Muazzam koshona


468     28.03.2026

Toshkent shahrida Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi xalqimiz madaniy hayotidagi katta voqea bo‘ldi. Bu mahobatli imorat ikki-uch yilda qurib bitkazilishi mumkin edi, ammo davlatimiz rahbarining shoshilmasdan, har tomonlama ilmiy yondashuv asosida bunyod etish bo‘yicha topshirig‘i ajdodlarimiz qoldirgan ko‘p asrlik ilmiy-adabiy merosning tarqalish geografiyasini o‘rganish, moddiy-maʼnaviy madaniyatimiz namunalarini yig‘ish va tizimlashtirish kabi, yuzlab ilmiy loyihalarni amalga oshirish imkonini berdi.

Bunday majmua, muzey-kutubxonalar juda ko‘p mamlakatda bor. Har bir inshootning arxitekturaviy yechimi o‘ziga xos. G‘oyaning ahamiyati nomi va sarflangan mablag‘ bilan belgilanmaydi, mazmuniga qarab baholanadi. Majmuaning Islom sivilizatsiyasi markazi deb atalishining sababi tarixiy xotiramiz bilan bog‘liq. Biz bobolardan “Islom dini Arabiston yarim orolida paydo bo‘ldi, ammo uning ilm-fani Movarounnahrda yuksaldi” degan gapni ko‘p eshitganmiz, lekin uning haqiqat ekanini mustaqillikka erishgandan so‘ng angladik.

Yurtimizdan chiqqan Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad Farg‘oniy va Abu Nasr Forobiy kabi mutafakkir olimlarning tadqiqotlari islom bag‘rida turib dunyoviy fanlarni rivojlantirdi. Ular turli sohalardagi kashfiyoti bilan jahon sivilizatsiyasi tarixida o‘chmas iz qoldirdi. Imom Buxoriy, Qaffol Shoshiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Mansur Moturidiy kabi zotlar islom naqliy fanlari, islom qonunchiligi, islom teologiyasi kabi ilmlar taraqqiyotiga bemisl hissa qo‘shdi. Ular taqdir taqozosiga ko‘ra arab tilida yozdi, dunyo ularni arab olimi sifatida qabul qildi. Ulardan keyingi davrlarda yashab o‘tgan qanchadan-qancha mutafakkir ajdodlarimiz arab tili bilan birga fors tilida ijod etdi. Vaqt o‘tib, turkiy tilda ham ijod qilish davri boshlandi. Butun dunyo ularni eʼtirof etib keldi, faqat biz bexabar edik.

Qariyb 70 yil davomida kommunistik mafkura senzurasi tariximizni xolis o‘rganishga yo‘l qo‘ymadi, muayyan maqsadlar bilan tariximiz soxtalashtirilgan holda ongimizga singdirildi. Natijada butun bir avlod o‘z xalqiga tegishli buyuk ilmiy-adabiy merosdan bexabar va bebahra ulg‘aydi. Mustaqillikka erishilgandan so‘ng bu sohada katta ilmiy izlanishlar qilindi. Yuzlab olimlar va shoiru sanʼatkorlarning ilmiy-adabiy merosi aniqlandi. Ayniqsa, 2017-yildan boshlab Prezidentimizning farmon va qarorlari asosida dunyoga sochilib ketgan qo‘lyozma asarlarni izlab topish, unutilgan xalq amaliy sanʼatini tiklash, anʼana va qadriyatlarimizga yangi hayot bag‘ishlash ishlari boshlandi.

Davlatimiz rahbari Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish tashabbusini ilgari surdi. Tarixiy xotirani tiklash, yosh avlodni milliy qadriyatlarni eʼzozlash ruhida tarbiyalash va Uchinchi Renessans uchun zarur intellektual muhit yaratish kabi uch dolzarb masala davlat ijtimoiy siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. xalqimiz yaratgan ulkan ilmiy-madaniy merosga aloqador minglab noyob ashyolar sakkiz yil mobaynida yig‘ildi, yurtimizdan chiqqan yuzlab olimlar, shoirlar, sanʼatkorlarning hayoti va faoliyati bo‘yicha maʼlumotlar to‘plandi.

Birgina Misrning Aleksandriya kutubxonasida saqlanayotgan qadimiy qo‘lyozma asarlar asosida tayyorlangan “Markaziy Osiyo olimlari ensiklopediyasi”da VIII asrdan XIX asrgacha O‘zbekiston hududida tug‘ilib, turli arab o‘lkalarida ilm bilan shug‘ullangan 2700 olim haqida qisqacha maʼlumot berilgan.

2016-yili Samarqandda nashr etilgan “O‘rta asr Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi ensiklopediyasi”da O‘zbekiston hududida tug‘ilgan 600 dan ziyod din olimiga doir qisqa maʼlumotlar berilgan. Shuningdek, falsafa, adabiyot, sanʼat sohasida nomi va asarlari aniqlangan bo‘lsada, shaxsi bo‘yicha chuqur tadqiqot o‘tkazilmagan yuzlab olim va ijodkorlar yashab o‘tgani aniqlandi.

Bugun ularning qaysi tilda asar yozganiga qarab, millatini aniqlashga urinish tarixni bilmaslikdan boshqa narsa emas. U davrlarda islom diniga eʼtiqod qiluvchi barcha xalq bir millatga — islom millatiga mansub deb hisoblangan. Umuman olganda, VIII asrdan XX asrgacha Markaziy Osiyo xalqlari shu qadar aralashib ketganki, bugun ularning millati borasida bahs yuritish foydasiz. Bir haqiqatni bilishimiz kerak: ajdodlarimiz qayerda yashamasin, umri qayerda yakun topmasin, tug‘ilgan joyini, Vatanini qayd etib, nomiga qo‘shib (nisba) yozgan. Shundan biz Imom Buxoriyning Buxorodan, Moturidiyning samarqandning Moturid qishlog‘idan ekanini anglaymiz. Shunday ekan, biz — qadim Movarounnahrning bugungi vorislari ulug‘ bobolarimiz bilan faxrlanishga, g‘ururlanishga to‘la maʼnaviy haqlimiz.

Xalqimiz ko‘p asrlik taraqqiyoti jarayonida uch tilli xalq bo‘lib shakllangan. Ilmiy asarlar arab tilida, poeziya fors va turkiy tilda bitilgan. Bu anʼana XX asrgacha so‘ngani yo‘q. Bunday ulkan maʼnaviy merosni yuzaga chiqarish bo‘yicha har tomonlama chuqur tadqiqot o‘tkazish markaz zimmasiga yuklangan. Aholi, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlod tarbiyasida o‘tmish mutafakkirlarimiz, buyuk bobolarimizning hayoti va faoliyati namuna bo‘lish nuqtai nazaridan katta maʼrifiy ahamiyatga ega.

Islom sivilizatsiyasi markazi, ayrimlar taxmin qilganidek, diniy markaz emas. Islom sivilizatsiyasi nomi ostida yurtimiz islomlashtirilgan VIII asrdan boshlab xalqimizning bugungacha davom etib kelayotgan madaniy va maʼnaviy taraqqiyoti nazarda tutilgan. Qisqasi, bu markaz xalqimizning ko‘p asrlik madaniyati, ilm-fani, adabiyoti va sanʼatini namoyish etuvchi o‘ziga xos tarbiyaviy-maʼrifiy majmua va tadqiqot markazidir.

 

Shuhrat SIROJIDDINOV,
akademik
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2026-yil 27-mart sonidan olindi