Yangiliklar

516 19-09-2023
Abdurauf Fitrat: "Najot yo‘li muqaddas kitobimizda"
Abdurauf Fitrat "Rahbari najot" ("Qutqaruv yo‘li") asarida Vatan va millat ravnaqi va ularning taraqqiyoti haqida gapirib, shunday yozgan edi: "Biz turkistonliklar boshqa islom davlatlaridan parishonlik va qoloqlik girdobiga giriftormiz.
...Vatan va millatimizning xarob, juda orqada qolishi yo‘llarini bartaraf qilishning birdan-bir chorasi biz turkistonliklarning muqaddas kitobimiz, bizning rahnamomizdir, shu kitobdan nizom va dastur olamiz. Biz, eng avvalo, shu muqaddas kitobimiz bo‘lgan Qurʼoni Karimga, payg‘ambarimiz Rasulullohning hadislariga murojaat qilishimiz kerak. Faqat ulardan najot, qutulish yo‘lini topa olamiz", deb yozgan edi.
Fitrat Vatan, ona tuproqni eʼzozlash, ota-bobolarimizdan qolgan boy merosni ardoqlash va saqlash, mustaqil davlat barpo etish kabi g‘oyalarni ilgari surgan olim, adib, ayni paytda tarixchi ham edi. U yurt uchun qayg‘urib: "Ey ulug‘ Turon, arslonlar o‘lkasi, senga ne bo‘ldi? Holing qalaydir. Nechuk kunlarga qolding? Ey Temurlarning, o‘g‘uzlarning anʼanalarining shonli beshiklari! Qani uchiqdig‘ing yuksak o‘rinlari. Qullik chuquriga nechun tushding! Dunyoni “urho”lari bilan titratgan yo‘lbars yurakli bolalaring qani?
Yer tuprog‘ini ko‘klarga uchira bilgan tog‘ gavdali o‘g‘lonlaring qani? Nechun tovushlari chiqmaydi? Yer yuzini bir necha polvonlari bo‘lgan botir turklaring qani? Nechun chekindilar? Nechun ketdilar? Kurash maydonlarini nechun o‘zgalarga qo‘ydilar? Nechun, nechun, nechun? Gapir menga, ey ulug‘ Turon, arslonlar o‘lkasi! Senga ne bo‘ldi?"
Abdurauf Fitrat 1917-yilning avgust oyida yozgan asarida bir o‘zbek yigiti tilidan quyidagilarni keltirgan edi: "Yotsam tushimda, uyg‘onsam yonimda, ko‘z yumsam miyamda, ko‘z ochsam qoshimda mungli bir xayol kelib turadi. Bu bir xotin xayoli... Bir xotinki egnida ipakli, lekin tirtiq va eski bir ko‘ylakdan boshqa kiyimi yo‘q, bosh oyoqlari yalang‘och, tirsaklarigacha qop-qora loyga botgan, baqirarga tovushi, qutilovga kuchi kelmagan. Qarayman: kimsasizlik yukidan oriqlagan tanida zolimona urilgan qamchilarning yarasi bor...
Ey mungli xotin, sen kimsan?
Oh... bildim... bildim... angladim!
Sen mening Vatanimsan, Vatanimning mungli xayolisan.
Ey muqaddas Turonning xayoli, ketmay tur ayrilma yonimda, ko‘zlarimda, yuragimda, vijdonimda qol, ketma, yurtim Turonim, sendan ayrilmoq – mening o‘limim.
Panohim, sajdagohim, umidim!
Yotlaring seni shu kungami soldilar!
Tilagim, istagim, saodatim!
Bolalaring seni shu holdami qo‘ydilar.
Suyunchim, ovunchim, o‘chog‘im!
Zolimlar seni kimsasizmi ko‘rdilar! Yo‘q, sen kimsasiz emassan, mana men borligim bilan senga ko‘mak qilishga hozir...
Qof tog‘lari yo‘limga tushsa, tomug‘ olovlari qarshimga chiqsa, yana sen sari ketarman.
Ustimga insonlar emas, shaytonlar qo‘shini kelsa, oyog‘imga zanjirlar emas, jahannam ilonlari sorilsa, yana sen sari choparman.
Dunyoning butun balolari boshimga to‘kilsa, zulm cho‘lining temir tikanlari ko‘zlarimga kirsa, yana seni qutqararman.
Men sening uchun tirildim, sening uchun yasharman, sening uchun o‘lurman.
Ey turkning muqaddas o‘chog‘i! O‘lim seni o‘zligingni istaganlarga, nafrat seni ko‘mgani kelganlarga!"
Maʼrifatparvar bobomizning Vatan ozodligi yo‘lidagi sobitqadamligini Amir Temur maqbarasi qoshida aytgan o‘tli so‘zlaridan ham anglash mumkin:
"Bag‘rim yoniq, yuzim qora, ko‘nglim siniq, bo‘ynim bukik.
Sening ziyoratingga keldim, sultonim...
Yuz yillardan beri jafo ko‘rib, g‘am chekib kelgan turkning qonli ko‘z yoshlarini etaklaringga surma olgali keldim.
Nomusini yot kishilarning oyoqlari ostida ko‘rib, turklik qoni qaynag‘ay, musulmonlik jamiyati toshg‘ay, omug‘ olovlari kabi sachragay.
Lekin o‘z kuchsizligini anglab, qaytib o‘tirgan va qon yig‘lagan turkning holini arz etarga keldim, xoqonim! Ulug‘ xoqonim!
Turk sharafi talandi.
Turk uchun qo‘ydig‘iq davlat bitdi...
Turk nomusi, eʼtibori, iymoni, vijdoni zolimlarning oyoqlari ostinda qoldi.
Turkning yurti, ulog‘i, Turoni yot qo‘llarga tushdi. Turkning belgusi, ongi, o‘ylovi, ziyrakligi jaholat o‘ljasiga ketdi".
... "Ey arslonlar arsloni! Mening yozuqlarimdan o‘t, meni qo‘limni tut, belimni bog‘la, muqaddas fotihangni ber!
Sening dunyoda sig‘magan g‘ayratingga ont ichamanki, Turonning eski sharaf va ulug‘ligini qaytarmasdan burun oyoqda o‘tirmasman"
O‘zbek xalqi hech qachon bevatan bo‘lmagan. Lekin afsuski, uning hayoti osuda kechmadi. Shunga qaramay, mustaqillik sari kurash tuyg‘usi xalqimiz yuragida mudom ustuvor bo‘lgan. Bu jarayon ochiq va yopiq tarzda, birdam bo‘lsinki, to‘xtab qolmagan.
Shavkat BOBOJONOV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi
Yoshlar parlamenti aʼzosi