700 08.04.2026
Amir Temur nafaqat o‘z tariximiz, balki, jahon tarixida ham buyuk sarkarda, davlat arbobi va ma’naviyat homiysi sifatida alohida o‘rin tutadi. U XIV asrning ikkinchi yarmida Markaziy Osiyoda kuchli markazlashgan davlat barpo eta olgan yagona shaxsdir.
Uning hukmronlik davri nafaqat harbiy yurishlar va siyosiy yutuqlar, balki ilm-fan, madaniyat va ma’naviy qadriyatlarning yuksalishi bilan ham ajralib turadi.
Davlatimiz rahbarining 2026-yilda «Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qarorida buyuk davlat arbobi va sarkarda bobokalonimiz tavalludining 690 yilligini nishonlash munosabati bilan amalga oshiriladigan tashkiliy va amaliy chora- tadbirlar belgilab berildi.
Unga ko‘ra, har yili aprel oyi «Amir Temur oyligi» deb e’lon qilindi. Ushbu oylik doirasida umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari, harbiy qism va harbiy ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlar hamda mahallalarda temurshunos olimlar, yozuvchi va san’atkorlar ishtirokida uchrashuvlar, badiiy-ma’rifiy tadbirlar uyushtiriladigan bo‘ldi.
Haqiqatan ham, temuriylar davrida shakllangan qadriyatlar tizimi jamiyatning siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy hayotiga chuqur ta’sir ko‘rsatgan. Bu davrning «Ikkinchi Renessans» davri deb atalgani ham bejiz emas, chunki aynan Amir Temur davrida ko‘p jihatdan ilm-fan va madaniyat misli ko‘rilmagan darajada rivojlandi. Bu davrda shakllangan qadriyatlar tizimi jamiyat hayotining barcha jabhalarida o‘z aksini topgan.
Shuningdek, Amir Temur davlat boshqaruvida adolat va qonun ustuvorligi eng muhim mezon sifatida belgilanganini alohida ta’kidlash joiz. Uning «Temur tuzuklari» asarida davlatni boshqarish, rahbar va xalq o‘rtasidagi munosabatlar, harbiy va ma’muriy tizim aniq bayon etilgan. Ushbu tamoyillar davlatda barqarorlik, tartib va tinchlikni ta’minlashga xizmat qilgan. Uning siyosati tufayli markazlashgan boshqaruv tizimi shakllangan va ichki nizolar kamaygan. Bu qadriyatlar esa jamiyatda barqarorlik va tinchlikni ta’minlashga xizmat qilgan. Olimlarning qayd etishlaricha, Temuriylar davrida ilm-fan va madaniyatga katta e’tibor qaratilgan. Ayniqsa, keyingi avlod vakillari, jumladan, Mirzo Ulug‘bek tomonidan ilm-fan yanada rivojlantirilgan.
Madrasa va kutubxonalar qurilib, olimlar va ijodkor ahli qo‘llab-quvvatlangan, astronomiya, matematika, tibbiyot sohalari taraqqiy etgan. Bu esa jamiyatning ma’naviy yuksalishiga olib kelgan.
Ayniqsa, me’morchilik va san’at yuqori cho‘qqiga chiqqan. Samarqand va boshqa shaharlar ham jahon miqyosidagi madaniy markazlarga aylangan. Masjidlar, madrasa va saroylar barpo etildi, naqqoshlik va hunarmandchilik rivojlangan, shaharsozlik esa jadal yuksalgan.
Amir Temur saxovatli va insonparvar hukmdor sifatida ham dong taratgan. Muhtojlarga yordam berish, obodonchilik ishlarini amalga oshirish, jamoat manfaatlarini ko‘zlash kabi qadriyatlar xalq orasida mehr-oqibat, vatanparvarlik muhitini shakllantirgan. Bugun yurtimizda olib borilayotgan islohotlarda ham Amir Temur kabi buyuk ajdodlarimizning adolatli davlat boshqaruvi izchil davom etayotganini ko‘rish mumkin.
Bir so‘z bilan aytganda, Amir Temur davrida shakllangan qadriyatlar nafaqat o‘tmish merosi, balki kelajak avlod uchun ham muhim ma’naviy asosdir. Ular yoshlarni barkamol inson qilib tarbiyalashda, jamiyatni rivojlantirish va milliy qadriyatlarni saqlashda ham shubhasiz, katta ahamiyat kasb etmoqda.
Nigora LUTFULLAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 8-aprel sonidan olindi