“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!”


856     03.04.2026

Joriy yilning 1-sentyabr kuni yurtimizda xalqimiz hayotida muhim o‘rin tutuvchi qutlug‘ sana – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlanadi.

O‘zbekiston mustaqilligimizning o‘tgan yillardagi davrida ulkan tarixiy natijalarga erishib, nafaqat jadal va barqaror, balki progressiv rivojlanayotgan davlatlar qatoriga qo‘shilganini alohida faxr bilan taʼkidlash joiz. Ushbu yutuqlar zamirida yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ochiqlik va yangilanish siyosati, eng avvalo, inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan ustuvor yondashuv mujassam.

O‘zbekiston Prezidentining 2-aprel kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida ham ayni jihatlar o‘z ifodasini topib, unda qo‘yidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida eʼtibor qaratildi.

Qarorda belgilanganidek, “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh g‘oya asosida nishonlanadigan bayram munosabati bilan 2026-yil 1-avgustga qadar har bir sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilgan natijalar va yutuqlarga bag‘ishlangan “Mustaqillik zafarnomasi” maxsus kitob-albomi tayyorlanadi. 2026-yil avgust–sentyabr oylarida xorijdagi vatandoshlar va o‘zbek diasporasi vakillari ishtirokida “Mustaqil O‘zbekiston – g‘ururim, iftixorim” shiori ostida madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etiladi. “Mustaqil O‘zbekiston – 35 yillik taraqqiyot yo‘li: islohotlar, natijalar va istiqbollar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi.

2026-yil apreldan boshlab esa “35 yillik Istiqlol yilnomasi” ruknida mustaqilligimizning tarixiy bosqichlari, erishilgan yutuqlar va bunyodkorlik ishlarini yorituvchi turkum hujjatli film va ko‘rsatuvlar tayyorlanib, telekanallarda namoyish etiladi.

Albatta, ushbu tarixiy sananing mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng ochib berishda biz – parlament vakillari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari vakillari fuqarolar bilan yanada yaqin va samarali aloqani taʼminlab, olib borilayotgan islohotlar jozibadorligini keng jamoatchilikka yetkazishda faol bo‘lmog‘imiz talab etiladi. Joylarda o‘tkaziladigan tadbirlarda ishtirok etadigan aholining fikr-mulohazalarini inobatga olib, istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlarini aniq belgilash hamda mustaqilligimizni yanada mustahkamlash yo‘lida tashabbus ko‘rsatishimiz lozim.

 

Azamat PARDAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati