438 15.04.2026
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida «Kitobsevar millat» shiori ostida o‘tkazilayotgan VI Respublika «Kitobxonlik haftaligi» boshlandi.
Mazkur tadbirda yurtimizning yetuk ziyolilari, ma’naviyat targ‘ibotchilari, kutubxona tizimi vakillari hamda kitob ixlosmandlari jam bo‘lib, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, mutolaa muhitini yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar. Ushbu tadbirda kitobxonlikning nafaqat bugungi holati tahlil qilindi, balki kelgusida amalga oshiriladigan ishlar ham belgilab olindi. Faoliyatimning ma’lum bosqichi axborot-kutubxona tizimi bilan bog‘liq bo‘lgani uchun ham ushbu tadbir men uchun nihoyatda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu boradagi tajribam bunday tashabbuslarning mazmun-mohiyatini yanada chuqurroq anglashimga yordam beradi.
Haftalik davomida yurtimiz bo‘ylab yangi kitoblar taqdimoti, mualliflar bilan ijodiy uchrashuvlar, soha mutaxassislari uchun trening va «Eng yaxshi kitobxon» tanlovlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Bunday tadbirlardan maqsad jamiyatda kitobga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish va mutolaani hayot tarziga aylantirish ko‘zda tutilgan.
Albatta, bu kabi loyihalar yosh avlodni vatanparvarlik va yuksak ma’naviyat ruhida tarbiyalash, yurtimizda «Kitobsevar millat» g‘oyasini umumxalq harakatiga aylantirishga xizmat qiladi.
Ta’kidlash lozim, boshqa partiyadoshlarimiz ham yoshlarni mutolaaga qiziqtirish, ma’naviy dunyosini boyitish maqsadida o‘tkazilayotgan bunday tadbirlarda faol ishtirok etmoqdalar. Bu borada ko‘plab loyihalar ta’sis etilib, partiyamiz tomonidan amaliyotga faol joriy qilinyapti. Jumladan, birgina «Mening birinchi kutubxonam» loyihasi doirasida eng chekka hududlardagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘tkazilayotgan «Bolangiz bilan kitob o‘qing» aksiyasi yaxshi samara berayotganini, uning doirasida bog‘chalarga bolalar uchun mo‘ljallangan 60 dan ortiq nomdagi eng sara adabiyotlar to‘plami hamda kitob javonlari sovg‘a qilinganini aytish joiz. Ammo afsuski, kitob mutolaasi bilan bog‘liq muammoning to‘la barham topishi juda katta kuch, mablag‘ va real harakatlarni taqozo etadi. Shundagina, «Kitobsevar millat» g‘oyasi qog‘ozlarda qolib ketmaydi.
Dilnoza AZIZOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 15-aprel sonidan olindi