Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashda yangi bosqich


514     15.04.2026

Prezidentimiz kuni kecha tadbirkorlik subyektlariga nisbatan moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yanada liberallashtirish, shuningdek, sud nazorati samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarni belgilab berdi. 

Bildirilgan takliflar, avvalo, tadbirkorlar uchun ortiqcha byurokratik to‘siqlarni qisqartirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Ayniqsa, jarimalarning katta qismi suddan tashqari tartibda qo‘llanilayotgani hisobga olinsa, sud nazoratini kuchaytirish orqali adolat va shaffoflikni ta’minlash dolzarb vazifa ekani yaqqol namoyon bo‘ladi.

Taklif etilayotgan yangi tartib — ya’ni jarimani bir oy ichida 50 foizini to‘lash orqali qolgan qismidan ozod etish amaliyoti tadbirkorlar uchun moliyaviy yukni yengillashtiradi, shu bilan birga, ixtiyoriy ravishda majburiyatlarni bajarish madaniyatini shakllantiradi. Bu esa davlat va biznes o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, jarimani bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatining yaratilishi kichik va o‘rta biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu orqali tadbirkorlar faoliyatini to‘xtatmasdan, moliyaviy majburiyatlarini bosqichma-bosqich bajarish imkoniga ega bo‘ladi.

Yana bir muhim jihat — qarorlar ustidan sud orqali shikoyat qilinganda undirilgan mablag‘larni tezkor qaytarish mexanizmining joriy etilishidir. Bu norma davlat organlari mas’uliyatini oshiradi va asossiz qarorlar qabul qilinishi ehtimolini kamaytiradi.

Raqamlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratilgani ham alohida e’tirofga loyiq. Yagona elektron reyestr, elektron raqamli imzo orqali qarorlarni tasdiqlash va onlayn shikoyat berish imkoniyati — bularning barchasi inson omilini kamaytirish, korrupsiya xavflarini qisqartirish hamda jarayonlarning ochiqligini ta’minlashga xizmat qiladi.

“Huquqiy ta’sir choralari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish masalasi bugungi kunda dolzarb ahamiyatga ega. Chunki ushbu hujjat orqali yagona yondashuvni joriy etish, ta’sir choralarining turlari, qo‘llash asoslari va tartibini aniq belgilab berish huquqiy aniqlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Albatta, mazkur chora-tadbirlar tadbirkorlik faoliyatini yanada erkinlashtirish, davlat boshqaruvida adolatli va shaffof tizimni shakllantirish, eng muhimi esa iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishda muhim o‘rin tutadi. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, ularni qonunga rioya etgan holda faoliyat yuritishga rag‘batlantirish, jarima qo‘llash amaliyotida adolat va shaffoflikni ta’minlash eng muhim vazifalardandir.  

 

Farhod ZAYNIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari