500 07.04.2026
Sog‘lom aholi — sog‘lom jamiyat asosi. Tibbiyot insonlarni mehnatga layoqatli holda saqlab, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishga katta hissa qo‘shadi. U nafaqat kasallikparni davolaydi, balki ularning oldini olish, inson umrini uzaytirish va hayot sifatini yaxshilashga xizmat qiladi. Insonning umumiy jismoniy va ruhiy holatini yaxshilash ham tibbiyotning muhim vazifalari sirasidadir.
Shu haqda Oliy Majlis Senati aʼzosi Zumrad Bekatova o‘z mulohazalarni bildirdi.
— Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida ham tibbiyot sohasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar borasida fikrlar bildirilgan edi. Xususan, unda sog‘liqni saqlash xodimlari bilan 2025-yil davomida ikki marta uchrashib, ularda ko‘rib chiqilgan barcha masalalar bo‘yicha farmon va qarorlar qabul qilinganiga alohida eʼtibor qaratilgani bejiz emas. Sababi ushbu uchrashuvlarda sohada olib borilayotgan ishlar, ularning ijobiy natijalariga to‘xtalib, o‘z yechimini kutayotgan barcha masalalar tahlil qilindi hamda yangi vazifa va imkoniyatlar belgilab olindi.
Uchrashuvlarda hozirgi global iqtisodiyotda raqobatga chidamli bo‘lish uchun malakali kasb egalari va mutaxassislar, zamonaviy texnologiyalar hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi. Kelgusi besh yilda iqtisodiyotimiz hajmini 240 mlrd. dollardan oshirishga xizmat qiluvchi omillar qatorida taʼlim va tibbiyotda sifatni yangi bosqichga olib chiqadigan ilg‘or xorijiy tajribalarni keng joriy etish uchun yangi texnologiyalarni olib kirish, kadrlarni ilm-fan va innovatsiyalarga asoslangan zamonaviy kasblarga tayyorlash masalalariga ham to‘xtab o‘tildi.
Har bitta yo‘nalishda bo‘lgani kabi tibbiyot sohasida ham malakali kadrlarning ahamiyati juda muhim. O‘tgan yili belgilab olingan islohotlar doirasida soha uchun kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish masalalari ko‘zda tutilgan edi. Shu maqsadda mavjud uchta oliy o‘quv yurti negizida Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashkil etildi. Urganch davlat tibbiyot instituti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Samarqand davlat tibbiyot universiteti nufuzli xalqaro “Times Higher Education” (TNE) reytingidan joy oldi. Bugungi kunda xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining soni 8 tani tashkil etmoqda.
Toshkent davlat tibbiyot universiteti qoshida Oliy kasbiy tibbiyot akademiyasi tashkil qilinishi hamshiralarni tayyorlash tizimini takomillashtirib, oliy maʼlumotga ega, shifokor bilan yonma-yon turadigan, haqiqiy maʼnoda shifokorga ko‘makchi bo‘ladigan hamshiralarni tayyorlashga zamin yaratmoqda. Chunki bugungi kunda aynan tibbiyot yo‘nalishida malakali shifokor va hamshiralarga talab katta. Agar masalaga har o‘n ming aholiga qancha shifokor to‘g‘ri kelishi nuqtai nazaridan yondashadigan bo‘lsak, mamlakatimizda bu ko‘rsatkich AQSH, Buyuk Britaniya, Finlyandiya bilan bir xil, yaʼni har 10 ming aholiga 27 nafar shifokor to‘g‘ri keladi. Turkiya va Kanadada esa bu raqamlar 1,5 baravar kam.
Prezidentimizning tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvlarida sohadagi kamchiliklar ham tilga olinib, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlariga so‘nggi besh yilda 7,5 trln. so‘m mablag‘ ajratilgani, ular minglab zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan bo‘lishiga qaramay, bu uskunalarning quvvatidan 25 foizgina foydalanilayotgani tanqid qilingan edi.
Sir emas, sohani rivojlangan mamlakatlar darajasiga olib chiqish borasida ko‘plab ishlar qilinayotgan bo‘lsada, qishloq joylarda malakali shifokorlar va zamonaviy uskunalar yetishmasligi, ayrim hududlarda xizmat ko‘rsatish sifatining talab darajasida emasligi, shifokor va hamshiralar ish yukining og‘irligi kabi muammolar ham ko‘zga tashlanmoqda. Shuningdek, ayrim tor yo‘nalishlarda malakali mutaxassislar tanqisligi, bemor bilan muloqot, tashxis qo‘yishda xatoliklar uchrab turishi va hujjatbozlik kabi illatlarning hali to‘liq barham topmagani sohada olib borilayotgan islohotlarga soya solmoqda.
Bugungi kunda dunyo miqyosida ham infarkt, insult, onkologik, nefrologik kabi yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni davolash uchun alohida eʼtibor talab qilinadi. Mamlakatimizda ham ayni kasalliklarni davolash, transplantatsiya, emlash hamda ona-bola salomatligini muhofaza qilish yo‘nalishlariga avvalgi yillardagiga qaraganda 1,5 barobar ko‘p, yaʼni 3,5 trln. so‘m ajratilishi nazarda tutildi.
Oxirgi yillarda sog‘liqni saqlash sohasini modernizatsiya qilishga alohida eʼtibor qaratilib, birlamchi tibbiy yordam (oilaviy poliklinikalar) tizimi bosqichma-bosqich takomillashtirildi. Yangi shifoxonalar, poliklinikalar va ixtisoslashtirilgan markazlar qurilib, ko‘plab tibbiyot muassasalari zamonaviy uskunalar bilan jihozlanmoqda. Bunday keng ko‘lamli ishlar, ayniqsa, tibbiyotning kardiologiya, onkologiya, neyroxirurgiya, transplantologiya kabi sohalarida ko‘zga yaqqol tashlanmoqda.
Tarmoqni taraqqiy ettirish borasida ilgari surilgan taklif va tashabbuslar, belgilab olingan vazifalar mamlakatimizda tibbiyotni barqaror rivojlantirish, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish va xalqimiz salomatligini mustahkamlash borasidagi islohotlar yangi bosqichga olib chiqilayotganidan dalolatdir.
Bunday islohotlar Yangi O‘zbekistonda soha faoliyatini xalqaro andozalar asosida tashkil qilish, tibbiyot muassasalarining faqat shifo maskani emas, ilmiy-innovatsion jarayonlar markaziga aylanishiga zamin yaratib, yurtimizda inson qadrini yanada yuksaltirish hamda xalqimizning zamonaviy, malakali tibbiy xizmat bilan qamrab olinishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Hamroqul QARSHIYEV
(«Xalq so‘zi») yozib oldi.
“Xalq so‘zi” gazetasining 2026-yil 5-aprel sonidan olindi