599 24.03.2026
Mahalla azal-azaldan ahillik, bag‘rikenglik va o‘zaro yordam timsoli sifatida namoyon bo‘lgan. U aholining kundalik turmushini tartibga solish, jamiyatda insonparvarlik, ezgulik, mehr-oqibat kabi yuksak qadriyatlarni mustahkamlashda ham muhim o‘rin tutadi. Shu bois, keyingi yillarda mamlakatimizda mahalla institutining o‘rni va nufuzini yanada oshirish, faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan 2020-yildan boshlab 22-mart sanasi Mahalla tizimi xodimlari kuni sifatida nishonlab kelinayotgani esa ushbu sohaga yuksak eʼtiborning yorqin ifodasi. Mazkur sananing aynan Navro‘z ayyomi bilan hamohang ravishda bayram qilinishida ham chuqur ramziy maʼno bor. Zero, Navro‘z yangilanish, ezgulik va birdamlik bayrami bo‘lsa, mahalla ana shu qadriyatlarni hayotga tatbiq etuvchi, odamlarni birlashtiruvchi muhim maskandir.
Xalqimiz manfaati yo‘lidagi saʼy-harakat
Hozir erishilgan natijalarni tahlil qilish va kelgusi vazifalarni belgilab olish uchun ham muhim fursat. Shu maʼnoda, bugun mahalla tizimi faoliyatining samaradorligi aniq raqamlar va amaliy natijalarda o‘z ifodasini topmoqda.
Quyida keltiriladigan raqamlar shunchaki statistika emas. Ular zamirida mahalla tizimini rivojlantirish yo‘lida yaratilayotgan keng imkoniyat va shart-sharoitlar, “yettilik”ning 8992 mahallada ishlayotgan 55 mingdan ortiq xodimi hamda qariyb 1 millionga yaqin jamoatchilik faolining masʼuliyati, yagona maqsad, yaʼni xalqimiz manfaati yo‘lidagi saʼy-harakati mujassam.
Keyingi yillarda nutqimizda “ishsizlikdan (kambag‘allikdan) xoli hudud” degan ibora tobora ko‘proq qo‘llana boshladi. Rosti, ko‘pchiligimiz avval bu kabi maqsadlarga erishishni qiyin yoki deyarli imkonsiz deb o‘ylaganmiz. Biroq “yettilik”, mahallabay ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilgach, aholi bandligini taʼminlash va kambag‘allikni qisqartirish borasidagi izchil chora-tadbirlar bu qarashlarni amalda inkor etdi. Natijada o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, 2090 mahalla ishsizlikdan, 1435 mahalla esa kambag‘allikdan xoli hududga aylandi.
Ochig‘i, bu raqamlarni aytishgina oson. Bunday o‘ylab qaralsa, ular mohiyatida minglab oilalar hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar, barqaror daromad manbaiga ega insonlar, yangi ish o‘rinlari va tadbirkorlik imkoniyatlari mujassam. Biz uchun quvonarli jihati shundaki, bu natijalar mahalla institutining aholi turmush darajasini oshirish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash va odamlarning ertangi kunga ishonchini mustahkamlashda muhim o‘rin tutayotganini yaqqol namoyon qilmoqda.
Joriy yilda mazkur yo‘nalishdagi ishlarimizni yangi, sifat jihatdan yuqori bosqichga ko‘tarish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni ishlab chiqyapmiz. Zero, Prezidentimiz kambag‘allik va ishsizlikdan xoli mahallalar sonini 3500 taga yetkazish vazifasini qatʼiy belgilab qo‘ygan. Agar biz bu vazifani uddalasak, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining eng muhim maqsadlaridan biriga munosib hissa qo‘shgan bo‘lamiz.
Tinchlik va xavfsizlik har qanday jamiyat taraqqiyotining eng muhim shartlaridan. Shu nuqtai nazardan qaraganda, jinoyatchilikning oldini olish borasida ham mahalla tizimining o‘rni beqiyos. O‘tgan yili 4388 mahallaning jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirilgani tinch-osoyishta muhitni taʼminlashda mahalla faollari, profilaktika inspektorlari va jamoatchilikning hamkorligi qanchalik muhimligini namoyon etadi. Bu esa jinoyatning oldini olish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar emas, balki butun jamoatchilikning hamjihat harakati orqali samarali taʼminlanishini ko‘rsatadi.
Bugun oila institutini mustahkamlash har qachongidan ham dolzarb va ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda. Oilaviy muammolarni o‘z vaqtida chuqur o‘rganish, ularga maqsadli va samarali yordam ko‘rsatish, psixologik va huquqiy maslahatlar berish yo‘nalishidagi ishlar to‘g‘ri tashkil etilsa, mahallada ajrashishlar sezilarli darajada kamayadi, yoshlar o‘rtasida sog‘lom oilaviy munosabatlar shakllanadi va barqaror, mustahkam oilalar soni keskin ortadi.
Ushbu jarayonda jamoatchilikning ishtiroki va masʼuliyati keskin kuchayadi, mahallada o‘zaro ishonch va hamjihatlik muhiti qaror topadi. Bu borada qilingan tizimli ishlar samarasi o‘tgan yili ham yaqqol namoyon bo‘ldi: 1670 mahallada ajrashish holatlarining oldi olingani oilalarni asrash, yoshlarni to‘g‘ri tarbiyalash borasida mahallaning ahamiyatini yana bir bor tasdiqladi.
Yana bir jihat. Mahalla, avvalo, odamlar muammosini yaqindan biladigan tizim. O‘tgan yili mahallaga kelib tushgan 4,8 milliondan ortiq murojaatning 89 foizi aynan shu yerning o‘zida hal etildi. Bu, o‘z navbatida, samarali mexanizm yo‘lga qo‘yilganini anglatadi. Joriy yilda mahallalardagi muammolarni bir vaqtning o‘zida tezkor hal etishda barcha davlat organiga masʼuliyat yuklab, ijroni 24/7 rejimda onlayn nazorat qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Hozir manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda bu tartibni joriy etish imkoniyatlari ko‘rib chiqilyapti.
Mahalla faqat maʼmuriy tuzilma emas, balki oilalarni asrash, yoshlarni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan muhim ijtimoiy-maʼnaviy maskandir. Shu bois, bu kabi natijalar jamiyatimizda sog‘lom va barqaror muhitni shakllantirishda mahallaning o‘rni va masʼuliyati qanchalik ulkan ekanini yaqqol ko‘rsatmoqda. Bu vazifa amalga oshirish mahallaning tarbiyaviy va ijtimoiy salohiyatini yanada kuchaytirishni talab etadi.
Xitoylik professor va ekspertlar eʼtirofi
Islohotlar markazida, shubhasiz, inson qadri, munosib hayot kechirishi masalasi turibdi. Ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirishda xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish va amaliyotga tatbiq qilish ham muhim.
Xitoy kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yetakchi davlatlardan. Uning tajribasini O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish uchun Fudan universiteti professori Van Syaolin hamda Pekin pedagogika universiteti professori Chjan Si bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Dastlabki bosqichda joriy yil fevralda ular ishtirokida respublika bo‘ylab “Mahalla yettiligi”ning og‘ir toifadagi 903 mahallada faoliyat yuritayotgan 6000 aʼzosi uchun onlayn o‘quv seminari tashkil etildi. Ushbu seminar nafaqat nazariy bilim berish, balki amaliyotda sinovdan o‘tgan samarali yechimlarni ommalashtirishga xizmat qildi.
Oradan ko‘p o‘tmay, mart oyida xitoylik professorlar O‘zbekistonga kelib, joylardagi holat bilan yaqindan tanishdi. Xususan, ular Sirdaryo tumanidagi “Quyosh”, Zarbdor tumanidagi “Lalmikor” va “Oqbuloq”, shuningdek, Jomboy tumanidagi “Nayman” va “Saroy” Mahalla fuqarolar yig‘inlarida bo‘lib, aholi turmush tarzi, bandlikni taʼminlash, daromad manbalarini kengaytirishga qaratilgan amaliy ishlar bilan tanishdi.
Shu bilan birga, “Mahalla yettiligi” faollari ishtirokida “Mahallada kambag‘allikni qisqartirishda Xitoy tajribasi” mavzusida o‘quv seminari o‘tkazildi. Unda ilg‘or yondashuvlar, aniq mexanizmlar va natijaga yo‘naltirilgan ish usullari muhokama qilindi. Ayniqsa, Jomboy tumanining Saroy mahallasida yashovchi A.Qurbonov xonadonida Xitoy va Janubiy Koreya texnologiyalari asosida tashkil etilgan zamonaviy issiqxona xitoylik mutaxassislarda katta qiziqish uyg‘otdi. Bu kabi amaliy tashabbuslar aholini barqaror daromad manbaiga ega qilishda muhim omil bo‘layotgani taʼkidlandi.
Ahamiyatlisi, o‘rganish va tahlillar natijasida bir muhim haqiqat yana bir karra o‘z tasdig‘ini topdi: professorlar Van Syaolin va Chjan Si qayd etganidek, O‘zbekiston qisqa vaqtda kambag‘allikni qisqartirish, aholi daromadini oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish borasida salmoqli natijalarga erishdi. Xususan, Xitoy 40 yilda bosib o‘tgan yo‘lning muayyan natijalariga O‘zbekiston so‘nggi 9 yilda erishgani eʼtirof etildi.
Bu esa mamlakatimiz mazkur yo‘nalishda o‘z yo‘li, modeli va samarali yondashuvini shakllantirib ulgurganidan dalolat beradi. Mutaxassislar fikricha, yaqin ikki yilda kambag‘al oilalar sonini keskin qisqar-tirish, hatto bu muammoni to‘liq bartaraf etish imkoniyati mavjud.
Ahillik va shukronalik ramzi
Bu yilgi Ramazon oyi har qachongidan ham saxovatga boy bo‘ldi desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Prezidentimiz tashabbusi bilan “Ramazon — mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” shiori ostida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Buning uchun “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 750 milliard so‘m hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali 300 milliard so‘m ajratildi. Ushbu mablag‘lar hisobidan ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatildi, nogironligi bor shaxslarning davolanish va jarrohlik amaliyoti xarajati qoplab berildi.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Ijtimoiy himoya milliy agentligi yordamida nogironligi bo‘lgan, yakka-yolg‘iz, boquvchisini yo‘qotgan va ijtimoiy reyestrga kiritilgan 100 ming fuqaroning manzilli ro‘yxatini shakllantirdi. Ularga davlat ko‘magi sifatida 10 milliard so‘mlik 10 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari jamlangan tuhfalar tayyorlanib, bosqichma-bosqich yetkazib berildi. Bundan tashqari, barcha mahalladagi ehtiyojmand oilalar xonadonlarida Mahalla raislari tomonidan iftorlik dasturxonlari yozildi. Ularga jami 629 mingdan ortiq nuroniy, ko‘cha (uy)boshilar, ijtimoiy daftarlar va ijtimoiy reyestrdagi fuqarolar taklif etildi.
Har bir mahalladan 5 nafardan — jami 45 mingdan ziyod kambag‘al oilaning uy-joyi hashar yo‘li bilan taʼmirlandi. Har bir mahalladan 10 nafardan — jami 100 mingga yaqin kambag‘al oilaning tomorqasiga sabzavot, poliz, kartoshka va boshqa turdagi ekinlar ekildi. Ehtiyojmand oilalardagi 20 ming kishining muqaddas qadamjolar va ziyoratgohlarga sayohati uyushtirildi. Barcha mahallada kayvoni va hoji onaxonlar ishtirokida sumalak sayillari o‘tkazilmoqda.
Shubhasiz, bu kabi ezgu ishlar mahallaning asl mohiyatini yana bir bor namoyon etadi. Chunki mahallm azaldan odamlarning issiq-sovug‘idan xabar oladigan, ehtiyojmandlarga yelkadosh bo‘ladigan eng yaqin ijtimoiy maskandir.
Obodlik ko‘ngildan boshlanadi
“Obod” so‘zi ravnaq topgan, yaxshi tartibga solingan, tinch-farovon joy degan maʼnolarni anglatadi. U tilimizga toza va chiroyli joy, infratuzilmasi yaxshi, odamlar yashashi uchun qulay, taraqqiy etgan va farovon hudud sifatida kirgan.
Aynan shuning uchun Prezidentimiz “Mahalla obod bo‘lsa — yurt obod bo‘ladi” degan iborani ko‘p taʼkidlaydi. Chunki mana shu muhim fikr zamirida xalqimiz farovonligini taʼminlash, xotirjam va munosib yashashi uchun qulay shart-sharoit yaratishdek ezgu maqsad mujassam. Mahalladagi har bir xonadon tinch-totuv, har bir ko‘cha obod bo‘lsa, butun mamlakatning taraqqiyot surʼati ham, jamiyatning kayfiyati ham shunga yarasha bo‘ladi.
Ana shu ezgu anʼanalarning davomi sifatida joriy yil 13-14 mart kunlari mamlakatimiz bo‘ylab “Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!” shiori ostida umumxalq xayriya hashari o‘tkazildi. Hashar kunlari 160 mingga yaqin ko‘cha va 57 ming gektardan ortiq hudud obodonlashtirildi. 21 milliondan ziyod daraxtga shakl berildi. 665 ta ziyoratgoh hamda 25 mingdan ortiq bolalar va sport maydonchasi tartibga keltirildi. Tozalik ishlari ham keng ko‘lamda bajarilib, 20 ming tonnadan ziyod chiqindi chiqarib tashlandi.
Hashar doirasida tomorqalar va sug‘orish tizimlarini yaxshilashga ham alohida eʼtibor qaratildi. 18 ming kilometrdan ortiq ariq va lotoklar tozalanib, yangi suv yo‘llari ochildi. Natijada 345 mingdan ziyod xonadon tomorqasida sug‘orish imkoniyatlari yaxshilandi. Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mamlakat bo‘ylab 6,8 milliondan ortiq daraxt ko‘chati ekildi. Eʼtiborlisi, ularning 1,4 milliondan ziyodi kambag‘al oilalar xonadoniga ekilib, kelgusida ular uchun qo‘shimcha daromad manbaiga aylanadi. Shu bilan birga, 850 dan ortiq yangi “yashil” bog‘ barpo etildi.
Hashar doirasida mahallalar infratuzilmasini yaxshilash ishlari ham bajarildi. 199 kilometr yo‘l asfaltlandi, 690 kilometr yo‘lga shag‘al to‘shaldi. Elektr taʼminotini yaxshilash uchun 590 ta transformator taʼmirlandi, minglab ustunlar yangilandi va 7000 dan ortiq tungi yoritqich o‘rnatildi. Shuningdek, hashar kunlari 568 ta ijtimoiy va maishiy obyekt foydalanishga topshirilib, 1387 ta yangi ish o‘rni ochildi. Muhimi, bu tadbirlarda 17 milliondan ortiq fuqaro, jumladan, 9 milliondan ziyod yoshlar faol ishtirok etdi. Bu esa yosh avlodning yurt taqdiriga befarq emasligi, ular obod Vatan barpo etish g‘oyasiga sidqidildan hissa qo‘shayotganini ko‘rsatadi.
Obodlik faqat ko‘cha-ko‘ylarni tozalash yoki infratuzilmani yaxshilash bilan emas, avvalo, insonning ko‘ngli, niyati va jamoaviy masʼuliyatidan boshlanadi. Shu maʼnoda, har bir mahalla obod bo‘lsa, yurtimizning taraqqiyoti va farovonligi yanada mustahkamlanadi.
Har qachongidan ham zalvorli
Hozir mahalla tizimi zimmasiga yuklangan vazifalar har qachongidan ham ulkan va masʼuliyatlidir. 2026-yilning mamlakatimizda Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili deb eʼlon qilingani ham yuqoridagi fikrimizni tasdiqlaydi.
Bu borada, avvalo, mahallalarda aholini band qilish va kambag‘allikni qisqartirish ishlarini yanada tizimli tashkil etish, har bir oilaning daromad manbaiga ega bo‘lishiga amaliy ko‘mak berish ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi. Yoshlar bandligini taʼminlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish va zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish orqali mahallalarda barqaror iqtisodiy muhitni shakllantirish ham muhim.
Shuningdek, “yettilik” aʼzolari bilan birgalikda mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish, oila institutini mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida ulg‘aytirishda tarbiyaviy va profilaktika ishlarini yanada kuchaytiramiz. Ayniqsa, ajralishlarning oldini olish, mustahkam va barqaror oilalarni shakllantirish mahalla faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi. Bundan tashqari, aholi murojaatlarini hal etishda mahallalarning imkoniyatini yanada kengaytirish, xonadonbay ishlash tamoyilini chuqur joriy qilish hamda muammolarni tezkor hal etish bo‘yicha raqamli mexanizmlarni amaliyotga tatbiq etish dolzarb vazifalardan.
Eng muhimi, mahalla faoliyatida jamoatchilik ishtirokini kengaytirish, faol fuqarolar, nuroniylar va yoshlarni mahalla hayotiga jalb etish orqali jamiyatda hamjihatlik va birdamlik muhitini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratishimiz zarur. Zero, mahalla rivojlansa, jamiyat mustahkamlanadi, mahalla obod bo‘lsa, yurt obod bo‘ladi. Shu maʼnoda, 22-martni nafaqat mahalla tizimi xodimlari kuni, balki ezgu qadriyatlarning tantanasi sifatida nishonlash har birimiz uchun yuksak sharafdir.
Qahramon QURONBOYEV,
O‘zbekiston mahallalari
uyushmasi raisi, siyosiy fanlar doktori, professor
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2026-yil 22-mart sonidan olindi