlari va isrofgarchilik sabab yuzaga kelayotgan tabiatga bo‘lgan salbiy taʼsirlar kamayishiga yordam beradi, oziq-ovqat muvozanati va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha yangi yechimlar taklif qilinadi.
2. Sog‘lom ovqatlanish targ‘iboti: jamiyatning barcha qatlamlarida, turli yosh va kasb egalari orasida sog‘lom ovqatlanish ko‘nikmalarini shakllantirish uchun samarali targ‘ibot ishlari amalga oshiriladi.
3. Ovqatlanish sifatini nazorat qilish: mahsulotlar tarkibidagi zararli qo‘shimchalar va moddalardan foydalanishni cheklash va ularning tayyorlanishi, saqlanishi hamda tashilishida belgilangan meʼyorlarga rioya etilishini nazorat qilish shartlari yaratiladi.
4. Aholining maʼlumotliligi darajasini oshirish: odamlar oziq moddalarning o‘ziga xos xususiyatlari, ularning isteʼmol qilish meʼyorlari va noto‘g‘ri ovqatlanish sababli kelib chiqishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlar haqida keng qamrovli maʼlumotga ega bo‘lishlari taʼminlanadi.
Umuman aytganda, partiyamiz ilgari surayotgan ushbu tashabbus sog‘lom ovqatlanish va jismoniy faollikni ommalashtirishga xizmat qilib, umumiy salomatlikni yaxshilashga va davlat darajasida resurslarni samarali boshqarishga ko‘maklashadi.