566 10.04.2026
“Kuch – adolatda” hikmatini eng oliy qadriyatga aylantira olgan buyuk davlat arbobi va sarkarda, Temuriylar Renessansi asoschisi Amir Temur nafaqat Markaziy Osiyo, dunyo davlatchiligi tarixida ham o‘z o‘rniga ega bo‘lgan beqiyos shaxs hisoblanadi. “Mamlakat ahli zulmga chidashi mumkin, ammo adolatsizlikka chiday olmaydi”, deb yozgan edi o‘z davrida 27 o‘lkani birlashtirgan Sohibqiron “Temur tuzuklari”da va bunga o‘zi ham qatʼiy amal qilib, boshqalarni ham shunga undagan. Xalq manfaatini har qanday masaladan ustuvor bilgan.
Shu bois, mana qariyb yetti asrki Amir Temur siymosi insoniyat tarixida o‘zgacha hurmat bilan eslanadi, ibratli ishlari yodga olinadi, boy merosi tadqiq qilinadi. Buning isbotini o‘tgan yillarda Sohibqironga bag‘ishlab Yevropa tillarida 500 dan ortiq, Sharq tillarida esa 1000 ga yaqin katta tarixiy va ilmiy asarlar yozilganida ham ko‘rish mumkin. Uning davlatni tuzish va boshqarish qonun-qoidalari, xavfsizlik, harbiy sanʼat va strategiya, ijtimoiy adolatni taʼminlashga oid betakror merosi, boy tajribasi, ayniqsa, bugungi notinch dunyoda yanada muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Zero, bugun ayrim kuchlar dunyo siyosatini “Kuch – adolatda” tamoyiliga emas, adolat kuchda degan aqida asosiga qurishga harakat qilmoqda.
Amir Temur nafaqat o‘z davridagi eng qudratli davlat asoschisi, balki ilm-fan, madaniyat va sanʼat, maʼnaviyat homiysi, qadim Samarqandni dunyoning eng ko‘rkam va ulug‘vor shaharga aylantira olgan tarixiy shaxs ham hisoblanadi. Sohibqiron Ikkinchi Renessans asoschisi sifatida dunyo sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shganini alohida eʼtirof etish lozim.
Har qanday taraqqiyotning asosini taʼlim-tarbiya, ilm-fanda deb bilgan Amir Temur Samarqandga olimu fuzalolar, tarixchilar, usta-meʼmorlarni jalb qildi. Maʼnaviyat va maʼrifat ahlining jamiyatdagi mavqeyini, obro‘sini ko‘tarib, shahar va qishloqlarda boshlang‘ich maktablar ochdi. Katta shaharlarda oliy taʼlim muassasalari sifatida – madrasalar bunyod etdi. Diniy bilim bilan birga dunyoviy ilm berilishini yo‘lga qo‘ydi. Samarqandda o‘z davrida yagona bo‘lgan kutubxona barpo etdi. Mudarrislarga kundalik maoshlar belgilab, taʼlimga, ilmga eʼtiborni davlat siyosati darajasiga ko‘tardi.
Umuman olganda, Amir Temur davrida barcha sohalar, jumladan, iqtisodiyot, tashqi siyosat, savdo-sotiq rivojlandi. Ko‘kalamzorlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. Temur va Temuriylar davrida Samarqand va uning atrofida 14 ta katta bog‘ barpo etilgan bo‘lsa, uning 10 tasiga Amir Temur asos solgani taʼkidlanadi. Bog‘i baland, Bog‘i behisht, Bog‘i davlatobod, Bog‘i dilkusho, Bog‘i shamol, Bog‘i maydon shular jumlasidandir. O‘zi tug‘ilib o‘sgan shahri Kesh – Shahrisabz, yaʼni “yashil shahar” deb atala boshlandi. Suv chiqmagan yerlarga ariq, hovuzlar qazilib, suv olib kelindi va dehqonchilik ishlari kengaytirildi. Amir Temur “obodonchilikka arziydigan bir qarich ham yer bo‘sh qolmasin”, deb qayg‘urardi deydi tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlarni tom maʼnoda aynan Amir Temur davrida boshlangan bunyodkorlik ishlarining mantiqiy davomi desak to‘g‘ri bo‘ladi. Bugun yurtimizda Uchinchi Renessansga mustahkam poydevor qo‘yilayotgan ekan, bu jarayonda Sohibqiron merosi, “Temur tuzuklari” tarixiy asari biz uchun dasturulamal, g‘oyat qimmatli manba vazifasini o‘tamoqda. Amir Temur siymosi, ezgu g‘oyalari xalqimizning o‘zlikni anglash, milliy qadriyat, anʼana va urf-odatlarimizni tiklash, ayniqsa, yoshlarga ulug‘ ajdodlarimizga munosib taʼlim berish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdek o‘ta masʼuliyatli maqsadlarimiz ro‘yobida maʼnaviy kuch-quvvat manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.
Prezidentimizning joriy yil 5-fevraldagi “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va sanʼat homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori bilan shu kunlarda yurtimizning barcha taʼlim va harbiy muassasalari, korxona va tashkilotlar, mahallalarda “Amir Temur oyligi” doirasida madaniy-maʼrifiy, ilmiy tadbirlar, xalqaro anjumanlar o‘tkazilmoqda. Amir Temur va temuriylar davri tarixi bilan bog‘liq turkum kitoblar, ilmiy va ilmiy-ommabop asarlar tayyorlanib, chop etish choralari ko‘rilyapti.
Asosiy maqsad: buyuk ajdodimiz asos solgan Ikkinchi Uyg‘onish davrining milliy va umuminsoniy mohiyati, yosh avlodni Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari etib tarbiyalash borasidagi ulkan o‘rni va taʼsirini inobatga olib, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan tashkiliy-amaliy, ilmiy va maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni yangi sifat bosqichiga ko‘tarishdir.
Zero, Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Buyuk sohibqiron Amir Temur bobomiz Oqsaroy peshtoqiga “Adolat – davlatning asosi va hukmdorlar shioridir”, degan hikmatli so‘zlarni yozdirgani bejiz emas, albatta. Ushbu ulug‘vor g‘oya inson qadr-qimmatini oliy darajaga ko‘tarish borasidagi amaliy harakatlarimiz poydevoriga aylandi.
Zuhra MIRG‘OZIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati