147 18.09.2024
Partiyaning Surxondaryo, Namangan, Qashqadaryo, Jizzax viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashlari tomonidan o‘tkazilgan o‘quv-seminarlarda partiyadan mahalliy Kengashlarga ko‘rsatilgan nomzodlarning saylov jarayoni bilan bog‘liq bilim va ko‘nikmalari oshirildi.
O‘quvlarda Markaziy kengash vakillari, fraksiya aʼzolari hamda soha mutaxassislari tomonidan saylov qonunchiligi, partiyaning o‘tgan yillardagi faoliyati, yangi Saylovoldi dasturi bo‘yicha maʼruzalar o‘qildi. O‘zaro tajriba almashildi.
Jizzax shahridagi o‘quvda ishtirok etgan Markaziy kengash raisi o‘rinbosari Bahodir Mamatxonov bugungi o‘zgarishlar haqida gapirib, Yangi O‘zbekiston islohotlari xalqimizning siyosiy tafakkuri, qarashlarini ham butkul o‘zgartirganini taʼkidladi.
– 27-oktyabrga belgilangan saylovlar avvalgilariga nisbatan kuchli raqobat muhitida o‘tishini eʼtiborga olsak, nomzodlarga oson bo‘lmaydi. Lekin barcha nomzodlarimiz muvaffaqiyat qozonishi kerak, – dedi Markaziy kengash raisi o‘rinbosari.
Termiz shahridagi Viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlar birlashmasida bo‘lib o‘tgan o‘quvda ishtirok etgan Markaziy kengash raisi o‘rinbosari Mirodil Abdurahmonov esa partiyaning 2025-2029 – yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturi haqida gapirib, mamlakatimizdagi yangi o‘zgarishlar joylarda aholi manfaatini har narsadan ustun qo‘ya oladigan mahalliy Kengash deputatlariga bo‘lgan talabni kuchaytirayotgani, bu jamiyatda kuchli partiyalarga nisbatan ehtiyojni ham orttirayotganini taʼkidladi.
– Kuchli partiyalarni esa shubhasiz, kuchli deputatlar va albatta, partiyalarning maʼlum bir muddatlarga mo‘ljallangan kuchli saylovoldi dasturini shakllantiradi, – dedi Mirodil Abdurahmonov.
460 nafar deputatlikka nomzodlar ishtirokida Qarshi shahridagi Maʼnaviyat maskanida bo‘lib o‘tgan o‘quvda Markaziy kengash raisi o‘rinbosari Feruza Muhammedjanova so‘zga chiqib, bugun jamiyatimizning eng og‘riqli muammosiga aylangan oilaviy ajrimlar haqida gapirdi.
– Partiyamiz uchun oila qadriyatlar beshigi, vatan ichra vatandir. Yangi saylovoldi dasturimizda oila, ayollar va yoshlar masalalari alohida yo‘nalish sifatida belgilangani ham shundan. Erta nikohning oldini olish, voyaga yetmagan qizlarni unashtirish yoki “og‘iz solish” bilan bog‘liq salbiy udumlarning oldini olishga qaratilgan taklifimiz esa aynan oilaviy ajrimlar bilan bog‘liq. Qashqadaryo viloyatida esa bunday udumlar “qadriyat” darajasiga ko‘tarilgan, – dedi Feruza Muhammedjanova.