Kelajak qiyofasi yaratilayotgan makon


458     27.03.2026

Yangi Toshkentda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichga ko‘tarilganini yaqqol namoyon etmoqda. Bu yerda tiklanayotgan zamonaviy futbol stadioni, musiqali favvora majmuasi hamda “Buyuk Ipak yo‘li” loyihalari nafaqat yirik qurilish obyektlari, balki Yangi O‘zbekistonning ertangi qiyofasini belgilaydigan muhim tashabbuslardir.

Avvalo, bu yerda bunyod etilayotgan stadion loyihasi haqida to‘xtalsak. Mamlakatimizda sportga, ayniqsa, futbolga e’tibor mutlaqo yangi bosqichga chiqqan: so‘nggi yillarda bu borada amalga oshirilgan islohotlar, maydonlar sonining ko‘paygani, maktab stadionlarining ta'mirlangani, yoshlar o‘rtasidagi turnirlar tizimining yo‘lga qo‘yilgani bugun o‘z samarasini bermoqda. Mamlakatimiz olimpiya terma jamoasining tarixda ilk bor Olimpiadada ishtirok etgani, milliy terma jamoamizning jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani uzoqni ko‘zlab olib borilgan siyosat natijasidir.

Shu ma'noda, 55 ming tomoshabinga mo‘ljallangan Yangi Toshkent stadioni ham xalqimizning sport sohasidagi yuksak marralariga xizmat qiladigan tarixiy majmua bo‘ladi. Eng muhimi, bu stadion 2027-yilda O‘zbekiston va Ozarbayjonda o‘tkaziladigan 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi jahon chempionatining nufuziga ham munosib hissa qo‘shadi.

Bugungi zamonaviy shaharlarda jamoat makonlari odamlarning nafaqat hordiq chiqarishi, balki estetik zavq olishi, madaniy tadbirlarda ishtirok etishi uchun ham xizmat qiladi. Shu nuqtayi nazardan, yana bir muhim loyiha - hududda barpo etiladigan musiqali favvora majmuasidir. Bu loyiha zamirida shaharsozlikka yangicha yondashuv mujassam. Ya'ni endi infratuzilma faqat bino va yo‘llar bilan cheklanmaydi, balki odamlar uchun qulay, estetik va zamonaviy yashash muhitini yaratishga xizmat qiladi. Prezidentimiz tomonidan bu yerda savdo, ovqatlanish va servis xizmatlarini sifatli tashkil etish zarurligi ta'kidlangani ham bejiz emas. Chunki har qanday yirik maskan atrofida odamlar uchun qulay va mukammal muhit shakllangandagina u haqiqiy jamoat markaziga aylanadi.

Shunga hamohang ravishda barpo etilayotgan “Buyuk Ipak yo‘li” loyihasi esa Yangi Toshkentning ma'naviy va madaniy salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan muhim tashabbuslardan.

Maydoni 32 gektar bo‘lgan ushbu majmua nafaqat turarjoy va tijorat obyektlarini, balki madaniyat, ta'lim va tarixiy xotirani o‘zida mujassam etgan yirik makon sifatida ko‘zda tutilmoqda. Ayniqsa, Buyuk Ipak yo‘li bilan bog‘liq sivilizatsiyalarga bag‘ishlangan mavzuli mahallalar tashkil etilishi bu maskanga betakror ruh va mazmun bag‘ishlaydi.

Muhimi, bu tashabbuslarning barchasi inson manfaatiga xizmat qiladi. Ular xalqimiz uchun qulay hayotiy muhit yaratish, yosh avlodga keng imkoniyatlar ochish, mamlakatimizning xalqaro nufuzini yanada oshirishga qaratilgani bilan alohida ahamiyatlidir.

 

Odiljon MAMATKARIMOV,
Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar,
tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.