566 27.03.2026
Yurtimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari nafaqat miqyosi, balki chuqur maʼno-mazmuni bilan ham tobora kengayib bormoqda. Bu jarayon oddiy bino-inshootlar qurish bilan cheklanmay, milliy o‘zligimizni, boy tarixiy xotiramizni va azaliy maʼnaviy qadriyatlarimizni tiklash, ularni zamonaviy hayot bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan. Ayniqsa, tarixiy merosni asrab-avaylash, uni ilm-fan va maʼrifat bilan boyitishga alohida eʼtibor qaratilyapti. Bu Yangi O‘zbekiston maʼnaviy uyg‘onish strategiyasining yorqin ifodasidir.
Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi va Samarqandda qaytadan bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasi xalqimiz hayotida chinakam tarixiy voqea bo‘ldi. Bu ikki ulkan maskan nafaqat meʼmoriy jihatdan ulug‘vor, balki o‘zida mujassam etgan chuqur maʼno va qadriyatlar bilan ham milliy iftixorimizning yorqin ramziga aylandi.
Hazrati Imom majmuasi hududida barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi oddiy muzey emas, balki yoshlar ongida milliy g‘urur va ilmga chanqoqlik tuyg‘usini kuchaytiruvchi, Islom dinining asl mohiyati – ilm, maʼrifat, bag‘rikenglik va ezgulikni chuqur his etishga xizmat qiluvchi tafakkur markazidir. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, xalqimizning uch ming yillik tarixi, buyuk ajdodlarimizning ilmiy-maʼnaviy merosi va Yangi O‘zbekiston salohiyatini ko‘rsatadigan ulkan majmuadir.
Qaytadan bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasi esa tarixiy adolatning tiklanishi va buyuk muhaddis allomaga bo‘lgan cheksiz hurmatning amaliy ifodasidir. Majmuada dunyo musulmonlari uchun beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan “Sahihul Buxoriy” asarining muallifi Imom al-Buxoriy merosiga mos ravishda yaratilgan sharoitlar har bir tashrif buyuruvchida chuqur taassurot qoldiradi.
Eʼtiborga molik jihati shundaki, ushbu ikki yirik maskan aynan muqaddas Ramazon oyida, muborak poklanish va o‘zlikni anglash faslida ochildi. Ramazon – sabr, mehr-oqibat va maʼrifat oyi bo‘lib, aynan shu davrda bunday maskanlarning ochilishi xalqimiz qalbida o‘zgacha quvonch va minnatdorlik tuyg‘usini uyg‘otadi.
Bugun bu ikki majmua nafaqat ziyorat va sayyohlik obyekti, balki ilmiy-maʼrifiy, tadqiqot va taʼlim markazlari sifatida ham faoliyat yuritmoqda. Bu yerga tashrif buyurgan har bir inson nafaqat tarix bilan tanishadi, balki o‘zining buyuk ajdodlar avlodi ekanini chuqur his etadi, milliy o‘zlik va g‘ururi mustahkamlanadi. Markazlar yosh avlodni ilmga, tafakkurga va bag‘rikenglikka chorlaydi. O‘zbekistonni dunyoda tinchlik, maʼrifat va Islom sivilizatsiyasining vorisi sifatida yanada yorqin namoyon etadi.
Xulosa qilib aytganda, Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy majmuasining ochilishi bu oddiy bunyodkorlik emas. Bu – milliy maʼnaviyatimizning yuksalishi, tarixiy adolatning tiklanishi, xalqimizga berilgan ulkan eʼtibor va hurmatning ramzi. Bu maskanlar, shubhasiz, kelajak avlodlar uchun maʼnaviy nur manbai bo‘lib qoladi va O‘zbekistonning buyuk kelajagini yanada mustahkamlaydi.
Baxtishod Rashidov,
partiya Markaziy kengashi mas'ul xodimi