756 16.04.2026
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga ko‘ra, yo‘l-transport hodisalari oqibatida har yili dunyo bo‘yicha 1,3 milliondan ortiq inson hayotdan ko‘z yumadi. Yana 10 millionlab insonlar turli darajadagi tan jarohati olib, aksariyati mehnat qilish layoqatini yo‘qotadi. Birgina O‘zbekistonda o‘tgan yili yuz bergan 9,2 mingta yo‘l-transport hodisasidan 2188 kishi olamdan o‘tdi. Qariyb 9 ming kishi turli darajada tan jarohati oldi.
Mamlakatimizda bir yilda yo‘l-transport hodisalaridan ikki mingdan ortiq fuqaroning hayotdan bevaqt ko‘z yumishi bu oddiy statistika emas. Bu millat fojiasi, yo‘qotilgan salohiyati. Shuncha oila boshiga tushgan falokatdir.
Mutaxassislar bunday hodisalarning yuz berishi tizimli muammolar bilan bog‘liqligini taʼkidlashadi. Avvalo haydovchilarning masʼuliyatsizligi – tezlikni oshirish, mast holda transport boshqarishi, yo‘l qoidalariga bepisandlik bilan qarashi bilan bog‘liq. So‘nggi yillarda zamonaviy tahdid sifatida harakat vaqtida mobil qurilmalardan foydalanish ham statistik raqamlarning oshishiga sabab bo‘lmoqda.
Yo‘llar sifati, yoritish tizimlarining talab darajasida emasligi, piyodalar uchun xavfsiz o‘tish joylarining yetishmasligi, transport oqimlarini samarali boshqarishda ham yetarlicha muammolar bor. Nazorat mexanizmlarining samarali emasligi, qonunlar ijrosi monitoringidagi sustkashliklar, korrupsiya omillari ham muammoning yanada chuqurlashishiga sabab bo‘lmoqda.
Albatta, bu jarayonda aholining yo‘l harakati bilan bog‘liq madaniyati yetarli darajada emasligi, qoidalarga amal qilmasligi, o‘zaro hurmat va masʼuliyatning pastligi ham eng asosiy sabablardan biri hisoblanadi.
Shu bois, nafaqat har bir mamlakat o‘z ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib muntazam ravishda yo‘l xavfsizligini taminlash choralarini ko‘radi, balki xalqaro tuzilma – BMT tomonidan ham har yili bu borada global tashabbuslar ilgari suriladi. Xususan, “Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha o‘n yillik harakatlar dasturi” doirasida barcha davlatlarga xavfsiz infratuzilma yaratish, transport vositalari xavfsizligini oshirish, haydovchilar intizomini kuchaytirish va tezkor tibbiy yordam tizimini rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar berib kelinmoqda.
Rivojlangan davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, bu boradagi qatʼiy siyosiy iroda, kuchli institutsional tizim va jamoatchilik bilan hamkorlikni kengaytirish orqali ham yo‘l-transport hodisalari sonini keskin kamaytirish mumkin. Bunda yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash borasida davlat siyosati quyidagi tamoyillarga asoslanishi kerak: inson hayoti oliy qadriyat sifatida eʼtirof etilib, yo‘l-transport hodisalari natijasida o‘lim holatlarini maksimal darajada kamaytirish strategik maqsadga aylanishi, transport, sog‘liqni saqlash, ichki ishlar, taʼlim va axborot sohalari o‘rtasida uzviy hamkorlikni taʼminlansh ham muhim hisoblanadi. Aqlli transport tizimlari, video kuzatuv, sunʼiy intellekt asosida monitoring joriy etish orqali ham inson omilini kamaytirish mumkin.
Bu jarayonda javobgarlik choralarini kuchaytirish, jazoning muqarrarligini taʼminlash va huquqni qo‘llash amaliyotini mustahkamlash ham muhim sanaladi. Bunda quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga eʼtibor qaratilishi zarur. Jumladan, maktabdan boshlab yo‘l harakati madaniyatini shakllantirish, haydovchilarni tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish, xavfli yo‘l uchastkalarini aniqlash va rekonstruksiya qilish, jamoatchilik nazorati va ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ibot ishlari kuchaytirilishi lozim.
Umuman olganda, bugun globallashayotgan dunyoda, ayniqsa, urbanizatsiya – shahar aholisi keskin oshayotgan bir sharoitida transport xavfsizligi masalasi barcha davlatlar uchun strategik vazifaga aylanyapti. Chunki bu masala nafaqat transport tizimi samaradorligi, balki inson hayoti, jamiyat barqarorligi va iqtisodiy taraqqiyot bilan bog‘liq. Shu bois, transport xavfsizligini taʼminlash masalasi faqat davlatning emas, barcha darajadagi tashkilotlarning, fuqarolarni birlashtiruvchi umumxalq harakatga aylanishi kerak. Zero, xavfsiz yo‘l – bu barqaror taraqqiyot sari eltuvchi yo‘ldir.
Barno ESHMAMATOVA,
partiya Markaziy kengashi mutaxassisi