562 26.03.2026
Sirdaryo tumanidagi “Kamolot” va “Bunyodkor” mahallalari “yettiligi” bilan uchrashgan Sherzod Qulmatov yoshlar bandligi, jinoyatchilik, tadbirkorlik bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildi. Shuningdek, “Bunyodkor” mahallasi aholisi eʼtiroziga sabab bo‘layotgan ichimlik suvi muammosini o‘rgandi. Gap shundaki, yaqinda foydalanishga topshirilgan suv inshootidan aholiga berilayotgan ichimlik suvi sifati talab darajasida emas. Deputat viloyat “Suvoqova” rahbariyatini bezovta qildi va ular yaqin kunlarda bu masalani hal qilishga vaʼda berdi.
Sherzod Qulmatov 39-sonli maktab hamda 10-sonli bog‘chada ham bo‘lib, o‘quvchi va tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Maʼlum bo‘lishicha, maktab qo‘shimcha binoga, bog‘chaning esa yozgi ayvonchalari tomi taʼmirga muhtoj. Maʼmuriyat zora Toshkentdan kelgan deputatning yordami bilan bu masalalar tezda hal bo‘lsa, degan umidda.