Samodagi Samarqand


689     24.03.2026

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning viloyatimizga tashrifidan keyingi o‘ylar

Samodagi Samarqand... Ha, men uch ming yillik tarixga ega bu shaharni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev samoga ko‘targaniga, yuksaltirganiga, unga qaytadan umr bag‘ishlaganiga guvoh bo‘lganim uchun shunday taʼriflayapman. Davlatimiz rahbarining viloyatimizga har bir tashrifi zamirida juda katta orzularni, tarixiy armonlarni ko‘raman. Bu orzular Samarqandning buguni va ertasida aks etmoqda, bundan salkam 25 yil muqaddam ko‘ngildan o‘tkazilgan, lekin amalga oshirishning imkoni bo‘lmagan ishlarning ijobati sifatida namoyon bo‘layotir.

Men Samarqandga rahbar bo‘lgan insonlarning kamida 50 yillik faoliyatini tahlil qila olaman. Ularning xizmatlarini kamsitmagan holda, aytamanki, biror-bir rahbar Samarqandni Shavkat Mirziyoyev darajasida yaxshi ko‘rganini, qadrlaganini, obod qilganini, Samarqandning mamlakatimiz va dunyo tarixida tutgan o‘rnini, mavqeini joyiga qo‘yganini, tarixiy adolatni tiklaganini bilmayman.

Bu safargi tashrif ham Samarqand uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi.

Qaysi birini aytay? Samarqanddan Narpaygacha harakatlanib borgan “Jaloliddin Manguberdi” poyezdinimi? Yoki o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rgan Narpaydagi moʻjizalarnimi? Bir paytlar paxta yetishtirishdan, xomashyo topshirishdan nariga o‘tolmagan qishloq, tumanlarimizning yangicha qiyofasinimi? Tilim lol.

Prezidentimiz o‘n yil qishloq tumanlarini sanoatlashtirish siyosatini olib bordi. Bunday jarayon mustabid tuzum yillarida ham, mustaqilligimizning yigirma besh yilida ham xayolimizga kelmagan, tushimizga kirmagan edi.

Bir paytlar nomiga ochilgan qo‘shma korxonalarni, ishlamay yotgan zavod-fabrikalarni ham ko‘rganmiz. Lekin bugungi sanoatlashtirish, tub mohiyatiga qaralganda, butunlay boshqacha — zamonaviy. U jahon bozorida talab eng yuqori bo‘lgan mahsulotlarni o‘z ichiga oladi. Bu sanoat korxonalari tumanlar iqtisodiyotida tub burilish yasaydi. Odamlar taqdirini o‘zgartiradi, hayot sifatini oshiradi. Kerak bo‘lsa, o‘sha tuman, qishloq nomini, brendini butun dunyoga namoyish qiladi. Minglab ish o‘rinlari yaratiladi. Minglab oilalar turmush darajasini ko‘taradi. Qishloq infratuzilmasini yaxshilaydi.

Prezidentimiz anglayotgan haqiqatlarni tushunadigan, qadrlaydigan, muhimligini his etadi-gan avlod kamolga yetmoqda. Orzuimizdagi mamlakatni quradigan yoshlar ulg‘aymoqda. Davlatimiz rahbari Samarqanddagi Yoshlar kreativ parki bilan tanishganda quyidagi fikrni alohida taʼkidladi: “Yangi O‘zbekistonda yuqori texnologiyali ishlab chiqarish kor-xonalarini barpo etyapmiz, yuqori daromadli ish joylari ochilyapti. Biz buni sizlarga — bilimli yoshlarga ishonib qilyapmiz. Buning uchun har dakiqangiz kelajagingiz uchun xizmat qilsin, do‘stingiz kitob bo‘lsin. Biror bilimni chuqur egallash va to‘g‘ri yo‘lni topish uchun insonga diqqat, sabr-toqat, ishtiyoq kerak. Mana shu ishtiyoqingiz so‘nmasin. Sizlar berayotgan takliflar bizning islohotlarimiz g‘oyasiga mos, men har qanday taklif va tashabbuslaringizni qo‘llab-quvvatlashga tayyorman”.

Prezidentimiz Samarqandning nafaqat iqtisodiyoti, balki maʼrifatini yuksaltirish yo‘lida ham aniq rejalarga ega. Xususan, hududni aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha olimpiada, forum hamda ilmiy konferensiyalar o‘tkaziladigan xalqaro xabga aylantirish g‘oyasi meni juda quvontirdi. Qalbimda faxr-iftixor tuyg‘ularini uyg‘otdi. Bugun Samarqandga Mirzo Ulug‘bek davri ilm-ziyosi qaytganidan, maʼrifati uyg‘onganidan boshim osmonga yetdi.

Prezidentimiz ishsizlik va kambag‘allik borasida ham juda muhim fikrlarni ilgari surdi. Nazarimda, shu ulug‘ ayyom kunlarida aytilgan takliflar, fikrlar ijobat bo‘ladi. Samarqand misolida, Prezidentimiz belgilab berganidek, kambag‘allikka qarshi bemalol sanoat va bilim bilan kurashsa bo‘ladi. Bugun bunga barcha imkoniyat va asoslar bor.

Mustaqillikning dastlabki 25 yilida hayot bundanda og‘ir bo‘lgan. Aholining turmush darajasi past edi. Lekin o‘shanda ham hech kim kambag‘allar muammosi haqida o‘ylagani yo‘q. Ularning borligini hammamiz bilardik. Lekin rasmiy doiralarda na aytilardi, na tan olinardi. Endi Prezidentimiz tashabbusi bilan ham aytilyapti, ham tugatish yuzasidan juda muhim loyihalar amalga oshirilmoqda.

Kimlar uchundir osondek tuyulgan bunday murakkab masalani bartaraf etishning o‘zi bo‘lmaydi. Bugungi kunda O‘zbekistonda, avvalo, boqimandalikni odamlar ongu tafakkuridan chiqarib tashlash, kambag‘allikni meros qoldirmaslik, avloddan-avlodga o‘tkazmaslik uchun juda katta ishlar olib borilmoqda.

Bu haqiqatni, hatto xalqaro ekspertlar ham tan olmoqda. Prezident Samarqandda ham bu haqda to‘xtaldi. Aniq reja va chora-tadbirlar belgilanganini eʼlon qildi. Viloyatda 100 ming aholini doimiy ish bilan taʼminlash, 31 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish va viloyatni ishsizlik hamda kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish shart va zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Bu maqsadlar uchun mablag‘ ajratildi. Mutasaddilarga tegishi topshiriqlar berildi.

Nazarimda, 2026 yil 18-19 mart kunlari Samarqand tarixiga oltin harflar bilan yoziladigan sanalar bo‘lib qoladi. Chunki Prezidenti-miz tashrifi davomida turizm bo‘ladimi, iqtisodiyotmi, investitsiyami, qishloq xo‘jaligimi — barcha-barcha masalalar tahlil qilinib, ular bo‘yicha vazifalar, rejalar belgilab olindi.

Samarqand islom dini tarixida, taraqqiyotida alohida o‘rin tutadigan hudud hisoblanadi. Tashrif davomida Prezidentimiz Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi. Mazkur majmuada davlatimiz rahbari tashabbusi asosida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlariga barchamiz guvohmiz. Bugun majmua nafaqat Samarqandimiz yoki mamlakatimiz, balki butun islom olamining diqqat markazida bo‘lib turibdi.

Imom Buxoriy majmuasining ochilish marosimida Prezidentimiz aytgan so‘zlar qalbimizni faxr-iftixorga to‘ldirdi: “Muborak Ramazon hayiti arafasida buyuk vatandoshimiz, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy hazratlarining ruhi poklariga yana bir bor hurmat-ehtirom bajo keltirmoqdamiz. Buxoriy bobomiz Qurʼoni karimdan keyingi eng mo‘tabar manba bo‘lgan hadislar kitobini yaratib, butun islom olamida shuhrat qozongan ulug‘ siymodir. Muqaddas zaminimiz dunyoga mana shunday mashhur allomani bergani bilan har qancha faxrlansak, arziydi. El-yurtimizning fidokorona mehnati bilan bugun orzu-niyatlarimiz ro‘yobga chiqdi. Bu betakror ziyoratgohni Imom Buxoriy bobomizning olamshumul mavqeiga, yuksak maqomiga munosib darajada bunyod etishga muyassar bo‘ldik. Mana shunday tabarruk maskan barchamizga muborak bo‘lsin!"

Vaqtlar o‘tadi, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilgan ishlarga tarix ham o‘z bahosini beradi.

Maqolamizni “Samodagi samarqand” deb nomlaganimiz bejiz emas. Davlatimiz rahbari tashrifidan, eʼtiboridan, mehridan samarqandliklarning boshi osmonga yetdi. Bugun ko‘hna Samarqand uchun yuksalishning yangi davri boshlandi. Biz ham buyuk ajdodlarimiz kabi ko‘zimizni yuksaklarga, samolarga, buyuk manzillarga tikkanmiz.

 

Rustam XOLMURODOV,
Samarqand davlat universiteti rektori,
O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi,
Oliy Majlis Senati aʼzosi.
“Xalq so‘zi” gazetasining 2026-yil 20-mart sonidan olindi