730 10.04.2026
Har qanday siyosiy kuchning saylovlardan keyingi faoliyati, shubhasiz, navbatdagi saylovlarga tayyorgarlik hisoblanadi. Ana shunday talabdan kelib chiqib, mamlakat siyosiy maydonidagi ikkinchi yirik partiya – “Milliy tiklanish” va uning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi asosiy eʼtibori ayni paytda Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalar hamda saylovchilar manfaati yo‘lidagi tashabbuslar ijrosiga qaratilgan.
“Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot” shiori ostida faoliyat olib borayotgan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, qariyb o‘n yildirki, “Inson – jamiyat – davlat” va “Inson qadri uchun” ezgu tamoyillariga asoslangan Yangi O‘zbekiston islohotlarini qo‘llab-quvvatlab kelyapti.
Qayd etish joizki, 2026-yilning birinchi choragida partiya va uning fraksiyasi faoliyati samarali kechdi: joylarda 882 ta uchrashuv tashkil etilib, ularda 20 mingdan ziyod fuqarolar qamrab olindi. Eng asosiysi, ana shu tadbirlar davomida saylovchilar ko‘targan 1221 ta masalaning 172 tasi joyida hal qilindi. Tuman va shaharlar miqyosidagi 652 ta, viloyatlarga tegishli 375 ta hamda respublika darajasidagi 22 ta masala yechimi esa deputatlar tomonidan nazoratga olingan. Bundan tashqari, joylarda elektorat manfaatlarini himoya qilish, Saylovoldi dasturida ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslarni amalga oshirish, tarbiya hamda taʼlim tizimi, pedagoglar maqomi va turizm sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish bo‘yicha ham tizimli ishlar olib borildi.
Eng asosiysi, 60 ta qonun loyihasi yuzasidan parlamentda kechgan muhokamalarda saylovchilarning huquq va manfaatlari qatʼiy himoya qilinib, ular tomonidan bildirilgan takliflarning aksariyati qonunchilikka singdirildi. Shuningdek, joylarda ilgari surilgan 38 ta muhim taklifning o‘ndan ziyodidan qonunlar ishlab chiqish va takomillashtirish jarayonida foydalanildi.
O‘rganishlar davomida aniqlangan hayotiy muammolar yechimi yuzasidan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlariga 3 ta deputatlik so‘rovi yuborildi. Tizimli muammolar, qonun va qonunosti hujjatlarining ijro holati yuzasidan esa tegishli mansabdor shaxslarning hisobotlari ham eshitildi.
Maʼlumki, yangi yildan boshlab, deputatlar har oyning oxirgi haftasida o‘z saylov okruglarida bo‘lib, Yangi O‘zbekiston islohotlari natijalari bilan tanishmoqda. Ana shu jarayonda saylovchilarga Prezidentimizning farmon va qarorlari, videoselektor yig‘ilishlarida muhokama etilgan masalalar, qonunchilikdagi o‘zgarishlarning mazmun-mohiyati haqida batafsil axborot berilyapti. Yakunda esa fuqarolarni o‘ylantirayotgan ijtimoiy muammolar o‘rganilib, ularni hal qilish choralari ko‘rilyapti. Aholi va biznes subyektlari bilan o‘tkazilayotgan ana shunday ochiq muloqotlarda ham islohotlar rivoji va tadbirkorlikka to‘siq bo‘layotgan masalalar bo‘yicha qonunchilikka takliflar olinyapti.
Jumladan, 28-31 yanvar kunlari tashkil etilgan o‘rganishlarda jamoatchilikka Prezidentimiz ishtirokida o‘tgan tadbirlar, xususan, kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligi bo‘yicha 2026-yilda amalga oshiriladigan dolzarb vazifalar, jamoat xavfsizligini taʼminlash yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishlarning ahamiyati to‘g‘risida asoslantirilgan axborotlar berildi. Bu borada saylovchilarning taklif va mulohazalari o‘rganilib, partiyaning maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda, ijtimoiy obyektlardagi sharoitlar tahlil qilindi.
To‘rt kun davom etgan ana shu uchrashuvlarda jami 240 dan ortiq obyektlar – fuqarolar yig‘ini, aholi xonadonlari, ijtimoiy soha obyektlari, tadbirkorlik subyektlaridagi holatlar atroflicha o‘rganildi. Joylarda aholi bilan o‘tkazilgan 160 ga yaqin uchrashuvlarda salkam 120 ta masala ko‘tarilgan bo‘lsa, ularning 50 ga yaqini joyida hal etildi. Qolganlariga esa mahalliy ijro hokimiyati bilan birgalikda yechim topish choralari ko‘rildi.
26-28 fevral kunlaridagi o‘rganishlar davomida ham 229 ta uchrashuv tashkil etildi: eng asosiysi, mahalliy Kengash deputatlari hamrohligida o‘tgan sayyor qabullar, yuzma-yuz uchrashuvlar, “Deputat qabullari” va yoshlar bilan ochiq muloqotlarda aholini o‘ylantirayotgan 200 dan ziyod hayotiy muammolar, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun yangi ish o‘rinlari yaratish masalalariga yechimlar izlandi. Shu o‘rinda deputatlarimiz Tarbiya fani darsligining o‘qitilishini nazorat-tahlil tartibida alohida o‘rganganlarini taʼkidlash joiz. Chunki Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlar ongiga umuminsoniy qadriyatlar va yuksak maʼnaviyatni chuqur singdirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, maʼnaviy-tarbiyaviy ishlarni yangicha asosda olib borish maqsadida 2020-yili joriy etilgan Tarbiya fani hamon maktablarimizda kutilgan darajada o‘qitilmayapti.
Fraksiya aʼzolarining navbatdagi o‘rganishlarida saylovchilar tomonidan ko‘tarilgan 200 ga yaqin masalalarning 138 tasi tuman va shahar, 30 tasi viloyat, qolgani esa respublika darajasidagi masalalar hisoblanadi. Ularning 59 tasi, yaʼni 29,6 foizi joyida hal etildi. Sohalar kesimida tahlil qilinganda, eng ko‘p murojaat taʼlim, sog‘liqni saqlash, mahalla faoliyati, transport va yo‘l qurilishidan tushgan.
Maʼlumki, parlament quyi palatasi deputatlarining siyosiy faolligi va saylovchilar oldidagi masʼuliyati haqida gap ketganda, ularning tashabbuskorligini yanada kuchaytirishga bejiz urg‘u berilmayapti. Shu maqsadda 2025-yil 29-avgustda Prezidentimizning “Tashabbusli byudjet jarayonlarini takomillashtirish doirasida xalq vakillari va saylovchilar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.
Ushbu tarixiy hujjatda belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, fraksiya aʼzolarining 24-27 mart kunlaridagi o‘rganishlarida ijro organi vakillari, mahalliy Kengash deputatlari hamda partiyaning hududiy Kengash aʼzolari hamrohligida asosiy eʼtibor yetarlicha ovoz to‘play olmagan loyihalarga qaratildi. Shu maqsadda joylarda 300 ga yaqin uchrashuvlar tashkil etilib, 140 dan ortiq ijtimoiy obyektlardagi sharoitlar tahlil qilindi. 150 ta mahalla, 30 dan ortiq tadbirkorlik subyektlari o‘rganildi. Maqsad aholining kundalik hayotini yanada yaxshilashga xizmat qiluvchi 29 ta loyihani tanlab olish edi.
“Milliy tiklanish”chilar to‘rt kunlik o‘rganishlar davomida o‘z maqsadlariga erishdi, deb bemalol aytish mumkin: fraksiya aʼzolari uchun ajratilgan 95 mlrd. 700 mln. so‘m mablag‘ning qariyb 47 mlrd. so‘mini sarflash bo‘yicha loyihalar tanlab olindi. Taʼkidlash joizki, aksariyat loyihalar partiyaviy maqsad va vazifalar hamda g‘oyalar ijrosidan kelib chiqqan holda tanlandi: maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotlarida hal etilmayotgan muammolar, qishloqdan maktabgacha olib boradigan sifatsiz yo‘l va ko‘priklar, kollej va boshqa taʼlim maskanlarini taʼmirlash shular jumlasidandir.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi asosida shunday loyihalarni fuqarolarning tanlovi bo‘yicha moliyalashtirish, yaʼni “Tashabbusli byudjet” instituti bugun o‘zini to‘la oqlamoqda. Deputatlar tanlovi bilan moliyalashtiriladigan “ikkinchi imkoniyat” esa bu tajribani yanada samarali va xalqchil loyihaga aylantiryapti. Va albatta, Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan ilk amaliyot, shubhasiz, joylardagi ijtimoiy muammolarni manzilli hal qilish va xalq vakillari bilan aholi o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu o‘rinda fraksiyaning partiya bilan aloqalari mutlaqo yangi tizim asosida rivojlanayotganini, bunda deputatlar katta kuchga aylanayotganini aytish joiz. Partiyaning asosiy elektorati sanalgan maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyachilari va umumiy o‘rta taʼlim tizimida faoliyat olib borayotgan tarbiyachi pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar va ayollar muammolariga samarali yechim topishga qaratilgan loyihalar samaradorligini oshirishda ham deputatlik korpusi asosiy tashabbuskor sifatida maydonga chiqmoqda.
Alisher QODIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish”
demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari.