O‘zbekiston – MDH sayyohlik tizimining markaziy bo‘g‘ini


450     10.04.2026

Bugun turizm global iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlaridan biri va xalq diplomatiyasining samarali vositasi sifatida mustahkam o‘rin egalladi. MDH makonida ushbu soha alohida ahamiyat kasb etmoqda. Chunki u xalqlarimiz o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajaradi va integratsiya jarayonini chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston boy tarixiy-madaniy merosga ega. Ana shu ustuvorlik va tizimli islohotlar natijasida MDH sayyohlik ekotizimining markaziy bo‘g‘iniga aylanmoqda. Mamlakatimiz nafaqat sayyohlarni jalb etuvchi manzil, balki umumiy turizm makonini shakllantirish tashabbuskorlaridan biriga ham aylandi.

Statistik maʼlumotlar tanlangan yo‘l to‘g‘ri va o‘zaro ishonch yuqori ekanini yaqqol tasdiqlaydi. 2018-yili MDH davlatlaridan kelgan mehmonlar soni taxminan 3,9 millionni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yil yakuniga kelib, bu ko‘rsatkich bir necha barobar barqaror o‘sdi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonga 11,7 million xorijlik turist kelgan. Shundan 8,5 millioni yoki 72,6 foizi aynan MDH davlatlari fuqarolaridir.

Asosiy hamkor davlatlar ko‘rsatkichi ham bunga yaqqol dalil: Qozog‘istondan 2,6 milliondan ortiq, Qirg‘izistondan 3,3 million, Tojikistondan qariyb 2,7 million fuqaro kelgan. Rossiya Federatsiyasidan keluvchilar soni ham izchil o‘sib, 2023-yildagi 715 mingdan 2025-yilda 984 mingga yetdi. Bu raqamlar MDH yagona sayyohlik makoni amalda shakllanayotganini yaqqol ko‘rsatadi.

O‘zbekistonning MDH davlatlari bilan turizm sohasidagi hamkorligi yangi sifat bosqichiga chiqdi. Rossiya Federatsiyasi bilan hukumatlararo komissiya doirasida ixtisoslashgan qo‘shma kichik komissiya faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan turistik oqimni oshirish dasturi qabul qilingan.

Qozog‘iston bilan 2026-2027-yillarga mo‘ljallangan qo‘shma harakatlar rejasi imzolangan. Qirg‘iziston bilan anʼanaviy yo‘nalishlardan tashqari “Anklavlarga sayohat” va “Chotqol” qishki kurorti kabi loyihalar amalga oshirilmoqda.

Tojikiston bilan 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi” kelishilgan. Belarus va Ozarbayjon bilan ham samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, Turkmaniston bilan to‘rt hududni birlashtiruvchi halqa marshruti ishlab chiqilgan.

Ko‘p tomonlama formatda O‘zbekiston qator muhim tashabbuslarni ilgari surmoqda. Jumladan, “MDH madaniy poytaxtlari” loyihasi qo‘llab-quvvatlanmoqda. Shu bilan birga, “Buyuk ipak yo‘li” transchegaraviy yo‘nalishlarini tiklash va rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. “Bir tur — bir hudud” dasturi doirasida xorijlik turistlar uchun kompleks sayohat paketlari ishlab chiqilmoqda. Logistikani yengillashtirish maqsadida “Fast Track” tizimi joriy etilyapti.

O‘zbekistonning sayyohlik yo‘nalishi bo‘yicha qo‘lga kiritayotgan muvaffaqiyatida turizm siyosatini liberallashtirish muhim omildir. Vizasiz rejimning joriy etilishi, tranzit jarayonlarning soddalashtirilishi, Samarqand, Buxoro, Xiva hamda tog‘li hududlarda zamonaviy turizm klasterlarining faoliyat ko‘rsatishi mamlakat imijini tubdan o‘zgartirdi. Bugun O‘zbekiston tarixiy yodgorliklar bilan birga yuqori servis va rivojlangan infratuzilmaga ega zamonaviy turizm markazidir.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yaqinda poytaxtimizda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosda zamonaviy muzey namunasi sifatida eʼtirof etilmoqda. Xususan, majmua huzurida turizm markazi ochilishi, Samarqandda Imom Buxoriy majmuasining qaytadan bunyod etilishi, ziyoratchilarga har tomonlama qulay sharoit yaratilishi soha rivojiga munosib hissa qo‘shadi, albatta.

Tog‘ turizmi sohasida ham samarali integratsiya kuzatilmoqda. 2023-yili tashkil etilgan Yevroosiyo tog‘ kurortlari alyansi “Shimbuloq”, “Amirsoy” va “Roza Xutor” kabi mashhur kurortlarni birlashtirdi. 2025-2026-yillar qishki mavsumida “Chegarasiz tog‘-chang‘i mavsumi” aksiyasi amalga oshirildi. 2025-yil mayda Sochi shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 2025-2026-yillar MDHda “Tog‘ turizmi yili” deb eʼlon qilingan edi. Ushbu tashabbus sohani yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda. “Travel HUB” forumi ham aynan shu dastur doirasiga kiritilgan.

2022-yilda “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universitetiga MDHning bazaviy tashkiloti maqomi berildi. Mazkur qaror sohadagi muhim ehtiyojni qondiradi. Universitet bugun kadrlar tayyorlash va malaka oshirish tizimini samarali muvofiqlashtirmoqda.

Qisqasi, barcha saʼy-harakatlar mamlakatimiz hududida yagona va to‘siqsiz turizm makonini yaratishga qaratilgan. MDH bilan kelishuvlarda ko‘p tomonlama hamkorlikka o‘tish, pirovardida MDHni dunyodagi eng jozibador turizm hududlaridan biriga aylantirish maqsad qilingan. Bunda O‘zbekiston butun makonning markaziy nuqtasi sifatida hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani diqqatga sazovor.

 

Qobil TURSUNOV, Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy

islohotlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari

“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2026-yil 10-aprel sonidan olindi