Iqtisodiy yuksalish va barqarorlik omili


554     07.04.2026

Mamlakatimizda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, ularni qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiy faolligini oshirishga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmokda.

Ayollar tadbirkorligining rivojlanishida davlat tomonidan yaratilayotgan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ham muhim ahamiyatga ega. O‘tgan yilda “Hamroh” dasturi doirasida xotin-qizlarning 3 mingta loyihasiga jami 1 trln. so‘m ajratilgan bo‘lsa, joriy yilda 1,5 mln. nafar ayolni daromadli qilib, shundan 400 ming nafarini biznesga jalb etish bo‘yicha 25 trln. so‘mdan ziyod resurs yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Prezidentimiz farmoniga muvofiq, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida 100 mln. AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratildi. Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida ayollarning tadbirkorlikni boshlash va rivojlantirishi uchun qulay iqtisodiy hamda institutsional muhit shakllanmoqda.

Yurtimizda xotin-qizlarning iqtisodiy hayotdagi ishtiroki sezilarli darajada oshganini tadbirkorlarning 40 foizini ayollar tashkil etayotganidan ham bilsa bo‘ladi. Ayniqsa, qishloq joylarda yashovchi opa-singillarimiz qayta ishlash va qishloq xo‘jaligi sohalarida faol qatnashayotgan bo‘lsa, shaharlarda tikuvchilik, qandolatchilik, kosmetologiya, taʼlim xizmatlari, sog‘liqni saqlash hamda maishiy xizmat ko‘rsatish kabi yo‘nalishlarda faollik ko‘rsatmoqda.

Bugungi kunda ishbilarmon ayollar doirasi ikki barobar kengayib, ularning soni 200 ming nafardan oshdi. Shuningdek, iqtisodiyot va sanoat tarmoqlaridagi ulushi 46 foizga yetdi. 120 mingdan ortiq kichik biznes subyektlari hamda 4550 dan ziyod fermer xo‘jaliklari ayollar rahbarligida faoliyat yuritmoqda. Bu esa ular ishbilarmonligi, ayniqsa, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida barqaror rivojlanayotganini ko‘rsatadi.

Milliy statistika maʼlumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar oyida mamlakatimizda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 80,5 trln. so‘mni tashkil qilgan. Ushbu ko‘rsatkichda ayollar tadbirkorligi hissasi salmoqli o‘rin tutadi. Bu esa xotin-qizlar nafaqat anʼanaviy xizmat ko‘rsatish sohalarida, balki iqtisodiyotning boshqa muhim tarmoqlarida ham faol ishtirok etayotganining namoyonidir.

Rivojlangan mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, ayollar tadbirkorligi iqtisodiy o‘sishning muhim drayverlaridan biriga aylanib bormoqda. Xalqaro tahlillarga ko‘ra, dunyoda yangi biznes subyektlarining qariyb 30 foizdan ko‘pi ayollar tomonidan yo‘lga qo‘yilmoqda va samarali boshqarilmoqda.

O‘z navbatida, ayollar tadbirkorligining rivojlanishi innovasion iqtisodiyotni shakllantirishda ham muhim ahamiyatga ega. Bugungi kunda tadbirkorlik yo‘nalishida gender chegaralar deyarli yo‘qoldi. Negaki, ilgari ayollar, asosan, pedagogika yoki xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida faoliyat yuritgan bo‘lsa, hozirgi vaqtda ular qurilish, moliya, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, innovatsiya va raqamli iqtisodiyot kabi sohalarda ham muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda.

Raqamli texnologiyalar, internet platformalari va elektron xizmatlar tadbirkorlik faoliyatining makon va vaqt chegaralarini qisqartirib, yangi biznes modellarini shakllantirishi xotin-qizlar imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish orqali ayollar onlayn taʼlim, elektron savdo, xizmat ko‘rsatish platformalari, kontent ishlab chiqarish va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish iqtisodiy o‘sishni taʼminlash, ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Xotin-qizlar nafaqat oila va jamiyat tayanchi, balki iqtisodiy taraqqiyotning muhim drayverlaridan biri sifatida ham namoyon bo‘lar ekan, quyi bo‘g‘in — mahallalarda xotin-qizlar tadbirkorligini yanada rivojlantirish uchun qator yo‘nalishlarga eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq. Jumladan, mahalla darajasida tadbirkorlikka o‘qitish markazlarini kengaytirish, ayollarga biznes reja tuzish, marketing va moliyaviy savodxonlik bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar berish hamda mahallabay biznes loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, kichik va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun imtiyozli kredit hamda grantlar ajratish muhim. Ayollarni elektron savdo, onlayn xizmatlar va raqamli platformalar orqali biznes yuritishga o‘qitish hamda ijtimoiy tadbirkorlikni rag‘batlantirish, taʼlim, sog‘liqni saqlash va mahalla infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash alohida ahamiyatga ega.

Bu kabi o‘zgarishlar va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari mahallalarda xotin-qizlar tadbirkorligi yanada ravnaq topishiga xizmat qilib, yurtimizda iqtisodiy barqarorlik hamda aholi farovonligini taʼminlashga hissa qo‘shadi.

 

Jamila BOBANAZAROVA,
Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar,
tashqi iqtisodiy aloqalar,
xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi aʼzosi.
“Xalq so‘zi” gazetasining 2026-yil 5-aprel sonidan olindi