Yangi O‘zbekiston ruhi Vashingtondan Termizgacha


767     27.03.2026

Fevralning ikkinchi yarmida umummilliy va ellararo darajada yuz bergan voqealar tahlili tarixan davlatchilik anʼanalarimizga xos bir haqiqat o‘z kuchini yaqqol ko‘rsata boshlaganini tasdiqladi. U ham bo‘lsa, o‘zbek davlati — Turonda yuz beradigan har qanday siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy yuksalish ertami-kechmi, avvalo, yon-atrofni, so‘ng butun dunyoni qamrab olishi qoidasidir. Unga oid dalillar davlatimizning 3000 yillik bisotida yetarlicha topiladi. Biroq ular orasida eng yorqini va ko‘lamlisi, albatta, el-yurtimizga Amir Temur bosh-qosh bo‘lgan pallaga to‘g‘ri keladi.

Dunyoni mo‘g‘ullarning 150 yillik iskanjasidan ozod etgan Sohibqiron 20 yil deganda Turonni birlashtirish, 35 yilda Samarqandni jahonning siyosiy, iqtisodiy va ilmiy-madaniy markaziga aylan-tirishga erishdi. O‘rtayer dengizidan Xitoy devori, Moskvadan Dehligacha yastangan ulkan kenglikni qamrab olgan ulug‘ saltanatda keyingi yuz yilda kechgan va temuriylar oltin asri — Ikkinchi Uyg‘onish davri o‘laroq tan olinadigan milliy va umumjahon yuksalishi poydevorini ham Amir Temur qo‘ygani tarixiy haqiqat.

Shohrux Buyuk temuriylar saltanati birligini saqlash, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, jumladan, ilmiy-madaniy yuksalishni uddalagan ulug‘ shaxsdir. Amir Temurning nabirasi Abusaid esa bobosi merosini tiklashga qattiq uringan va shu yo‘lda qurbon bo‘lgan jafokash hukmdordir. Shundan keyin 550 yil ichida biz Sohibqiron davrida erishilgan marralar va maqomimizni qo‘ldan boy berdik.

Tahlilni aynan tarixiy chekinishdan boshlaganimiz bejiz emas. Bundan maqsad o‘tmishdagi buyukligimizda ham emas. Muddaomiz bitta: o‘t-mishdagi xatolarimizni takrorlamaslik, hozirgi turish-turmushimizda kechayotgan tarixiy o‘zgarishlar, yangilanishlar, qo‘lga kiritilayotgan marralar, yutuqlar va qilinajak ishlar ahamiyatini anglash, yetib kelganimiz — shunday kunlarni qadrlash, o‘z kuchimizga ishonish, birgalikda o‘ylash va xulosalarga undashdir.

Bugun AQSH deganda, 42,5 million kvadrat kilometr maydonga ega, aholisi 1 milliarddan ortiq qitʼani emas, balki shu yil yozda 250 yilligini nishonlaydigan mamlakat tushunilishi, mazkur holat ushbu davlatning siyosiy, harbiy, iqtisodiy va ilmiy-texnologik kuch-qudrati bilan bog‘liqligi ham bor gap. Biroq biz — o‘zbeklar uchun “yangi dunyo” ko‘p ham yangilik emas.

Yevropaliklar uni 15-yuzyillik so‘ngida kashf etgan bo‘lsa, okean ortida quruqlik borligini biz 1030-yildayoq bilganmiz. O‘zbekning eng ulug‘laridan sanalmish Abu Rayhon Beruniyning “Yerning odamlar yashaydigan qismini bunday tasavvur qil: shu qism Yerning shimoliy yarmida bo‘lib, bu esa yarmining yarmini tashkil etadi. Demak, Yerning to‘rtdan bir qismida odamlar yashaydi. Shu qismni muhit (okean) deb ataladigan dengiz G‘arb va Sharq tomondan o‘rab turadi... Bu dengiz Yerning shu qismi bilan o‘zining narigi tomonida bo‘lishi mumkin bo‘lgan quruq-lik yoki odamlar yashaydigan qitʼa orasini G‘arb va Sharq tomonlaridan ajratib turadi”, degan xulosa-sining ham ilmiy, ham amaliy mohiyatini tushungan tushunadi, tushunmagan esa yo‘q!

Tushunganlar “Kimki bizning kuch-qudratimizga shubha qilgudek bo‘lsa, biz qurgan imoratlarga boqsin” degan taʼkid shunchaki inshootlar salobati va bejirimligi bilan emas, balki millatimizga xos bunyodkorlik va bilimdonlik omili bilan bog‘liqligini doim anglab yetgan. Anglab yetganlar esa, masalan, o‘t-gan asrning 60-yillarida, mustamlakachilar qilichini qayrab turganiga qaramay, “Kolumbda bor alamim manim, O‘zbekiston Vatanim manim”, deya hayqira olgan. Mazkur haqqoniy bitiklar egasi, ulug‘ shoirimiz Abdulla Oripov tirik bo‘lganida edi, oltmish yillik armoniyu Abu Rayhon Beruniyning 1000 yillik bashorati ushalayotgan, yangi O‘zbekiston haqida bir-biridan go‘zal va asosli sheʼrlar bitgan bo‘lardi!..

AQSH Prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan tuzilgan “Tinchlik kengashi” bo‘yicha fikr va baholar bir xil bo‘lmaganidan yaxshi xabardormiz. Buning sabablariyu bahonalarini chamalashga aqlimiz ham yetadi. Biroq mazkur kengashning ilk yig‘ilishiga har kim ham chorlanmagani va chorlanganlardan har kim ham o‘z so‘zini aytishga jurʼat qilolmagani aniq.

Shu maʼnoda, Prezidentimizning Vashingtonga tashrifi ham tarixiy, ham zamonaviy jihatlarga ko‘ra tasodifan yuz bergan voqea emas, balki so‘nggi to‘qqiz yilda dunyo siyosiy, iqtisodiy va madaniy borlig‘ining eng keksa o‘choqlaridan birida kechayotgan sifat o‘zgarishlari, ularning yaqin-uzoqlardagi kengliklar va xalqaro tuzilmalarga kuchli taʼsirini tan olish hamda ushbu kuch bilan o‘z vaqtida izchil hamkorlikni yo‘lga qo‘yish natijasidir desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Qolaversa, Donald Trampning o‘zi ushbu taʼkidimizni tasdiqlab berdi: “Prezident Mirziyoyev mening do‘stim. U o‘z yurtini jadal rivojlantirmoqda, u har qanday muammoni hal qiladigan inson!”.

Bugun butun olam siyosiy, harbiy, iqtisodiy turish-turmushining diqqat markazida turgan shaxsning bunday eʼtirofi shunchaki emasligi ayon, albatta. Chunki u siyosiy, iqtisodiy zo‘ravonlik, ijtimoiy nochorlik girdobidan qutula olmagan o‘zbek jamiyatiga erkin-lik bergan, yurtdoshlaridagi ichki qo‘rquvni yo‘qotgan, xalqini 150 yillik paxta qulligidan qutqargan, demokratiya, inson huquqlari, bozor iqtisodiyoti, ijtimoiy davlatchilikka asoslangan butunlay yangicha tizim poydevorini yarata olgan, asrlar ichra yig‘ilib kelayotgan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy chigallarni yechishga erishgan, o‘z el-yurti uchun qayg‘urayotgan milliy yetakchi Shavkat Mirziyoyev ekanini juda yaxshi biladi!

Shuningdek, Birinchi va Ikkinchi Uyg‘onish beshigi bo‘lgan, biroq yuz yil burun mustamlakachilar parchalab-maydalab tashlagan tarixiy Turon — endigi Markaziy Osiyoni urush-talash yoqasidan qaytarib, birlashtirish va mintaqaviy taraqqiyot iziga solib yuborishni 1,5 yil, ushbu jarayonga Ozarbayjonning ham qo‘shilishini 9 yilda uddalagan shaxs O‘zbekiston Prezidenti ekanini ham juda yaxshi biladi!

Nomi boru, zarbi yo‘q Turkiy kengashning Turkiy davlatlar tashkilotiga aylanishida hal qiluvchi kuch bo‘lgan, turkiy dunyoning birlashtirish imkonini yaratgan yetakchi aynan Shavkat Mirziyoyev ekanini ham juda yaxshi anglaydi!

2025-yil fevralida davlatimiz rahbarining islom olamining sharqiy chekkasida joylashgan Malayziyaga har tomonlama unumli tashrifi 2017-yil mayda Saudiya Arabistoniga rasmiy safaridan keyingi sakkiz yillik jarayon — yangi O‘zbekistonning musulmon dunyosidagi azaliy o‘rnini tiklashga o‘ziga xos birlamchi yakun yasagani, Shavkat Mirziyoyev g‘oyasiga ko‘ra Toshkentda qad ko‘targan Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda barpo etilgan Imom Buxoriy majmuasining tez orada jahon musulmonlarining moʻtabar ziyoratgohlaridan biriga aylanishini qamrab olgan kechmishning ertasi qanday tus olishiga oid tahlillarni u juda yaxshi biladi!

Sovet qo‘shini bostirib kirgandan o‘tgan qirq yilda jilovini hech kimga bermagan afg‘on davlati bilan muomala tilini topa olgan, transafg‘on temir yo‘lini xomxayoldan voqelikka aylantirgan, Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Yevropa bilan bir maromli va o‘zaro foydali siyosiy-iqtisodiy hamkorlikni o‘rnatgan, o‘zbek davlati manfaatlari Janubiy Amerikagacha yetib borishini bildirib qo‘ygan ham O‘zbekiston rahbari ekanini u juda yaxshi biladi!

Qisqasi, AQSH Prezidenti Vashingtonga Tinchlik kengashi aʼzolaridan biri emas, balki ham o‘z yurti, ham keng ko‘lamli xalqaro munosabatlarda salmoqli natijalarga erishib bo‘lgan atoqli arbob — Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurayotganini juda yaxshi anglagan!

Kengashning ilk yig‘ilishi O‘zbekiston yetakchisining mazkur ustunlik va fazilatlarini yana bir marta tasdiqlab berganini butun dunyo ko‘rdi, siyosatchilar esida qoldi, tahlilchilar va ommaviy axborot vositalari eʼtibordan qochirmadi. Nufuzli tadbirdagi rasmiy chiqishlarni birma-bir ko‘zdan kechirar ekanmiz, ularning ko‘pi mezbonga mulozamatdan iborat umumiy yo‘sinda bo‘lgani holda O‘zbekiston Prezidenti o‘z ish uslubiga sodiq qolib, butun diqqatni muammo va yechimiga qaratdi. Jumladan: “Birinchidan, kengash ishi G‘azo mintaqasini iqtisodiy va ijtimoiy qayta tiklash uchun qulay sharoit yaratishga imkon berishi kerak. Ikkinchidan, G‘azoning har qanday tashqi boshqaruv mexanizmi sektor aholisining so‘zsiz ichki qo‘llab-quvvatlashiga tayanishi lozim. Uchinchidan, barcha saʼy-harakatlar G‘azoni tez fursatda qayta tiklash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qilishi kerak. To‘rtinchidan, “Biz Yangi G‘azoni — iqtisodiyoti farovon, aholi uchun munosib turmush sharoitlariga ega bo‘lgan mintaqani barpo etish uchun ushbu tarixiy imkoniyatdan foydalanishimiz zarur”, dedi.

O‘zbekiston ushbu hududda turar joylar, bolalar bog‘chalari, maktab va kasalxonalar barpo etishga imkon qadar hissa qo‘shishga tayyorligi borasidagi taʼkidi esa davlatimiz rahbarining xoh o‘z yurtida bo‘lsin, xoh chet elda, muammo bor yerga quruq qo‘l bilan emas, aniq mablag‘ va loyihalar bilan borishdek ish uslubini yana bir bor namoyon etdi.

Vashington O‘zbekiston rahbarining muammolar hal etiluviga qaratilgan yana bir yondashuviga shaxsan guvoh bo‘lganiga urg‘u bermas-lik mumkin emas. U ham bo‘lsa, chigal yechimini joyidayoq taʼminlash! AQSHdagi yirik bank, ishlab chiqarish, sarmoya tuzilmalari yetakchilari hukumatimiz aʼzolari, hokimlarimiz ishtirokida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bunga shaxsan guvoh bo‘ldi. Ular Prezidentimizning O‘zbekiston — AQSH hamkorligi ishonchli, qoidalari aniq-ravshan, uzoq muddatli bo‘lishi mantig‘iga asoslanishi borasidagi taʼkidini juda yaxshi tushundi deb o‘ylaymiz.

Boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas. Davlatimiz rahbarining ish uslubi shunday! Aks holda, 12 soatdan ortiq vaqtda 10,5 ming kilometr yo‘l bosib, okean ortidan qaytilgan kuniyoq Qoraqalpog‘istonning bugungi ahvoli tahlili va ertangi rivoji bilan bog‘liq keng qamrovli masala bilan shug‘ullanmagan bo‘lardi. Shu maʼnoda, 1997-yildan 2016-yilgacha o‘tkazilgan, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining yarim va bir yillik yakunlariga bag‘ishlangan deyarli barcha yig‘ilish guvohi sifatida bir narsa esga tushadi. Har qanday milliy iqtisodiyotning tirikligi sanalgan pul-kredit sohasidagi vaziyat bo‘yicha har gal fikr bildiradigan Markaziy bank raisi “Hammasi yaxshi, faqat Shumanay tumanida ayrim kichik muammolar bor”, deb qo‘yardi. Boshqa iloji ham yo‘q edi. Butun yurt u yoqda tursin, biror hudud, aytaylik, Qoraqalpog‘istondagi ayanchli ahvol, masalan, Mo‘ynoqning qismati haqida so‘z ochish mumkin emasdi...

Bugun barchasini ochiq aytsa bo‘ladi. Aytishgina emas, uzoq vaqtlardan buyon yechimini kutib yotgan muammolarni hal qilish imkoni bor! Bo‘lganda ham o‘sha hududning o‘zida bor. Masalan, mazkur yig‘ilishda Prezidentimiz Qoraqalpog‘iston 270 million tonna sement, 256 million kub metr qurilish va pardozbop toshlar, 200 million tonna ohak, 31 million kub metr keramzit, 27 million kub metr g‘isht xomashyosi, 6,9 million tonna shisha, 6,5 million tonna gips, 4,3 million tonna vermikulit zaxiralariga egaligiga alohida urg‘u berdi.

Boshqacha aytganda, har qanday ijtimoiy-iqtisodiy muammo yechimini o‘sha yerning o‘zida topsa bo‘ladi, aniqrog‘i, bo‘lar ekan. Gap ularni ko‘rish va yuzaga chiqara olishda.

Yangi O‘zbekiston shu yo‘ldan ketmoqda. Buning isbotini Qoraqalpog‘iston misolida ko‘rish mumkin. Sakkiz yil oldin hudud iqtisodiyoti aholi jon boshiga hajm bo‘yicha eng oxirgi o‘rinda edi, bugun esa yettinchi o‘ringa ko‘tarilgan! Ilgari sanoat mahsulotining atigi 4 foizi eksportga chiqqan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 30 foizga yetgan. Umumiy eksport 2016-yildagiga nisbatan 3,5 barobar oshib, 2,1 milliard dollarni tashkil etmoqda.

Mazkur ko‘rsatkichlar orasida diqqatimizni tortib, tahlilga undagani Qoraqalpog‘istonga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy sarmoya hajmi 2025-yili 2,5 milliard dollarga yetganidir.

2016 yil yakunlariga ko‘ra, butun milliy iqtisodiyotimizga jalb etilgan chet el sarmoyasi va qarzlar 3,7 milliardga teng bo‘lgani inobatga olinsa, yangi O‘zbekistonning har bir bo‘lagida yuz berayotgan chindan ham tarixiy va sifat o‘zgarishlarining siri yaqqol oydinlashadi-qoladi.

Qoraqalpog‘iston misolidagi kichik tahlil ushbu sirning nimadaligiga ishora bergan esada, so‘zimizni davom ettirib, davlatimiz rahbarining oradan bir hafta o‘tib, Termizga tashrifiga eʼtibor qaratsak.

1998-2004 yillari Surxondaryo viloyatidan Oliy Majlis deputati bo‘lgan kamina uchun mazkur voha va el juda yaqin. Deputatlik kezlarida saylovchilar bilan uchrashuvlarga borar ekanmiz, yuqori darajadagi izzat-hur-mat, surxonliklarning tanti va mardligiga qaramay, bir kecha ham yotib qolmaslikka intilganimizni bugun tan olamiz. Sababini endi ro‘y-rost aytish mumkin: Toshkent ham juda ilg‘orlab ketmagani holda Termiz ancha qoloq edi. O‘zimiz saylangan Sherobod, Angor tumanlarini aytmasa ham bo‘ladi. Eng aziz mehmonlar uchun mo‘ljallangan makon — viloyat hokimligi qo‘nog‘i ham kishini bir tunab ketishga “ko‘ndira olmasdi”.

Deputatlik uchrashuvlarini o‘tkazishga arzigulik va odam yig‘ishga qulay joy maktab bo‘lgani uchun o‘qituvchi, o‘quvchilarning haqqoniy ahvolini istasangiz ham, istamasangiz ham ko‘rmaslikning iloji yo‘q edi. O‘shanda ham paxta mavsumi o‘tgach, iliq yo issiqroq kunlarda borilardi. Chunki o‘qituvchiyu o‘quvchilar paxtaga haydalgan oylar — avgust oxiridan dekabrgacha uchrashishga saylovchi yo‘q bo‘lardi! Sovuq, qor-yomg‘irli paytlarda borsangiz, maktab, bog‘chalarning isitilmasligi va elektr energiyasi yo‘qligiyu yo‘llarning abgor ahvoli, bog‘cha opa, o‘qituvchilar oyligining kamligiyu pensiyaning yarmi ushlab qolinishi, ko‘pchilik mahallalar boshqaruvining binosizligiyu, borlarida ham kommunal xarajatlarni qanday qoplash lozimligi singari o‘tkir va hayotiy savollarga nima deyishni bilmay qolardingiz...

Eng og‘iri, ota-onalari, nima qilib bo‘lsada, chiroyli va ozoda kiyintirib qo‘ygan boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining darsga intilishi, bilimga chanqoqligi, maktabga qatnay boshlaganidan cheksiz quvonishiga shaxsan guvoh bo‘lish, biroq shunga yarasha sharoitning yo‘qligini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rib, buning turli oqibatlarini aqlingiz bilan anglab turish edi...

Prezidentimizning Surxondaryoga bu galgi tashrifidagi tadbirlarga taklif etilganim tufayli Termizni yana bir bor ko‘rish, hamkasblar bilan uchrashish imkoni tug‘ildi. Yangi O‘zbekiston davrida Surxonga ilk borishimiz esa 2023-yil bahoriga to‘g‘ri kelgandi. Tabiat o‘z sepini yoyib turgan palla bo‘lgani sabab Toshkentdan Termizgacha mashinada ketishga jazm qilgan, o‘shanda yangi O‘zbekiston ruhi butun yurtimizni qamrab olganining guvohi bo‘lgandik. 2016-yil kuzida har birimiz, jamiyat va davlat hayotida boshlangan hal qiluvchi va tarixiy o‘zgarishlarning aynan ushbu jihatiga diqqatni tortishimiz bejiz emas.

Gap shundaki, mustamlaka davridan boshlab yangilanishlar pallasigacha kechgan va o‘zimiz eslash, anglash darajasida bo‘lgan qirq-ellik yil ichida bir qoida ko‘pchiligimiz uchun tabiiy sanalgan. U ham bo‘lsa, Toshkentdan chiqib, qay tomon yuzlanmaylik, poytaxt, viloyat va tuman markazlari, qishloqlarimiz o‘rtasida keskin farq borligi darrov sezilardi. Toshkentdagi nisbatan moʻtadil shart-sharoit (yo‘llarning holati, imoratlar, jumladan, uylar, xizmat ko‘rsatish darajasi va ko‘lami, yonilg‘i quyish shoxobchalarining har holda ishlab turishi va boshqalar) undan uzoqlashgan sayin susayib, yo‘qolib boraverardi.

Qisqasi, “Qaydasan, Termiz”, deb yo‘lga tushib, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari bo‘ylab yurar ekanmiz, tilga olingan va hech qayerda yozilmagan “o‘zimizga xos va o‘zimizga mos” qoida — poytaxt, shaharlar, qishloqlar o‘rtasidagi keskin ijtimoiy-iqtisodiy tafovut yo‘qqa chiqqaniga shaxsan guvoh bo‘ldik.

To‘g‘ri, hali qiladigan ishimiz juda ko‘p, muammolar ham yetarlicha. Biroq Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan yangilanishlar ruhi jonajon O‘zbekistonimizning har bir burchagiga yetib borgani va o‘sha yerlardagi hayotni o‘zgarishga majbur qilayotganini hech kim inkor eta olmaydi! Toshkentning kundalik turish-turmushi — meʼmorchiligi, xizmat ko‘rsatish tizimi, taʼlim, tibbiyot muassasalari binolari, eng muhimi, uy-hovlilar, mahallalar ichki yo‘llarida yuz berayotgan barcha sifat o‘zgarishlari viloyat, tumanlarimiz, shahar va qishloqlarimizga kirib borib bo‘lgan.

Deputatlik yillarimizda necha marta Surxonga kelib-ketgan bo‘lsak, birov universitetga ham bir o‘taylik degan emas, o‘zimizning ham xayolimizga kelganmas. 2023-yilda ushbu dargohga ilk bor qadam bosib, professor-o‘qituvchilar va talabalar bilan rosa gurung qilgandik. O‘shandayoq universitetning butun infratuzilmasi, o‘quv va ilmiy imkoniyatini ko‘rib, ancha-muncha katta va kuchli ekani, mazkur marralarga so‘nggi yillarda davlatimiz rahbarining eʼtibori va qo‘llovi tufayli erishilayotganini bildik.

Universitetga bu gal ham bordik. Uning ilmiy-tadqiqot markazida bajarilayotgan innovatsion ishlanmalar va turli yangi natijalarni ko‘rib, bularni rostdan ham o‘zlaringiz qilyapsizmi, bu yerda shunday olimlar bormi degan savolni bir necha marta berishga to‘g‘ri keldi. Tasdig‘ini olgach, Prezidentimizning maktabgacha va maktab taʼliminigina emas, oliy taʼlim va ilm-fanni butun O‘zbekiston bo‘ylab rivojlantirish siyosati qanchalik to‘g‘ri va oqilona ekaniga tan berdik, eng asosiysi, maqtasa arzigulik ilk salmoqli natijalarga shaxsan guvoh bo‘ldik.

Shu maʼnoda, chuqurroq o‘ylab ko‘rsak, mustaqil bo‘lib ham imperiyachilikka xos qarash — siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy boshqaruv, ilm-fan, oliy taʼlim, madaniyat tizginini metropoliya-markazda tutib, mustamlakalarni taraqqiyotdan nari ushlash siyosatini endi o‘z doiramizda davom ettirib yuravergan ekanmiz.

Bunday xulosaga markaz binosining yettinchi qavatida tarixchi, adabiyotchi va tilshunos olimlar, o‘qituvchilar bilan uchrashuv chog‘ida tug‘ilgan bir tuyg‘u uzil-kesil turtki berganini yashirib o‘tirmaymiz. Minbarda turib, ijtimoiy fanlar, xususan, tarix fanini tizim o‘laroq tubdan o‘zgartirish zarurati, sohadagi og‘ir muammolar va ularning yechimi haqida so‘zlab turarkanmiz, ko‘zimiz birdan derazadan ko‘rinib turgan ko‘p qavatli uy-joylar silsilasi, yangi qad ko‘targan mavzelarga tushib, ochig‘i, g‘alati bo‘lib ketdik. Tilda mavzuni davom ettiraversakda, miya to‘xtamay mantiqli va adolatli savollar bilan o‘qqa tutardi: nega atigi to‘qqiz yil burun bunday manzarani tasavvur etishning o‘zi mumkin emasdi, sement, temir, ko‘targichlarni o‘zimizda topish shunchalar qiyinmidi, boshqalar yurtida quruvchilik qilib yurgan surxonliklar bu yerda uylar qurolmasmidi, “To‘palang”-dan tayyor ichimlik suvni tortib kelib, 1,5 million qorako‘z — butun viloyat ahlining yarmidan ko‘pini baxtli qilishga nima xalal bergandi, bugun Termizning aylanma yo‘llari ham kaftdek tekislikda azim Toshkentdagidan qolishmayotganda, o‘n yil burun hatto Sharq darvozasi ko‘chalarini asfaltlashga mazut topilmaganining siri nimada edi?!

Savollar tug‘ilishi Prezidentimizning Surxondaryo viloyatini har tomonlama rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishdagi maʼruzalarini tinglash, ushbu tadbirdagi xalqchil muhitni kuzatish chog‘ida ham davom etdi.

So‘nggi to‘qqiz yilda vohada bog‘chaga qamrov 28 foizdan 68 foizga oshgani, 23 ta yangi maktab qurilib, yana 448 tasi taʼmirlanganiyu qo‘shimcha 102 ming o‘quvchi o‘rni ochilgani, 688 ta ko‘p qavatli uyga 32 ming oila ko‘chib o‘tgani, Angor, Boysun, Jarqo‘rg‘on, Sariosiyo va Termiz tumanlarida “Yangi O‘zbekiston” massivlari barpo etilayotgani, baʼzi maktab o‘qituvchilarining 2000 dollarga teng daromad topayotganiga oid maʼlumotlar o‘ta quvonarli va hatto hayratlanarli. Bundan tashqari, tilga olingan ko‘rsatkichlar zamirida yuz minglab surxonliklar taqdiri, lo‘nda aytganda, ularning ham bu dunyoga kelib, XXI asr odamiga o‘xshab yashash, o‘g‘il-qizlarining kamoli va baxtini ko‘rish umidi va istagi ushalayotgani haqiqati borligi ko‘zda tutilsa, nahotki, shu ishlarni oldinroq qilishning iloji yo‘q edi degan savol o‘z-o‘zidan quyilib kelishi tabiiy.

Bu singari adolatli savol-so‘roqlar kaminadagina emas, balki so‘nggi to‘qqiz yilda o‘z oilasi, mahallasi, qishlog‘i, shahrining turish-turmushi, chirog‘i, gazi, suvi, mahalla guzari, farzandlari qatnayotgan bog‘cha-maktab, universitetlar, o‘zi va yaqinlari muolaja oladigan poliklinika, shifoxona, yuradigan yo‘li, bank, moliya, xizmat ko‘rsatish tarmoqlarining soni va sifati, chet ellarga sayohati, qo‘yingki, o‘ta qisqa muddatda barcha-barcha sohada yuz bergan va yuz berayotgan tub, ayrim jihatlardan aytganda esa kechagina hatto orzu qilish mumkin bo‘lmagan o‘zgarishlarni ko‘rib, bilib turgan yurtdoshlarimizda ham tug‘ilmoqda.

Olti-yetti yil burun yangilanish jarayonining ilk natijalarini ko‘rgan odamlarimiz “Bizda ham qilsa bo‘lar ekanku”, deya ham quvonish, ham qoniqish tuyg‘ularini bildirgan bo‘lsa, endi “Shu ishlar nega ilgari qilinmagan?” degan savolni qo‘ymoqda. Shaxsan biz uchun mana shunisi o‘ta muhim. Negaki bu — qorako‘zlarimiz tafakkurida yuz berayotgan sifat o‘zgarishlarining tasdig‘i. Demak, yurtdoshlarimiz o‘z taqdirining ojiz tomoshabini emas, balki haqqoniy egalari bo‘lish sari ildamlamoqda. Endi ularga “bo‘lar ekan-ku”, deyish qiziqmas, ular “nega ilgari bo‘lmagani”ni bilishni istamoqda!

Demak, hozir ularga o‘tmishda boy berganlarimizning ham, keyingi to‘qqiz yilda qo‘lga kiritilgan barcha marra va yutuqlarimizning ham sabab va omillarini tushuntiruvchi tahlillar kerak.

Mazkur ish bugun unchalik ham qiyin emasligini bilamiz. Chunki ixtiyorimizda har bir oila, mahalla, qishloq va tuman hayoti, tarmoqlar rivoji bilan bog‘liq cheksiz va jonli dalillar bor. Milliy axborot makonimiz va statistika ko‘rsatkichlarining ko‘lami ham juda keng. Bu borada, ayniqsa, Prezidentimizning har bir chiqishi va tahlili o‘ta qo‘l kelishini ham alohida taʼkidlagan bo‘lardik. Aytaylik, Surxondaryo hayotidagi tarixiy o‘zgarishlarning iqtisodiy omili Termizdagi maʼruzada aniq-tiniq ko‘rsatilgan: o‘tgan davrda hududda 5 milliard dollarlik 8000 dan ortiq loyiha ishga tushirildi. Xitoy, AQSH, Rossiya, Hindiston, Avstriya, Vengriya kabi davlatlar bilan investitsiya va savdo bo‘yicha yana 10 milliard dollarlik kelishuvlarga erishildi.

Demak, viloyatdagi marralar, eng avvalo, hudud iqtisodiyotida ro‘y bergan tub sifat o‘zgarishlari bilan bog‘liq. Agar yuqorida tilga olingan maʼlumot — 2016-yili milliy iqtisodiyotimizga chetdan bor-yo‘g‘i 3,7 milliardlik sarmoya va qarz jalb etilganini eslasak, bugun birgina Qoraqalpog‘iston yoki Surxondaryoning iqtisodiy qudrati butun bir davlatimizning kechagi ko‘rsatkichidan qolish-mayotganini tasdiqlaydi-qo‘yadi.

Termizdagi yig‘ilish kamina uchun yana bir jihati bilan qimmatli bo‘ldi. U ham bo‘lsa, tarix xalqniki bo‘lgani holda, uni aslida shaxslar yaratishiga oid qarashimizni tasdiqlovchi hamda istiqlol yillari ro‘y bergan ayrim voqealar bo‘yicha bilimimizni boyituvchi qimmatli dalillarni qo‘lga kiritishga erishdik.

Davlatimiz mustaqilligi tiklangach, oldimizda turgan eng katta va og‘ir ishlardan biri O‘zbekistonni xalqaro maydonda tan oldirishdan iborat bo‘lgani hali-hamon esimizda. Shu maʼnoda, Eron Prezidenti Ali Akbar Hoshimiy-Rafsanjoniyning 1993-yil oktyabrdagi davlat tashrifi alohida ahamiyat kasb etishi tabiiy edi. Ushbu yuksak martabali mehmon kamina o‘sha kezlarda ishlab turgan Sharqshunoslik institutiga ham kelgan va olimlar bilan uchrashgan. Bundan, ayniqsa, biz, eronshunoslar juda quvonganmiz. Shu tariqa ushbu yurtga yo‘l ochilishi, u yerda saqlanayotgan, tariximizga oid qo‘lyozma asarlardan bahramand bo‘lishga umid qilganmiz. Biroq davlatimiz rahbari Termizdagi yig‘ilishda aytib bergan bir tarixiy tafsilot — o‘sha kuni institutimiz binosidan bir necha o‘n qadam narida yuz bergan voqea endigina mustaqil qadamini qo‘yayotgan mamlakatimiz shaʼniga o‘chmas dog‘ tushirishidan tashqari yangi O‘zbekistonimiz asoschisi bosib o‘tgan yo‘lning qanchalar qaltis bo‘lganini ko‘rsatib berdi.

Demak, o‘sha kuni ertalabki soat 10 da ikki davlat rahbarlari Mirzo Ulug‘bek haykaliga hurmat bajo keltirib, so‘ng Sharqshunoslik institutiga o‘tishi rejalashtirilgan. Bundan o‘sha kezlari Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi bo‘lgan, mazkur maʼmuriy hudud uchun birinchi javobgar shaxs — Shavkat Mirziyoyev ham xabardorligiyu tashrif bilan bog‘liq barcha tegishli tayyorgarlik ishlari ko‘rib qo‘yilgani tabiiy. Ammo soat o‘nta kam yettida — davlat miqyosidagi tadbirga uch soatcha qolganida, haykalning boshi tom maʼnoda kesib ketilgani maʼlum bo‘lishi hech qanaqasiga, kutilmaganligidan tashqari, bugun ham aqlga sig‘maydi.

Bundan tez xabar topgan Shavkat Mirziyoyev sarosimaga tushmagan, bunday paytlarda har qanday insonni egallab olishi muqarrar chorasizlik his-tuyg‘ulariga ham berilmagan. Qolaversa, o‘sha kezlari ayrim kattakonlarning qanday bo‘lmasin, uni yo‘qotish payiga tushganlariyu katta kuch sarflaganiga qaramay, o‘ziga qarshi biror ayb topolmagani va topolmasliklarini ham yaxshi bilgan. O‘sha hal qiluvchi daqiqalarda xayolini nima band qilganini Prezidentimizning o‘zi mana bunday tushuntirib berdi: “Ularning muddaosi bitta bo‘lgan — meni yo‘qotish, biroq menku, mayli, ular hatto millatimiz va davlatimiz obro‘siga yetkaziladigan ulkan ziyon haqida o‘ylab ham o‘tirmagan”.

Eng muhimi, o‘ta qisqa muddatda haykalni o‘zidek qilib tiklab, oliy maqomdagi mehmonning ham Mirzo Ulug‘bek haykali, ham Sharqshunoslik institutiga tashrifini yuksak darajada o‘tkazishni taʼminlagani haqida eshitganimizda o‘sha o‘ta xunuk, biroq oxiri xayrli tugagan voqeadan 33 yil o‘tib, Donald Trampning “Prezident Mirziyoyev har qanday muammoni hal qiladigan inson”, deb aytganini esladik.

Chindan ham Shavkat Mirziyoyev 2016-yil kuzidan emas, allaqachondan buyon millati, davlati, xalqiga qayg‘urib kelgan, butun borlig‘i va umrini qorako‘zlarining og‘irini yengil, hayotini baxtli qilishga bag‘ishlagan, yangi O‘zbekistonni yaratishdek o‘ta og‘ir va qaltis, biroq sharafli ishga ishonch bilan kirishgan, juda qisqa muddatda umummilliy va xalqaro miqyosda olamshumul marralarni zabt eta olgan buyuk shaxsdir.

 

Azamat ZIYO,
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori,
akademik
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2026-yil 25-mart sonidan olindi