Buyuk ajdodlar zakosiga ehtirom


592     25.03.2026

Majmua hududidagi muhtasham masjid, milliy uslubdagi ayvonlar, ko‘rkam gumbaz va minoralar yurtimiz meʼmoriy anʼanalari hamda zamonaviy bunyodkorlik imkoniyatlarining yorqin ifodasi bo‘lib turibdi. Shuningdek, bu yerda yaratilgan turizm infratuzilmasi, mehmonxonalar va xizmat ko‘rsatish obyektlari ziyoratchilar uchun yana-da qulay sharoitlarni taʼminladi.

Eng muhimi, ilgari bir kunda 12 ming nafar ziyoratchiga xizmat ko‘rsatgan majmua bugun 65 ming nafargacha mehmonni qabul qilish sharoitiga ega bo‘ldi. Bu raqamlar ortida faqat qurilish yoki infratuzilma emas, balki inson qadri, qulaylik, eʼtibor va ehtirom kabi yuksak tamoyillar mujassam. Zero, bugungi islohotlarda inson manfaati hamda maʼnaviy ehtiyojlarini taʼminlash ustuvor o‘rin tutmoqda.

Majmua tarkibida 9 ta pavilyondan iborat innovatsion muzeyning tashkil etilgani alohida eʼtirofga loyiq. Unda Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, islom maʼrifati taraqqiyoti, 25 nafar payg‘ambarning tarixi, Rasululloh alayhissalomning hayot yo‘llari hamda hadislarning jamlanish jarayonlari zamonaviy axborot texnologiyalari orqali namoyish etilayotgani bu dargohning maʼrifiy qiymatini yanada oshiradi.

Imom Buxoriy hazratlari qoldirgan bebaho meros asrlar davomida butun musulmon olami uchun ishonchli manba bo‘lib kelgan. Xususan, u zotning “Sahihi Buxoriy” asari eng moʻtabar olti hadis to‘plami qatorida eʼtirof etiladi. Ulug‘ alloma nomi bilan bog‘liq maskanning bu qadar ulug‘vor shaklda qayta barpo qilingani xalqimizning o‘z tarixi va buyuk ajdodlariga chuqur ehtiromini ko‘rsatadi.

Ayni paytda mazkur majmua yosh avlod uchun ham ulkan ibrat maktabidir. Chunki bu yerda nafaqat is-lom dinining, balki insoniylikning asl mohiyati — ilm, odob, halollik, sabr, bag‘rikenglik va insonparvarlik g‘oyalari mujassam.

Prezidentimizning Imom Buxoriy majmuasiga qaratayotgan doimiy eʼtibori ushbu dargohga davlat miqyosidagi yuksak munosabatni anglatadi. Bu eʼtibor natijasida Samarqandda nafaqat yangi bir meʼmoriy obida, balki Yangi O‘zbekistonning maʼnaviy yuzi, islom sivilizatsiyasiga hurmati va kelajakka qaratilgan ezgu qarashlari ifodasi bo‘lgan qutlug‘ Maskan vujudga keldi.

Shubhasiz, bu qadamjo yurtimizga tashrif buyurayotgan minglab insonlar uchun tabarruk ziyoratgoh, yoshlar uchun ibrat dargohi, xalqimizga esa faxr va iftixor manbai bo‘lib xizmat qiladi.

 

Zumrad BEKATOVA,
Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi aʼzosi.
“Xalq so‘zi” gazetasining 2026-yil 24-mart sonidan olindi