715 02.04.2026
2026-yilning 27-martida Prezidentimiz tomonidan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga 0‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun imzolandi.
Mutaxassislarning ma’lum qilishlaricha, ushbu hujjat bilan Soliq va Fuqarolik kodeksi hamda 7 ta qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi. Eng asosiysi, qonunchilik islomiy bank faoliyati, islomiy moliya operatsiyalari va investitsiyaviy omonat tushunchalari bilan to‘ldirildi.
Yangi Qonunga asosan, islomiy banklarga ham savdo faoliyati bilan shug‘ullanish va yuridik shaxslarda ulush yoki aksiyalarni cheklovsiz sotib olishga ruxsat berildi, bundan tashqari, Markaziy bank va banklar huzurida islomiy moliya kengashlari tashkil etilib, ularning faoliyatiga doir talablar belgilandi.
Shuningdek, islomiy moliya operatsiyalariga soliq solishning o‘ziga xos tartiblari joriy qilinganini ta’kidlash joiz. Endi ushbu qonun rasman e’lon qilingan kundan boshlab 3 oyda kuchga kiradi. Bu vaqt oralig‘ida banklar yangi tizimga bosqichma-bosqich tayyorgarlik ko‘radilar.
Xabaringiz bor, 25 mart kuni Prezident ishtirok etgan moliya va raqamli texnologiyalar sohasidagi yangi tashabbuslar taqdimotida islomiy moliya xizmatlarini kengaytirish masalasi ham muhokama qilinib, ushbu tizim orqali yaqin besh yilda milliy iqtisodiyotimizga qo‘shimcha 1 mlrd dollar miqdorda investitsiya va depozitlar jalb qilish imkoniyati yaratilishi ma’lum qilindi. Shuningdek, joriy yilda kamida bitta tijorat bankida islomiy «darcha»lar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi va 2026- 2030 yillarda to‘liq islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi ikkita bank tashkil etilishi ta’kidlangan edi. Yuqoridagi ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, mamlakatimizda ham so‘nggi yillarda islomiy moliya tizimini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Yurtimiz aholisining 90 foizdan ortig‘i islomga e’tiqod qiladi va shu nuqtayi nazardan 15-20 foizga yaqin aholi an’anaviy kreditlash tizimidan foydalanishni lozim ko‘rmaydi. O‘rganishlardan ham shu narsa ma’lum bo‘ldiki, biznes subyektlarining 80 foizi ichki manbalar hisobidan moliyalashtiriladi va ularning chorak qismigina kredit xizmatidan foydalandi, xolos. Bank aktivlarining 85 foizi esa davlat banklariga tegishli. Shu bois, aksariyat korxonalar banklarni moliyalashtirishning afzal manbai hisoblamaydi. Muqobil kreditlash tizimi, ya’ni islomiy moliya orqali esa mazkur qatlam to‘liq qamrab olinishi mumkin. Bu bilan ichki investitsiya miqdori oshadi, xufiyona iqtisodiyot kamayadi. Eng asosiysi, tadbirkorlik rivojlanadi.
Xo‘sh, islomiy moliya xizmatlarining afzalliklari nimada? Mutaxassislar so‘nggi yillarda ushbu tizimning o‘sishi, ommalashuvi va geografik kengayishini uning an’anaviy banklarga qaraganda bir necha ustunliklarga egaligi bilan izohlaydi. Jumladan, moliyaviy adolat islom ta’limotining bosh tamoyili hisoblanadi. Bu tizim foyda va zarar taqsimotida muvozanatni saqlashga asoslanadi. Islomiy bank loyihalarda tadbirkor bilan teng huquqli sherik sifatida ishtirok etadi. Daromad ham, zarar ham tomonlar kelishuvi asosida adolatli taqsimlanadi.
An’anaviy banklar esa pulni daromadi kafolatlangan sotish yoki ijaraga berish mumkin bo‘lgan mahsulot sifatida ko‘radi. Berilgan qarzning yo‘qotilish xavfi juda kam. Ya’ni, qarz mablag‘lari ham, qarz bo‘yicha foizlar ham loyihaning muvaffaqiyati yoki inqirozidan qat’iy nazar doimo kafolatlangan bo‘ladi. Sodda qilib aytganda, an’anaviy banklar foyda orqali idora etilsa, islomiy banklar ruxsat va taqiq mezonlari orqali boshqariladi.
Islom moliyasi tarixi haqida gap ketganda, bu tizim 1967 yilda ilk bor Misrda paydo bo‘lgani ta’kidlanadi. Keyinchalik Malayziya, Birlashgan Arab Amirligida shakllandi. Dastlab, bu tizim Haj amalini bajarayotganlarga moliyaviy xizmat ko‘rsatuvchi jamg‘arma sifatida faoliyat boshlagan bo‘lsa, 1970 yillarga kelib, Misr, BAA va Saudiya Arabistonida foizsiz xizmat ko‘rsatuvchi maxsus banklar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
1980 yillarga kelib islomiy moliya xizmatlari xalqaro darajada ham rivojlana boshladi va musulmon bo‘lmagan davlatlarga ham keng yoyildi. Ayni paytda hatto Buyuk Britaniyada 20 dan ortiq bank islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda. Bugun bunday muassasalar soni dunyo bo‘yicha 2000 ga yaqinlashdi va yalpi aktivlari 4 trln AQSH dollaridan oshdi. Yillik o‘sish miqdori esa 20-25 foizni tashkil etmoqda. Yana bir ma’lumot: Islom moliyasi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan uchta davlat - Saudiya Arabistoni, Eron va Malayziya ham ko‘rsatkichlar ko‘lami bo‘yicha global bozor hajmining 66 foiziga egalik qiladi.
Milliy qadriyatlarni ustuvor deb bilgan «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi ham bir necha yildirki dunyoda jadal rivojlanayotgan an’anaviy moliya tizimini O‘zbekistonda keng yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surib keladi. Demak, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan bu borada imzolangan qonun bilan partiyaning yana bir muhim g‘oyasi hayotimizga tatbiq etilmoqda.
Abdulhakim ESHBOYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 1-aprel sonidan olindi