O‘zbekiston–Tojikiston munosabatlarida tarixiy sahifa


588     01.04.2026

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlar so‘nggi davlat tashrifi doirasida yana bir muhim bosqichga ko‘tarildi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning mamlakatimizga amalga oshirgan tashrifi tom maʼnoda tarixiy voqea sifatida eʼtirof etilmoqda.

O'tkazilgan muzokaralar nafaqat siyosiy muloqot, balki keng qamrovli hamkorlikning yangi ufqlarini belgilab berdi. Ko‘ksaroy qarorgohida o‘tkazilgan tor doiradagi uchrashuvlar va Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishi ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi. Mazkur formatning yo‘lga qo‘yilishi strategik sheriklik va ittifoqchilik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, transport va logistika tizimlarini uyg‘unlashtirish, suv va energetika xavfsizligini taʼminlash kabi ustuvor yo‘nalishlarda aniq kelishuvlarga erishdilar. Xususan, o‘zaro savdo hajmini 2028-yilga borib 2 milliard dollarga yetkazish maqsadi belgilab olindi. Bu esa ikki davlat iqtisodiyotining yanada integratsiyalashuviga xizmat qiladi.

Shuningdek, “Oybek – Fotihobod” chegaraoldi savdo markazini tashkil etish, “E-Permit” tizimini joriy etish, qo‘shma investitsiya kompaniyasi faoliyatini kengaytirish kabi tashabbuslar amaliy hamkorlikni yangi darajaga olib chiqadi. 10 ta yirik qo‘shma loyiha ishga tushirilgani esa bu niyatlarning real ifodasi bo‘ldi.

Madaniy-gumanitar sohadagi aloqalar ham alohida eʼtibor markazida bo‘ldi. Ikki xalqni bog‘lab turuvchi umumiy tarix, qadriyatlar va maʼnaviy meros yana bir bor eʼtirof etildi. Toshkentda Dushanbe nomi berilgan ko‘cha, qo‘shma konsert dasturlari, madaniyat kunlari – bularning barchasi xalqlar o‘rtasidagi yaqinlikning yorqin timsolidir.

Tashrif doirasida Buxoroga amalga oshirilgan safar esa o‘ziga xos ramziy maʼno kasb etdi. Qadimiy va navqiron shahar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Bahouddin Naqshband, Somoniylar maqbarasi, Ark qo‘rg‘oni, Poi Kalon va Labi Hovuz kabi tarixiy obidalar ikki xalqni bog‘lab turuvchi mushtarak ildizlarning naqadar chuqur ekanini yana bir bor namoyon etdi.

Shu bilan birga, sanoat salohiyatini namoyish etuvchi zamonaviy korxonalarga tashriflar ikki davlat iqtisodiy hamkorligining amaliy natijalarini ko‘rsatdi. Buxorodagi yengil sanoat korxonalarining faoliyati, eksport salohiyati va zamonaviy texnologiyalar asosidagi ishlab chiqarish jarayonlari yuqori baholandi.

Tashrif yakunida imzolangan ko‘plab hujjatlar, qo‘shma bayonot va “yo‘l xaritalari” esa kelgusidagi hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini belgilab berdi. Bu hujjatlar nafaqat bugungi kun, balki uzoq muddatli istiqbol uchun ham mustahkam asos yaratadi.

Mazkur davlat tashrifi O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqib, mintaqaviy barqarorlik, iqtisodiy taraqqiyot va xalqlar farovonligini taʼminlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Birodarlik rishtalari yanada mustahkamlanib, kelajak sari ishonch bilan yo‘l ochildi.

 

Maxsud MUHAMMEDOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati