Endi tazyiq va zo‘ravonliklarga yo‘l yo‘q


660     03.04.2026

Ijtimoiy tarmoqlarda 13 yoshli qizaloqning farzand ko‘rgani haqidagi xabarni o‘qib...

Shu yoshda qanday qilib farzand ko‘rish mumkin?! Axir uning o‘zi hali bola-ku!..

Oilaviy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan bu qizning taqdiriga uning onasi, yaqinlari, qolaversa, mahalla ahli, unga ta’lim berayotgan o‘qituvchilari shunchalar befarqmidi?!

Garchi keyingi yillarda inson huquqlarini ta’minlash, xususan, ayollar va bolalar manfaatlarini himoya qilish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblansada, hanuz shunday holatlarning uchrayotgani achinarli holatdir.

Prezidentimizning 2026-yil 3-martda imzolangan “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy huquqiy choralar to‘g‘risida”gi Farmoni aynan shunday holatlarga qarshi murosasiz muhitni shakllantirishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi. Farmonda partiyamiz tomonidan ilgari surilgan bir qator takliflar, jumladan, homilador talaba-qizlar yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalar uchun masofaviy ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, erta turmush qurish holatlarining oldini olish, nikoh yoshini kamaytirishning aniq (tugal) asoslarini belgilash, voyaga yetmaganlarga nisbatan esa sodir qilingan jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilishga oid taklif va tashabbuslar o‘z aksini topdiki, bu oddiy bir deputat sifatida meni behad quvontirdi. Ushbu Farmon ayollar va bolalar huquqlarini mustahkamlashgagina emas, partiyaning 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida belgilangan Oila institutini va oilaviy qadriyatlarni mustahkamlashga, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir qator vazifalariga uyg‘un ekanini ham e’tirof etish joiz. Aslida ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilishga nafaqat davlat, balki butun jamiyat mas’uldir. Har bir oila, har bir mahalla, ta’lim muassasasi tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi murosasiz bo‘lishi, inson qadrini ulug‘lash tamoyiliga amal qilishi zarur. Jumladan, o‘zim rahbarlik qilayotgan Noshirlik matbaa faoliyati sohasi mutaxassislarini tayyorlayotgan kasb-hunar kolleji talaba-qizlarining sifatli ta’lim olishi, o‘z kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lishi, oilada ham, jamiyatda ham munosib o‘rin egallashlari uchun zimmamda juda katta mas’uliyatni his qilaman.

Zero oilalari mustahkam bo‘lgan, ayollar va bolalar xavfsizligi ta’minlangan jamiyatgina barqaror taraqqiyotga erishadi.

 

Nodira TUYQULOVA,
Xalq deputatlari Shayxontohur tuman Kengashi deputati
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 1-aprel sonidan olindi