Ism qo‘yish va ularning yozilishini milliy anʼanalarga muvofiqlashtirishni taklif etamiz


142     22.09.2024

   O‘zbekistonda milliy anʼanalarni tiklash va qadriyatlarni saqlashga bo‘lgan qiziqish so‘nggi yillar davomida kuchayib borayotgani kuzatilmoqda. “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Saylovoldi dasturida farzandlarga milliy anʼanalarga mos ismlar qo‘yish va ularni rasmiy hujjatlarda qayd etish masalasiga alohida eʼtibor qaratilgani hech kimni befarq qoldirmaydi, deb o‘ylaymiz. Bundan ko‘zlangan maqsad yangi avlodni tarbiyasida milliy madaniy meros va qadriyatlarga ustuvor ahamiyat berish bilan izohlanadi.

   Darhaqiqat, farzandlarga milliy anʼanalarga mos ism qo‘yish jiddiy masaladir. Chunki so‘nggi yillarda o‘zbek jamiyatida, ayniqsa, yangi tug‘ilgan bolalarga berilayotgan ismlar borasida muayyan o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Bunda globalizatsiya va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, shuningdek, xorijiy ommaviy axborot vositalarining taʼsiri katta bo‘lmoqda.

   Har bir ism – bolaning kelajagi, uning shaxsiyati, jamiyatdagi o‘rni bilan bog‘liq. Shunday ekan, ajdodlarimizdan meros bo‘lgan milliy anʼanalarni saqlash, madaniy merosimizga eʼtiborli bo‘lish katta ahamiyatga ega.

   Bugungi kunlarda milliy qadriyatlarimizga mos kelmaydigan, turli xalqlarga xos ismlar ommalashib borayotgani ham bor gap. Bunda davlat va xususiy telekanallar, ijtimoiy tarmoqlarda uzluksiz namoyish etilayotgan ajnabiy seriallarning salbiy taʼsiri katta bo‘lmoqda. Go‘yoki serial qahramonlari ismini farzandlarimizga qo‘ysak, ular “zamonaviylashib” qoladigandek...

   Shu nuqtai nazardan, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi ilgari surayotgan “Ism qo‘yish va ularning yozilishini milliy anʼanalarga muvofiqlashtirish” tashabbusida chaqaloqlarga ism qo‘yishda uchrayotgan imlo xatolari haqidagi fikr-mulohazalar bugungi kun uchun dolzarb ekaniga shubha yo‘q. Ayniqsa, bunday holat jamiyatdagi savodxonlikka ham salbiy taʼsir ko‘rsatadi. Pasportlardagi xatolar, shuningdek, tug‘uruqxonalardan berilgan rasmiy hujjatlar va davlat xizmatlari markazlari orqali rasmiylashtirilgan tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalarda ham ana shunday xatoliklar uchrashi masalaga jiddiy eʼtibor qaratishni talab etadi.

   Xususan, x va h, o‘ va u, q va k harflarining noto‘g‘ri qo‘llanilishi nafaqat tildagi aniqlikni buzadi, balki kelajakda ham turli maʼmuriy va huquqiy muammolarga olib kelishi mumkin. Bu muammolarni bartaraf etish uchun davlat tomonidan hujjat tayyorlash tizimini qayta ko‘rib chiqish, savodli mutaxassislarni jalb etish va ota-onalar o‘rtasida maʼrifiy ishlarni olib borish zarur.

   Partiyamizning ushbu tashabbusi bugungi kunda unutilgan yoki kam qo‘llanilayotgan milliy ismlarni qayta joriy qilish orqali jamiyatimizda milliy qadriyatlarga eʼtiborni oshirishga xizmat qiladi.