544 10.04.2026
Ayni kunlarda o‘zbekning ulug‘ bobokaloni, kishilikning buyugi, Sharqu G‘arbni mo‘g‘ullarning 150 yillik istibdodidan qutqargan xaloskor, O‘rtayer dengizidan Xitoy devorlari, Moskva va Kiyevdan Dehligacha yastangan saltanat asoschisi, Ikkinchi Uyg‘onish davri — Temuriylar oltin chog‘i bunyodkori, davlat va jamiyat boshqaruvi bo‘yicha nodir asar — “Temur tuzuklari” muallifi, milliy g‘ururimiz ramzi Amir Temurning 690 yilligini bayram qilmoqdamiz!
Har birimizga iftixor va quvonch bag‘ishlab turgan ushbu tantanaga shaxsan Prezidentimiz bosh-qosh bo‘layotgani yurtdoshlarimiz, ayniqsa, oydinlarimiz eʼtiboridan chetda qolmadi va umummilliy kayfiyatni o‘ta ko‘tarib yubordi. Mamlakatimiz yetakchisi tashabbusi va boshchiligida bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilayotgan ilk ellararo ilmiy yig‘in “Amir Temur va temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni va ahamiyati”ga bag‘ishlanganida ham katta hikmat bor. Davlatimiz rahbarining shu yil 5-fevralda qabul qilingan “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va sanʼat homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori atoqli bobomizning ruhiy quvvati, tarixiy xizmatlari, umuman, temuriylar davrini o‘rganishning butunlay yangicha asos va mazmundagi tashkiliy, ilmiy, madaniy-maʼrifiy yo‘nalishlarini belgilab berdi. Albatta, ularni bajarish katta bilim, tirishqoqlik, chidam va muddat talab qiladi. Biroq o‘tgan ikki oydan sal ko‘proq vaqt ichida qilib ulgurilgan ishlardan yorqinlari — Amir Temur maydoni va Temuriylar tarixi davlat muzeyida yuz bergan o‘zgarishlarni alohida urg‘ulagan bo‘lar edik.
To‘g‘ri, bundan o‘ttiz yil burun maydon va muzeyning yaratilishi o‘z zamonasi uchun katta voqea sanalgan. Biroq keyingi yillari ular eʼtibordan ancha chetda qolgani ham bor gap. O‘shandan beri ushbu qutlug‘ yerga na o‘zimizning, na chet davlatlarning rahbarlari kelib, buyuk bobomizga hurmat bajo keltirganini eslay olmaymiz. Muzeyda esa quruq suratlar va temuriylar davri imoratlarining qog‘ozdan tayyorlangan nusxalaridan boshqa aytarli narsa yo‘q edi. Ochig‘ini aytganda, iloji tug‘ilsa, xorijlik hamkasblarimiz, ayniqsa, temurshunoslarni u yerga olib bormaslikka urinardik...
Bugun esa Amir Temur maydoni ham, Temuriylar tarixi davlat muzeyi ham xuddi ko‘klam tarovatidek ochilib, yashnab ketdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Sohibqiron xotirasiga hurmat bajo keltirish uchun bu yerga Prezidentimiz tashrif buyurdi. So‘nggi o‘ttiz yilda ilk marta yuz bergan ushbu voqeani tasodif deb bilmaymiz. Milliy yetakchimizning umuman boy va qadim tarixiy-madaniy merosimiz, ayniqsa, buyuk Amir Temur shaxsi, Birinchi va Ikkinchi Uyg‘onish davrlarimizga bo‘lgan alohida mehr va qadrlash bilan munosabatini o‘zimizgina emas, butun dunyo biladi va tan oladi. Birinchi va Ikkinchi Uyg‘onish bosqichlari masalasini aslida birinchi bo‘lib davlatimiz rahbari ko‘targani va u xalqaro darajada eʼtirof etilishiga erishgani ham bor gap. Milliy ozodlik harakatlari, jadidchilik kabi taqiqqa tushib borayotgan Amir Temur va temuriylar mavzulari uchun “oq yo‘l” ham aynan yangi O‘zbekistonda ochilganini esdan chiqarmasligimiz kerak.
Mazkur xotiralar taʼsirida bo‘lsa kerak, davlatimiz rahbarining ko‘rgazmalari yangilanib, boyib, chindan ham endi muzeyga aylangan dargohga tashrifi, u yerdagi har bir ashyoni sinchiklab kuzatishiyu, Sohibqiron bobomiz va temuriylar tarixini o‘rganish, targ‘ib etishni unumliroq va taʼsirchanroq qilish bo‘yicha mo‘ljal va topshiriqlarini eshitib, bir xulosaga keldik: mamlakatimiz yetakchisi mavzuni barchamizdanda ko‘ra chuqurroq va ko‘lamliroq bilishidan tashqari, Amir Temur va temuriylar merosini yuzaga chiqarish bo‘yicha yanada yuksak rejalari bor ekan!
Ularni mushohada etar ekanmiz, Birinchi va Ikkinchi Uyg‘onish davrlarining Uchinchi Uyg‘onish bosqichimiz — Yangi O‘zbekiston bilan uzviy bog‘liqligi borasidagi xulosamiz yanada kuchaydi. Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Amir Temur bobomiz qoldirgan merosning tengi yo‘q, uning mag‘zida inson qadrini ulug‘lash g‘oyasi bo‘lgan va biz bugun uni yangicha sharoitlarda yuzaga chiqaryapmiz” deb aytganlari, qaysi tarixiy bosqichda bo‘lmasin, buyuk o‘zgarishlar va ishlarning tabiati aslida o‘zgarmasligi haqiqatini yana bir bor isbotladi deb ishonamiz. Yaʼni inson qadr-qimmati va millat ro‘shnoligi uchun qilinajak harakatlargina yuksalishlarga yetaklaydi.
Tashrif davlatimiz rahbariga xos fazilatni yana bir bor namoyon etganini alohida urg‘ulagan bo‘lardik. U ham bo‘lsa, katta-kichikligidan qatʼi nazar, biror loyiha bitkazilgach, undan samarali foydalanish, el-yurtni bahramand etish choralarini ko‘rish!
Bu gal ham shunday bo‘ldi. Dunyo havas qilgulik tariximiz, merosimiz borligini taʼkidlagan milliy yetakchimiz, endi ularni yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlar, chet eldan keluvchilarga yetkazish zarurligiga diqqat qaratdi. Zero, yangi O‘zbekistonni yuksaltirish uchun kerakli bilimlarni barchasi — ajdodlarimiz qoldirgan merosda, ilmda!
Azamat ZIYO, O‘z FA Tarix instituti direktori,
Oliy Majlis Senati aʼzosi, akademik
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2026-yil 10-aprel sonidan olindi