Deputat ishtirokida hisobot yig‘ilishi


563     14.04.2026

Toshkent shahar Kengashi deputati Saidmurod Ismoilovning Olmazor tumani “Paxtachi” va “Yangi Toshkent” mahallasi aholisi bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi. Deputat uchrashuvda saylovchilariga joriy yilning I-choragidagi faoliyati yuzasidan hisobot ham berdi. Taʼkidlanganidek, hisobot davrida deputat tomonidan aholi murojaatlari bilan ishlash, hudud infratuzilmasini yaxshilash, ijtimoiy muammolarni hal etishga qaratilgan qator ishlar amalga oshirildi. Fuqarolar qabullari muntazam tashkil etilib, murojaatlar asosida tegishli choralar ko‘rildi.

Ochiq muloqotda partiyaning Toshkent shahar Kengashi raisi Otabek Jiyanbayev ham ishtirok etib, deputatlar aholi murojaatlarini joyiga chiqib o‘rgandilar. Jumladan, “Noraztepa” ko‘chasida piyodalar yo‘lagi mavjud emasligi, elektr tarmoqlariga xalaqit berayotgan daraxtlarni butalash hamda ko‘chaning taʼmirtalab holatda ekani aniqlandi va ushbu masalani hal etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.