783 03.04.2026
O‘zbekiston sanoqli davlatlar bilan ittifoqchilik munosabatini o‘rnatgan va bunda Tojikiston alohida ahamiyatga ega. Chunki ikki qo‘shni davlatning dini, tarixi bir, qadriyati, urf-odatlari, madaniyati, turmush tarzi deyarli o‘xshash. Xalqlarimiz azaldan bir ariqdan suv ichgan, quvonch va tashvishlari mushtarak bo‘lgan, quda-anda bo‘lib yashagan. Yaxshi kunlarda ham, sinovli damlarda ham doimo yelkadosh bo‘lib, bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelgan.
Ikki davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmonning sa’y-harakati bilan asrlar sinovidan o‘tgan qo‘shnichilik munosabatlari so‘nggi yillarda tarixiy bosqichga kirdi. Bu quyidagi misolda ham yaqqol ko‘zga tashlanadi: 2017-yilda ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro tovar aylanmasi hajmi 70 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2020-yil kelib 500 milliondan oshdi. O‘tgan yil yakuniga ko‘ra, bu raqam qariyb 1 milliard dollarga yetdi. 2028-yilga borib, o‘zaro savdoni 2 milliard dollarga yetkazish imkoniyati bor.
Jumladan, bugun sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, elektrotexnika, farmatsevtika va boshqa ko‘plab sohalarda qator kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Hozirda 500 dan ortiq qo‘shma korxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Poytaxtlar – Toshkent va Dushanbe o‘rtasida haftasiga o‘nta aviaqatnov amalga oshirilmoqda. Avtobus va poyezd qatnovlari ham muntazam yo‘lga qo‘yilgan. Yuk tashish hajmi jadal o‘sib boryapti.
Ayniqsa, ikki davlat o‘rtasida turizm aloqalari yuqori suratlarda rivojlanyapti. O‘tgan yili mamlakatimizga qariyb 12 million nafar chet el sayyohi kelgan bo‘lsa, ularning 2,7 millionini tojikistonlik turistlar tashkil etdi. 1,2 million nafardan ortiq o‘zbekistonlik esa ushbu davlatga safar qilgan.
Tojikiston Prezidentining 26-27-mart kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifi esa o‘zaro aloqalarni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga, jumladan, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini amaliy mazmun, ilg‘or tashabbuslar bilan yanada boyitishga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Zero, tashrif doirasida Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan o‘nlab hujjatlar imzolandi.
Eng muhim, Davlat rahbarlari 10 ta qo‘shma loyihani boshlab berdilar. Xususan, bunda Tojikistonda mebel va charm mahsulotlari korxonalarini tashkil etish, maishiy texnika ishlab chiqarishni kengaytirish, to‘qimachilik quvvatlarini barpo qilish, Toshkentda turar joy majmuasi va savdo obyektlarini qurish hamda Farg‘ona viloyatida konserva mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, Andijon viloyatida sut mahsulotlari, Surxondaryo viloyatida esa meva sharbatlari va metall briketlar ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi.
Ikki mamlakat o‘rtasida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida ham faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, “Markaziy Osiyo plyus”, BMT, MDH, SHHT, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasida bir-birining tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Parlament delegatsiyalarining o‘zaro tashriflari ham muntazamlik kasb etgan. Ayniqsa, parlamentdagi do‘stlik guruhlari doirasidagi aloqalar faol rivojlanyapti. O‘tgan yili parlamentlar rahbariyati darajasida do‘stlik guruhlari hamraislarining uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Tegishli qo‘mita va komissiyalari o‘rtasida qator onlayn maslahatlashuvlar o‘tkazildi.
Ta’kidlash lozim, O‘zbekistonda ushbu tashrifga har qachongidanda jiddiy tayyorgarlik ko‘rildi. Hukumatlararo komissiya yig‘ilishlari, hududlar, rektor va olimlar, yoshlar, tahlil markazlarining forumlari, Tojikiston madaniyati va kinosi kunlari va boshqa bir qator muhim tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Madaniy-gumanitar aloqalar xalqlarimiz o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik ko‘prigi bo‘lib qolmoqda. Hamkorlik doirasida Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy do‘stligi haqida film tayyorlandi. Yangi Toshkentdagi ko‘chalardan biriga esa Dushanbe shahri nomi berildi.
Tashrif doirasida yillik taqvim asosida ta’lim, turizm va yoshlar yo‘nalishlarida faol almashinuvlarni davom ettirish niyati bildirildi. Ikki mamlakatdagi yirik o‘zbek va tojik diasporalarini qo‘llab-quvvatlash, madaniy markazlarni keng rivojlantirish, ona tili, an’ana va urf-odatlarni asrab-avaylash maqsadida Madaniy-gumanitar sohada hamkorlik bo‘yicha kompleks dastur tayyorlanadi.
Oliy darajadagi navbatdagi O‘zbekiston–Tojikiston sammiti, hech shubhasiz, nafaqat ikki davlat, balki Markaziy Osiyoda barqarorlik, xavfsizlik va izchil taraqqiyotni mustahkamlashga xizmat qiladi. Zero, bugun ikki xalqda ham tarixiy va madaniy yaqinlikni o‘zaro hurmat va ishonch, bir-birining manfaatlarini hisobga olgan holda yanada rivojlantirishga bo‘lgan intilish borgan sari kuchaymoqda.
Go‘zal SAMIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati