Imom Buxoriy majmuasi tarixiy meros va maʼnaviy qudratimiz ramzi


730     27.03.2026

Imom Buxoriy majmuasidagi yangilanishlarni oddiy qurilish yoki obodonlashtirish sifatida talqin qilish xato bo‘ladi. Bu — davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari o‘zgargani, tarixiy merosga munosabat yangi bosqichga ko‘tarilganining amaliy ifodasi.

Avvalgi holatga nazar tashlasak, mazkur qadamjo ko‘proq ramziy ahamiyat kasb etar, ziyoratchilar oqimi esa uning haqiqiy salohiyatiga nisbatan cheklangan edi. Bu yerdagi asosiy muammo infratuzilma zaifligi, tizimli yondashuv yo‘qligi va ziyoratgohning xalqaro darajada targ‘ib etilmagani bilan bog‘liq. Yaʼni maʼnaviy boylik bor, lekin uni dunyoga namoyon qilish mexanizmi yetarli emasdi.

Yangi bosqichda esa yondashuv tubdan o‘zgardi. Endi bu joy faqat ziyoratgoh emas, balki kompleks tizim sifatida shakllan-tirildi. Bu o‘zgarishlar nimaning hisobidan amalga oshirildi degan savolga javob aniq: davlat rahbari darajasida aniq strategiya belgilab olindi va uni amalga oshirish uchun resurslar, tashkilotchilik va siyosiy iroda safarbar etildi. Bu jarayon bevosita Prezidentimiz tashabbusi bilan bog‘liq ekani ham muhim. Chunki bunday loyihalarda shaxsiy siyosiy eʼtibor hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Eng katta o‘zgarishlardan biri ziyorat turizmini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish drayveriga aylantirishdir.

Ilgari ziyoratchilar kelib-ketadigan joy endi ularni qabul qilish, joylashtirish, xizmat ko‘rsatish va ular orqali iqtisodiy faollik yaratish markaziga aylanmoqda. Bu esa mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rinlari, tadbirkorlik imkoniyatlari va xizmatlar bozorining kengayishini anglatadi. Demak, maʼnaviy meros iqtisodiy resursga aylanmoqda.

Masalaning yana bir muhim jihati bor: mazmun. Yaʼni ziyoratgoh faqat tashqi ko‘rinish yoki qulayliklar bilan cheklanib qolmayapti. Bu yerda Imom Buxoriy merosini zamonaviy formatda tushuntirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ilgari bu kabi bilimlar asosan kitob va anʼanaviy darslar orqali yetkazilgan bo‘lsa, endi innovatsion usullar, vizual va interaktiv yondashuvlar orqali keng ommaga taqdim etilmoqda. Bu, ayniqsa, yoshlar uchun muhim. Chunki ular axborotni boshqacha qabul qiladi.

Shu nuqtai nazardan, bu loyiha yana bir strategik vazifani bajaradi: dinni to‘g‘ri anglash muhitini shakllantirish.

Hozirgi global sharoitda — turli radikal g‘oyalar tarqalayotgan bir paytda asl manbalarga asoslangan, ilmiy va moʻtadil islomni targ‘ib qilish davlat xavfsizligi va jamiyat barqarorligi uchun ham muhim omilga aylanadi.

Kelajakda nimalar kutilyapti? Agar mazkur yo‘nalish izchil davom ettirilsa, bu maskan nafaqat ziyorat markazi, balki xalqaro ilmiy va maʼrifiy platformaga aylanishi mumkin. Bu yerda konferensiyalar, tadqiqotlar, diniy muloqotlar o‘tkazilishi orqali O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazlaridan biri sifatida yanada mustahkam o‘rin egallaydi.

Bugungi o‘zgarishlar faqat bir hudud taqdiri bilan cheklanmaydi. Ular orqali Yangi O‘zbekiston g‘oyasi, yaʼni tarixiy merosga tayangan holda zamonaviy, ochiq va raqobatbardosh jamiyat qurish konsepsiyasi amalda namoyon bo‘lmoqda. Bu esa nafaqat bugun, balki kelajak avlodlar uchun ham mustahkam maʼnaviy va iqtisodiy poydevor yaratishni anglatadi.

 

Qobiljon TURSUNOV,
Oliy Majlis Senati aʼzosi
“Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2026-yil 24-mart sonidan olindi