611 09.04.2026
Bugungi O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining muhim bosqichida turibdi. So‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatning nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlariga, balki boshqaruv falsafasi va jamiyat tafakkuriga ham sezilarli taʼsir ko‘rsatmoqda. Endilikda rivojlanish masalasi tor doiradagi ichki jarayon sifatida emas, balki global kontekstda ko‘rilmoqda.
Shu nuqtai nazardan, Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning xalqaro maydondagi faoliyati eʼtiborga loyiq. Vashingtonda o‘tkazilgan uchrashuvlar, xususan, AQSH Davlat kotibi, Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakil hamda savdo vakili bilan olib borilgan muzokaralar O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy siyosatida izchillik borligini ko‘rsatadi. Bu muloqotlarda asosiy urg‘u strategik sheriklikni yanada rivojlantirish, investitsiya muhitini yaxshilash, savdo aloqalarni kengaytirish va amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratildi.
Ahamiyatli jihati, uchrashuvlarda O‘zbekistonga bo‘lgan investorlar qiziqishi ortib borayotgani qayd etildi. Bu tasodif emas, albatta. So‘nggi yillarda iqtisodiy liberallashuv, biznes yuritish sharoitlarining soddalashtirilishi va ochiqlik siyosati bosqichma-bosqich natija bera boshladi. Mamlakatimizdagi bunday o‘zgarishlar esa xalqaro hamkorlar tomonidan diqqat bilan kuzatilmoqda.
Uchrashuvlarda sanoat, energetika, infratuzilma va innovatsiyalar kabi strategik sohalarga alohida eʼtibor qaratilgani ham bejiz emas. Aynan shu yo‘nalishlar uzoq muddatli iqtisodiy barqarorlikni taʼminlaydigan asosiy omillar hisoblanadi. Bundan tashqari, Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lish jarayoni ham muhokama markazida bo‘ldi. Bu O‘zbekistonni global savdo tizimiga chuqurroq integratsiya qilishi bilan birga, ichki iqtisodiy mexanizmlarni ham takomillashtirishni talab etadi.
Saida Mirziyoyevaning mazkur jarayonlardagi ishtiroki faqat protokol darajasidagi qatnashuv emas, balki yangi boshqaruv uslubining ifodasi sifatida ko‘riladi. Bugungi kunda davlat boshqaruvida kommunikatsiya, ochiqlik va tashqi dunyo bilan faol muloqot muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa rahbarlardan nafaqat siyosiy tajriba, balki zamonaviy fikrlash va moslashuvchanlikni ham talab qiladi.
Eng muhim jihatlardan biri bu o‘zgarishlarning ijtimoiy aks sadosidir. Jamiyatda, ayniqsa, yoshlar orasida yangi qarashlar shakllanmoqda. Global fikrlash, tashabbuskorlik va o‘z imkoniyatlariga ishonch kuchayib boryapti. Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faolligi ortayotgani ham shu jarayonning muhim ko‘rsatkichidir.
Shu maʼnoda, bugungi kunda ayol rahbarlarning yuqori darajadagi ishtiroki ramziy emas, balki amaliy ahamiyatga ega. Bu holat jamiyatdagi stereotiplarning asta-sekin o‘zgarayotgani, imkoniyatlar doirasi kengayayotganini anglatadi. Ayniqsa, yosh qizlar uchun bu – kelajakda o‘z o‘rnini topish mumkinligi haqidagi real signaldir.
Xulosa qilib aytganda, Yangi O‘zbekiston faqat iqtisodiy yoki siyosiy islohotlar majmui emas. Bu – yangi tafakkur, yangi boshqaruv madaniyati va yangi avlod shakllanishi jarayonidir. Ushbu jarayonda zamonaviy liderlarning, jumladan, Saida Mirziyoyevaning faoliyati muhim o‘rin tutadi. Chunki aynan shunday yondashuvlar orqali jamiyatda uzoq muddatli va barqaror o‘zgarishlarga zamin yaratiladi.
Nargiza XAMIDOVA,
O‘quv-tadqiqot va tahlil markazi direktori