157 19.09.2024
Insonga berilgan neʼmatlar ichida salomatlikning o‘rni beqiyos. Bizning har bir faoliyatimiz natijasi, umrimiz mazmuni sog‘ligimizga bog‘liq. Salomatlikni asrash, kasalliklarni davolash va profilaktikasi azal-azaldan odamlar oldida turgan asosiy masalalardan bo‘lib kelgan.
Aholi salomatligini taʼminlash, turli kasalliklarga shifo topish maqsadida tabiiy mahsulotlardan foydalanib kelinishi, o‘z navbatida, asrlar davomida xalq tabobatining ham shakllanishiga, takomillashuviga xizmat qilgan. Taʼkidlash joiz, hozirgi zamonaviy tibbiyotning taraqqiy etishida ham xalq tabobatining alohida o‘rni bor.
So‘nggi yillarda xalq tabobati sohasini tartibga solish, xalq tabobatida qo‘llaniladigan shifobaxsh giyohlarni mamlakatimizda yetishtirish va qayta ishlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada bir necha meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.
Asrlar davomida ota-bobolarimizning bu sohaga oid bilim va tajribalarini o‘zida mujassam etgan va ilmiy-amaliy meros sifatida eʼtirof etilgan xalq tabobati bebaho madaniy-maʼnaviy boylik sifatida xalqimiz hayotida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Biroq amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yetarli, deb bo‘lmaydi, hali oldinda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan qator vazifalar mavjud.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyamizning Saylovoldi dasturiga kiritilgan “Xalq tabobati to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qilish tashabbusi bu boradagi muhim qadamlardan deyish mumkin.
Yurtimizda xalq tabobati haqida fikr bildirganda, mashhur ajdodlarimiz, xususan, Abu Ali ibn Sinoning xizmatlari alohida tilga olinadi. Buyuk bobokalonimizning ilmiy merosidan butun dunyo tibbiyot tizimi keng foydalanadi.
Bugungi kunda jahonning ko‘plab davlatlarida xalq tabobati usullaridan foydalangan holda davolash tobora ommalashmoqda.
Masalan, Hindiston, Xitoy va Yaponiyada xalq tabobati hukumat tomonidan tan olingan bo‘lib, tibbiy xizmatlar tizimida qo‘llaniladi.
Germaniya, Fransiya va Shveysariyada gomeopatiya, fitoterapiya va boshqa xalq tabobati usullari keng qo‘llanmoqda.
Yevropa tibbiyot muassasalarida zamonaviy tibbiyot yo‘nalishi bilan bir qatorda xalq tabobati yo‘nalishida ham talabalarni o‘qitishga alohida eʼtibor qaratiladi. Bu talabalarga har ikki yo‘nalishda bilim olish imkoniyatini beradi.
Partiyamiz tashabbusi bilan mazkur qonunning qabul qilinishi xalq tabobati va zamonaviy tibbiyotni uyg‘unlashtirish, sog‘liqni saqlash tizimi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.