Kiberxavfsizlik — mamlakat ravnaqining muhim omili


737     08.04.2026

Bugungi kunda insoniyat taraqqiyotining eng muhim xususiyatlaridan biri raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi va ularning jamiyat hayotining barcha sohalariga chuqur kirib borayotganidir. Internet tarmog‘ining kengayishi, elektron davlat xizmatlarining joriy etilishi, raqamli iqtisodiyotning shakllanishi zamonaviy taraqqiyotning asosiy drayverlariga aylanmoqda.

Shu bilan birga, raqamli muhitda yangi xavf-xatarlar ham paydo bo‘lmoqda. Kiberhujumlar, onlayn firibgarlik, shaxsiy maʼlumotlarni noqonuniy tarqatish, axborot tizimlariga noqonuniy kirish holatlari dunyo miqyosida tobora ko‘payib borayotgani bu masalaga jiddiy va tizimli yondashuvni talab etyapti.

Shu nuqtai nazardan, mamlakatimizda kiberxavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmokda. Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasining kiberxavfsizlik strategiyasini belgilash va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni sohada davlat siyosatini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqqan muhim huquqiy hujjat bo‘ldi.

Mazkur hujjatning asosiy maqsadi mamlakat kibermakonida shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini ishonchli himoya qilish, axborot infratuzilmalarining barqaror faoliyatini taʼminlash, raqamli iqtisodiyot tarmoqlarida xavfsizlikni mustahkamlash hamda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishning samarali mexanizmlarini shakllantirishdan iborat.

Davlat boshqaruvi tizimi, bank-moliya sohasi, energetika tarmog‘i, transport infratuzilmasi, taʼlim va tibbiyot muassasalari raqamli texnologiyalarga tayanayotganini hisobga olsak, ushbu sohalarda axborot xavfsizligini taʼminlash davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri ekani yaqqol namoyon bo‘ladi.

Farmonda milliy kiberxavfsizlik siyosati doirasida qator strategik vazifalar aniq belgilab berilgan. Xususan, milliy kiberbarqarorlikni mustahkamlash, muhim axborot infratuzilmasini ishonchli himoya qilish, kibertahdidlarga qarshi samarali tizim yaratish, davlat organlari va xususiy sektorning raqamli xavfsizligini taʼminlash hamda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish mexanizmlarini kuchaytirish kabi masalalar ustuvor vazifalar sifatida o‘rin olgan. Bu esa kiberxavfsizlikni faqat texnik yoki sohaviy masala sifatida emas, balki milliy xavf-sizlik, iqtisodiy taraqqiyot va jamiyat barqarorligi bilan uzviy bog‘liq strategik yo‘nalish sifatida ko‘rish zarurligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Farmonda kibertahdidlarga qarshi tezkor va samarali javob berish mexanizmlarini shakllantirishga ham eʼtibor qaratilgan. Buning doirasida kiberxavflarni monitoring qilish, tahlil etish va ularga qarshi tezkor chora ko‘rish imkonini beruvchi zamonaviy markazlar hamda axborot almashinuv tizimlarini shakllantirish ko‘zda tutilgan.

O‘z navbatida, kiberxavfsizlik sohasida sunʼiy intellekt va innovatsion texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish ham muhim vazifalardan biri sifatida belgilangan. Bu kibertahdidlarni barvaqt aniqlash, ularni prognoz qilish va xavflarni oldindan bartaraf etish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Bunday kompleks yondashuv mamlakat raqamli infratuzilmasining barqarorligi va ishonchliligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Qayd etish joizki, keyingi yillarda internet orqali sodir etilayotgan firibgarlik, bank kartalari maʼlumotlarini o‘g‘irlash, shaxsiy maʼlumotlarni noqonuniy tarqatish kabi jinoyatlar soni ortib borayotgani mazkur sohada tizimli choralar ko‘rishni talab etmoqda.

Farmon doirasida kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishning institutsional va huquqiy asoslari yana-da mustahkamlanadi. Xususan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning texnik imkoniyatlari kengaytiriladi, kiberjinoyatlarni tergov qilishning zamonaviy usullari joriy etilib, internet makonida huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha profilaktik ishlar kuchaytiriladi. Bu esa raqamli muhitda fuqarolarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoyalash, internet makonida qonuniylik va tartibni taʼminlashga xizmat qiladi.

 

Jumanazar OTAJONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

“Xalq so‘zi” gazetasining 2026-yil 5-aprel sonidan olindi