543 03.04.2026
Tahlilchilarning fikricha, bugungi notinch dunyoda eng katta xavf qurollarda emas, balki odamlar qalbida kechayotgan o'zgarishlarda namoyon bo‘lmoqda. Qadriyatlar nisbiylashib, axloqiy me'yorlar mo'rtlashib borayotgan bir paytda, jamiyat ma'naviy ustundan ayrilib qolish xavfiga yuz tutmoqda. Bu esa ko‘zga ko'rinmas, ammo butun insoniyatni qamrab olishi mumkin bo'lgan xavf - ma'naviy yemirilishga ishora, albatta.
Eng yomoni, bugungi «Z avlod» orasida agressivlik, qurolli bosqinlarga romantikona ruju qo'yish va shafqatsizlikning - «norma» sifatida qabul qilinishi vaqtinchalik ijtimoiy xastalik emas. Bu kelajakning genetik kodi darz ketayotganidan darak berayotgan xavfli chaqiriqdir. Millat ziyolilari bir ovozdan ogohlantirishmoqda: agar hozir ana shu «kichik agressiya» kurtaklariga e'tibor qaratilmasa, ertaga uning hayqirig'i butun bir millat qiyofasini, madaniyati va hatto o'zligini yeb bitiruvchi ma'naviy qiyomatga aylanishi mumkin.
Yodingizda bo‘lsa, 2025-yilning 16-dekabrda Moskva viloyatida 15 yoshli maktab o‘quvchisi tomonidan pichoqlangan 10 yoshli bola (tojikistonlik)ning o‘limi butun dunyoda keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi. 2026 yilning fevralida esa Qozog‘istonning Kulsari shahrida 10-sinf o‘quvchisi maktabga bolta ko‘tarib kelib, sinfdoshlariga hujum qilgani oqibatida 2 o‘quvchi jarohatlangan.
Tahlillar so'nggi 5-10 yilda dunyo maktablaridagi hujumlar haqiqatan ham xavfli tendensiyaga aylanib borayotganini ko‘rsatyapti. Bu masala, ayniqsa, tojikistonlik bolakayning o‘limidan keyin juda jiddiy o‘rganila boshlandi: ularning barchasida ko‘zga tashlangan umumiy belgi bor, bu - agressivlik... E’tibor bergan bo‘lsangiz, keyingi o‘n yillikda tahlilchilar tomonidan zummerlarni kutayotgan ma’naviy, moddiy, ekologik va turli ijtimoiy muammolar haqida qator taxminlarni ilgari surishyapti. Tilga olingan muammolar biroz xavotirli, albatta. Ammo yangi avlod vakillarining nega bunchalar agressivlashib borayotgani haqidagi prognozlar yanada xavotirlidir. Xalqaro tadqiqotchilar buni bir necha omillar bilan izohlashyapti. Xususan, ijtimoiy tarmoqlar va algoritmli muhit yoshlar psixologiyasiga kuchli ta’sir ko‘rsatyapti.
Qayd etilishicha, turli platformalardagi algoritmlar odamlarning hissiy reaksiyasini kuchaytiruvchi kontentlarni ko‘proq tarqatmoqda. Bu esa yoshlarda keskin fikrlash, «biz va ular» degan qarama-qarshi dunyoqarashni kuchaytirib, agressiv munosabatni paydo qilmoqda. Bundan tashqari, internetdagi «exo-kameralar» (bir xil fikrlar aylanib yuradigan muhit) insonning g‘azab va norozilik hislarini yanada kuchaytiryapti. Yana bir sabab sifatida doimiy tarqaladigan salbiy axborot oqimi ko‘rsatilyapti. Psixologlarning ta’kidlashicha, o‘smir avlod har kuni telefon orqali urushlar, iqtisodiy inqiroz, zo‘ravonlik va ekologik xavf haqidagi xabarlarni ko‘radi. Bu esa ularda doimiy stress va xavotir hissini kuchaytirib, qo‘rquv va norozilikka olib kelyapti.
Zummerlar nega o‘ta jahldor, qo‘rs va xudbinlashib borayapti, degan savolga esa mutaxassislar tomonidan qator sabablar keltiriladi.
ULARDAN BIRINCHISI: MAKTABLARDAGI BULLING...
Zo‘ravonlik atamasining dunyo OAVlarida qo‘llaniladigan yana bir nomi bor, bu - bulling (tahqirlash) deyiladi. Bulling (bullying - inglizcha ta’qib, zo‘ravonlik) ruhiy va jismoniy zo‘ravonlikning ko‘rinishi bo‘lib, jamoa a’zolaridan biriga (ayniqsa, maktab o‘quvchisi, talaba, hamkasb) boshqa shaxs tomonidan (bir guruh shaxslar tomonidan) muntazam ravishda qasddan zarar yetkazishdir. Bu jarayonda kuchlar notengligi sababli «qurbon» o‘ziga nisbatan zo‘ravonlikni to‘xtatish imkoniga ega bo‘lmaydi. Afsuski, bunday harakatning turlari ko‘p bo‘lib, eng ko‘p zo‘ravonlik maktablarda o‘qituvchilar yoki o‘quvchilar tomonidan (maktab bullingi, bolalar bullingi) sodir etiladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2023 yilgi tadqiqotlari natijasiga ko‘ra, 11 yoshdagi 44 foiz va 15 yoshdagi 27 foiz bola muntazam ravishda kamsitilgan. Yana bir ma’lumotda dunyo bo‘ylab 13 - 15 yoshdagi o‘quvchilarning 42 foizi o‘zlari bulling bilan shug‘ullanganini, ulardan 20 foizi buni muntazam bajarganini tan olgani qayd etiladi. Taxminan 50 foiz o‘quvchi esa maktab va maktab atrofida tengdoshlarining zo‘ravonligiga duchor bo‘lgan.
2023-yil boshida YUNISEF- ning turli davlatlarda olib borgan 80 ga yaqin tadqiqotlarida esa maktab o‘quvchilarining 35 foizi doimiy ravishda tazyiq va zo‘ravonlikka uchragani ko‘rsatiladi. Shu o‘rinda Bullingga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus dasturlarga ega bo‘lgan AQSH, Buyuk Britaniya va Skandinaviyada bunday dasturlar bo‘lmagan davlatlarga qaraganda tazyiq va zo‘ravonlik 20 foizga kam ekani ma’lum bo‘lgan. Rossiyada esa har ikkinchi o‘spirin maktabda bezorilikka duch keladi. 10 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan respondentlarning 52 foizi esa tengdoshlarining bullingidan aziyat chekarkan.
2025 yilgi dunyo statistikalarida esa, bolalarning taxminan 25 - 30 foizi (ya’ni, har uch nafar boladan biri) bulling qurboni bo‘lgani aytiladi. Eng yomoni, kiberbulling ham (onlayn tahqirlash) yildan yilga avj olyapti.
Garchi, O‘zbekistonda bulling bilan bog‘liq statistika mavjud bo‘lmasa-da, tengdoshlariga nisbatan jismonan ojizroq yoki og‘ir-bosiq fe’l-atvorli o‘quvchilar boshqa tengdoshlari tomonidan kamsitilishi, mazax qilinishi, ba’zan esa jismoniy zo‘ravonlikka uchrashi bor gap. To‘g‘ri, maktab psixologi yoki o‘qituvchilar tomonidan bunday vaziyatlar nazoratga olinadi, ammo maktab hududidan tashqarida bu holat sodir bo‘lmasligiga hech qanday kafolat yo‘q. Afsuski, keyingi paytlarda ba’zan o‘qituvchilar tomonidan ham o‘quvchilarga nisbatan bulling sodir etilishi kuzatilmoqda.
Qayd etilishicha, zummerlarning agressivligiga yana bir sabab internetdagi zo‘ravonlik aks etgan kontentlar va video o‘yinlardir. Ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bunday kontentlarni davomli ravishda ko‘rish, video o‘yinlarga mukkasidan ketish bolalarda agressiv fikrlar va salbiy xulq-atvorni shakllantiradi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bola psixologiyasiga salbiy ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan videoo‘yinlar odatda zo‘ravonlik, qo‘rquv, agressiya yoki yoshga mos bo‘lmagan mavzularni o‘z ichiga oladi. Ularda o‘ldirish, janjal va jinoyat elementlari ko‘p bo‘lib, tabiiyki, bular bolalarda agressiyani oshiradi. Ba’zan esa kuchli qo‘rquv va xavotirning paydo bo‘lishiga olib keladi. Oqibatda bola yoki o‘smirda uyqusizlik paydo bo‘ladi. Yanada xavotirlisi esa, bunday yoshlar zo‘ravonlikni «oddiy hol» deb qabul qila boshlaydi. Psixologlar «Sopycat effect» ya’ni internetdan «nusxa olish» effekti, ya’ni mushtumzo‘rlarni «qahramon» qilib ko‘rsatadigan kontentlar ham ma’lum ma’noda agressiyaga sabab bo‘lishini aytib, bundan ota-onalarni ogohlantirishyapti. Ta’kidlanishicha, bu hol uzoq vaqt davom etsa, ba’zi bolalarda qattiq g‘azab va qasos hissi paydo bo‘ladi. Bu esa pedagog- larning emas, ota-onalarning zimmasiga katta majburiyat yuklaydi. Tahlilchilarning fikricha, odamlar ortda qoldi deb o‘ylayotgan pandemiya davri ijtimoiy ko‘nikmalar va stressni boshqarish qobiliyatiga ta’sir ko‘rsatgan ekan. Ikkinchi sabab esa yuqori darajadagi xavotir (anxiety) ekan. 500 nafar o‘quvchi va talabalar o‘rtasida olib borilgan tadqiqotlar «Z» avlod orasida tashvish va stress darajasi juda yuqori ekanini ko‘rsatgan.
Aksariyat psixologlar «Z» avlod an'anaviy institutlar - hukumat, ta’lim tizimi yoki boshqa idoralarga nisbatan shubha bilan qarashini ta’kidlagan. Bu esa ba’zan ijtimoiy tarmoqlarda keskin bahslar, norozilik harakatlari va emotsional reaksiyalar bilan namoyon bo‘ladi. Demak, zummerlarning agressiv ko‘rinishi tabiiy «xarakter» emas. Bu yuqoridagi omillar yig‘indisidir.
NAJOT FAQAT ILMDA...
Dunyo tahlilchilari avvalroq yuqoridagi holatlarga qarshi kurashish uchun internetdan foydalanishga cheklov kiritish, sport to‘garaklari, IT va robototexnika kurslarini ko‘paytirish kabilarni ilgari surishgan bo‘lsa, bugun buning eng maqbul chorasi sifatida yoshlarni ko‘proq kitob o‘qishga rag‘batlantirishni ko‘rsatishmoqda.
Shuningdek, ular bolaga qiziqarli offlayn hayot tashkil etib berilmasa, u baribir ijtarmoqlardagi «qaynoq hayot»ga qaytishi mumkin ekan. Bu esa yuqorida keltirilganidek, yoshlardagi kuchli agressiya va atrof-muhitga befarqlikning paydo bo‘lishiga olib keladi. Xullas, bir paytlar yoshlarga butunlay erkinlik berish kerak deya, jar solgan va bugun shu qaror oqibatlari bilan kurashayotgan dunyo davlatlarining bu boradagi xulosasi bitta: Najot - ilmda...
Mahbuba KARIMOVA,
“Milliy tiklanish” muxbiri
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 1-aprel sonidan olindi