156 20.09.2024
Inson hayoti va salomatligi – ulug‘ neʼmatdir. Sog‘lig‘imizni asrash nafaqat o‘zimizga, shu bilan birga, tibbiyot sohasi xodimlarining masʼuliyatiga ham bog‘liq. Shu bois, mamlakat sog‘liqni saqlash tizimida aholi salomatligini muhofaza qilishga alohida eʼtibor qaratilib, soha vakillari, tibbiyot xodimlari zimmasiga katta masʼuliyat yuklanadi.
Biroq, ayrim tibbiyot xodimlarining malakasizligi yoki noto‘g‘ri muolajalari tufayli bemorlar sog‘lig‘iga zarar yetkazilayotgani, baʼzi hollarda shifokor xatosi tufayli bemor hayotdan ko‘z yumayotgani zaruriy choralarni ko‘rishni taqozo etmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga ko‘ra, tibbiy amaliyotda baxtsiz hodisa natijasida bemorning nobud bo‘lish ehtimoli har 300 ta holatdan 1 tani tashkil etadi. Har yili qariyb 3 mln bemor tibbiyot xodimlarining ehtiyotsizligi yoki befarqligi tufayli hayotdan ko‘z yumadi, har uninchi bemor noto‘g‘ri tibbiy muolajadan aziyat chekadi.
Mazkur holatlarni inobatga olgan holda, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tibbiy yordam ko‘rsatmaslik, noto‘g‘ri tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha noto‘g‘ri maʼlumotnoma berganlik uchun javobgarlik belgilash taklifini ilgari surmoqda. Buni, dolzarb ahamiyatga ega, deb hisoblaymiz.
Birinchidan, yangilangan Konstitutsiyaning 48-moddasiga asosan, har kim sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega. Bu huquqning negizida tibbiy yordamning sifati alohida o‘rin egallaydi. Binobarin, tibbiy yordamning sifatsizligi, xususan, tibbiy yordamni ko‘rsatmaslik yoki noto‘g‘ri tashxis uchun javobgarlik belgilash zarurati mavjud.
Ikkinchidan, JSST Nizomi muqaddimasida davlatlar o‘z xalqlari salomatligi uchun javobgar ekanligi, bu esa sog‘liqni saqlash sohasida tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab etishi o‘z ifodasini topgan. Tibbiy xizmat tibbiy yordam ko‘rsatmaslik, noto‘g‘ri tashxis qo‘yish uchun javobgarlikni belgilash ham xalqaro andozalarga mos keladi.
Uchinchidan, ko‘pgina xorijiy davlatlarda (Belarus, Bolgariya, Estoniya, Gruziya, Latviya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Polsha, Rossiya, San-Marino) tibbiy yordam ko‘rsatmaslik yoxud lozim darajada ko‘rsatmaslik uchun tibbiyot xodimlari javobgarligi belgilangan.
To‘rtinchidan, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 591-moddasida hayoti yoki sog‘lig‘i uchun xavfli holatda bo‘lgan shaxsga shoshilinch va (yoki) kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam ko‘rsatishni asossiz ravishda rad etish uchun maʼmuriy javobgarlik nazarda tutilgan bo‘lib, mazkur huquqbuzarlik uchun jarima jazosi belgilangan. Jinoyat kodeksida esa kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik (116-modda) hamda xavf ostida qoldirish (117-modda) uchun javobgarlik muhrlab qo‘yilgan.
Mazkur jinoyatlar umumiy mazmunda tavsiflangani holda bunday holatlarda tibbiyot xodimining javobgarligi alohida qayd etilmagan.
Milliy qonunchiligimizda noto‘g‘ri tashxis qo‘yish yoki sifatsiz tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun alohida javobgarlik belgilanmagan. Partiyamiz taklifining hayotga tatbiq etilishi, shubhasiz, Asosiy qonunimizda belgilangan sifatli tibbiy yordam taʼminlanishiga xizmat qiladi.