512 16.04.2026
Kuni kecha Oliy Majlis Konunchilik palatasining navbatdagi majlisida pensiyaga oid xizmatlarni ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi deputatlar tomonidan atroflicha ko‘rib chiqildi. Moddama-modda muhokamadan so‘ng ushbu hujjat qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Aytish joizki, mazkur qonunda, eng avvalo, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulayliklar yaratish, ularning huquq va manfaatlarini yanada mustahkam himoyalash maqsad qilingan.
Ilgari amaldagi tartibga ko‘ra, fuqaroga nogironlik belgilanganidan so‘ng mustaqil ravishda tegishli hujjatlarni byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga taqdim etishi zarur bo‘lardi. Bu esa aholi, ayniqsa, nogironligi bor shaxslardan ortiqcha ovoragarchilik, vaqt va kuch talab qilardi.
Endilikda, qonunda mutlaqo yangi — fuqarolardan murojaat kutib o‘tirmay proaktiv yondashuv joriy etilishiga eʼtibor qara-tilmoqda. Jumladan, fuqaroga nogironlik belgilanishi bilan bir vaqtda, uning murojaatini kutmagan holatda, pensiya avtomatik ravishda tayinlanishi amaliyotga kiritilmoqda. Bu — davlat hizmatlarini raqamlashtirish borasidagi isloxotlarning samarali natijasi bo‘lib, hujjat ishlari jarayonida inson omilini kamaytirish, ortiqcha qog‘ozbozlikka barham berishga xizmat qiladi.
Ushbu qonunda nazarda tutilgan o‘zgarishlar orqali jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ijtimoiy yengilliklar yaratiladi, endi ular turli idoralarga borishdan xalos bo‘ladi, xizmatlar-dan esa hech qanday to‘siqlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanishlari mumkin. Bu esa “Davlat — inson uchun” degan tamoyilning amaldagi yorqin ifodasidir.
Shuningdek, qonunda yana bir muhim yangilik nazarda tutilgan. Xususan, I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlangan shaxslar keyinchalik ish faoliyatini davom ettirib, kamida bir yil ish stajiga ega bo‘lgan taqdirda, ularning pensiyasi xar ikki yilda avtomatik tarzda qayta hisoblanadi. Bu xam fuqaroning murojaatisiz proaktiv usulda amalga oshiriladi. Mazkur norma, bir tomondan, fuqarolarni mehnat qilishga rag‘batlantirsa, ikkinchi tomondan, ularning mehnati munosib baholanishini taʼminlaydi. Eng muhimi, nafaqa pulini olish uchun ortiqcha harakatga hojat yo‘q — tizim uning manfaatini o‘zi taʼminlaydi.
Qonunda yana bir muhim ijtimoiy himoya mexanizmi belgilanmoqda. Barchamizga maʼlumki, bugungi kunda ayrim pensiya oluvchilarning majburiy undiruvga qaratilgan qarzlari yoki boshqa ihtiyoriy, shartnomali kelishuvlari pensiyadan undirishga qaratilgan bo‘lsa, u jami nafaqaning 50 foizi darajasida undiriladi. Hozirgi kunda shunday pensiya oluvchilar 45 mingdan ortiqni tashkil qilmoqda. Joylarda olib borilgan o‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, bu holat eng kam pensiya oluvchilarning qo‘liga tushadigan pullarning yanayam kamayib ketishiga va pensiya oluvchining hatto eng zarur ehtiyojlari uchun xam mablag‘i yetmay qolishiga sabab bo‘lmoqda.
Shu bois qonun bilan xar oylik chegirmalar miqdori pensiyaning 50 foizidan oshishi va chegirma qilingandan so‘ng to‘lanadigan pensiya miqdori eng kam isteʼmol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emasligi belgilanmoqda. Mazkur norma, o‘z navbatida, aholining ijtimoiy himoyasini yana-da kuchaytirishga, ularning minimal yashash sharoitlarini taʼminlashga xizmat qiladi.
Shu o‘rinda taʼkidlash joizki, xalq vakili sifatida hududlarda bo‘lganimizda hamda saylovchilar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda mazkur hujjatga nisbatan qator amaliy va hayotiy takliflar bildirilgandi. Fuqarolar tomonidan pensiya tayinlash jarayonini yana-da soddalashtirish, to‘lovlarning shaffofligini taʼminlash va ijtimoiy kafolatlarni kuchaytirishga qaratilgan fikrlar ilgari surilgandi. Mana shunday fikr-mulohazalar qonunni takomillashtirishda muhim manba bo‘lib hizmat qilmoqda va uning xalqchillik ruhini yanada mustahkamlamoqda.
Albatta, xar qanday isloxotning muvaffaqiyati uning inson hayotiga qanchalik ijobiy taʼsir ko‘rsatishi bilan o‘lchanadi. Mazkur qonun esa, shubhasiz, minglab fuqarolar hayotini yengillashtiradi.
Nogironlik pensiyasini proaktiv shaklda tayinlash, pensiyalarni avtomatik qayta hisoblash va ijtimoiy kafolatlarni mustahkamlashga qaratilgan ushbu qonun — xalq manfaatlariga xizmat qiladigan, zamon talablariga javob beradigan muhim hujjat. Biz, deputatlar, bundan buyon xam halqimiz hayot sifati yaxshilanishi, ularning huquq va manfaatlari ishonchli himoyasi yo‘lida barcha saʼy-harakatlarni izchil davom ettiramiz.
Nazira MUXTOROVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi.