Bolalar mehrli muhitda tarbiya topishlari kerak


589     17.04.2026

Mamlakatimizda maktabgacha taʼlim tizimi so‘nggi yillarda tubdan yangilanib, muhim natijalarga erishdi. Bugun qamrov 80 foizga yaqinlashdi, ayrim hududlarda esa 85 foizga yetdi. Yangi bog‘chalar, oilaviy maktabgacha taʼlim tashkilotlari va davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalar tufayli minglab yangi o‘rinlar yaratildi. Bu – farzandlarimiz rivoji va kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratilayotganidan dalolat beradi.

Prezidentimizning joriy yil 5-fevraldagi “Maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ushbu yo‘nalishda yangi imkoniyatlarni ochib beradi. Unga ko‘ra, maktabgacha taʼlim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan hududlarda bog‘cha tashkil etgan tadbirkorlar uchun tarbiyachilarning oylik ish haqi davlat tomonidan qoplab berilishi belgilandi. Agar maktabgacha taʼlim tashkiloti maktab yoki davlat bog‘chasi hududida joylashgan bo‘lsa, 30 yil davomida ijara to‘lovi undirilmaydi. Shuningdek, tarbiyalanuvchilarga sarflanadigan xarajatlarning 50 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi.

Bundan tashqari, 2026-yil 1-apreldan boshlab qamrov darajasi 80 foizdan past bo‘lgan tuman va shaharlarda xususiy bog‘cha tashkil qilgan tadbirkorlar uchun alohida imtiyozlar joriy etildi. Xususan, 2030-yilgacha ijtimoiy soliq stavkasi keskin kamaytirilib, qamrov 70-80 foiz bo‘lgan hududlarda 5 foiz, 70 foizdan past hududlarda esa atigi 1 foiz etib belgilandi. Yangi ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatida bog‘cha tashkil etgan tadbirkorlar uchun ham 3 yil davomida 5 foizlik ijtimoiy soliq stavkasi qo‘llaniladi.

Albatta, bunday choralar tizimni yanada kengaytirish, qamrovni oshirishga xizmat qiladi. Ammo har qanday rivojlanishda miqdor bilan bir qatorda sifat ham bo‘lishi lozim. Lekin so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda bog‘chalarda bolalarga nisbatan qo‘pol muomala va jismoniy zo‘ravonlik holatlari aks etgan videolar tez-tez tarqalayotganini eʼtiborga olsak, haqli savol tug‘iladi. Bog‘chalarda yaratilayotgan sharoitlar farzandlarimiz uchun qanchalik xavfsiz va sog‘lom muhitni taʼminlayapti?

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi qarashlariga ko‘ra, maktabgacha taʼlim bu millat kelajagini shakllantiradigan muhim bosqich bo‘lib, unda tarbiya ustuvor ahamiyat kasb etishi lozim. Bog‘cha bola uchun ilk ijtimoiy muhit, tarbiyachi esa uning qalbiga taʼsir etuvchi muhim shaxsdir. Shunday ekan, bu tizimda ishlayotgan har bir mutaxassis nafaqat kasbiy bilimga, balki yuksak maʼnaviy va psixologik salohiyatga ega bo‘lishi zarur.

Bugungi muammolarning ildizi ko‘p jihatdan kadrlar masalasiga borib taqaladi. Tizim tez kengaygani sari malakali tarbiyachilarga ehtiyoj ham ortib boryapti. Biroq baʼzan ularning psixologik tayyorgarligi yetarli emasligi, stress va ish yuklamasi bolalar bilan muomalada pand beryapti. Vaholanki, maktabgacha yoshdagi bola bilan ishlash – bu yuksak sabr, chuqur bilim va nozik yondashuvni talab qiladi. Shu bois, bugungi kunda tarbiyachilar saviyasini oshirishga, ayniqsa, ularning psixologik tayyorgarligiga alohida eʼtibor qaratilishi zarur.

Rivojlangan davlatlar tajribasi ushbu yo‘nalishda ilg‘or yondashuvlarni joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, Yaponiyada tarbiyachilarni tayyorlashda bolalar psixologiyasi, emotsional intellekt va muomala madaniyatiga katta urg‘u beriladi. U yerda bolaga nisbatan hurmat va sabr asosiy qadriyat hisoblanadi. Singapurda esa maktabgacha taʼlim sifati bevosita pedagoglar salohiyatiga bog‘langan bo‘lib, har bir tarbiyachi muntazam ravishda malaka oshiradi, psixologik treninglardan o‘tadi va qatʼiy nazorat tizimi asosida ishlaydi. Eng muhimi, bolaga nisbatan har qanday zo‘ravonlik holatiga nisbatan “nol toqat” siyosati amal qiladi.

Partiya bog‘chalarda sifat nazoratini kuchaytirish, doimiy monitoring va jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish, tarbiyachilarni tanlashda ularning nafaqat kasbiy bilimiga, balki psixologik tayyorgarligiga ham alohida eʼtibor qaratish, pedagoglar uchun muntazam malaka oshirish va psixologik treninglar tizimini yo‘lga qo‘yishni dolzarb vazifa deb hisoblaydi. Eng muhimi, bolalarga nisbatan har qanday zo‘ravonlik holatlariga “nol toqat” tamoyilini qatʼiy joriy etish, shuningdek, tarbiyachilar mehnatini munosib rag‘batlantirish orqali sohaning nufuzini oshirish bugungi kun talabidir.

Yurtimizda maktabgacha taʼlim yangi bosqichga chiqayotgan ekan, endilikda asosiy eʼtibor qamrovdan sifatga, infratuzilmadan inson omiliga qaratilishi zarur. Tarbiyachilarni nafaqat pedagogik, balki psixologik jihatdan ham puxta tayyorlash, ularning mehnatini rag‘batlantirish va jamiyatdagi nufuzini oshirish eng muhim vazifalardan biridir.

Shu bilan birga, ota-onalar ham farzandlarining maktabgacha taʼlim jarayonida faol ishtirok etishi, ularning bog‘chadagi kundalik faoliyati, tarbiya muhiti va muomala madaniyatiga befarq bo‘lmasligi zarur. Bolaning ruhiy holati, xulq-atvori va kayfiyatidagi o‘zgarishlarga eʼtibor qaratish, tarbiyachilar bilan doimiy muloqotda bo‘lish orqali har qanday muammo yoki salbiy holatlarni erta aniqlash va oldini olish mumkin. Bundan tashqari, ota-onalar bog‘cha tanlashda uning sharoiti, xavfsizlik darajasi, pedagoglar malakasi va bolalarga yondashuv uslubini sinchiklab o‘rganishi, farzandini esa mehr, ishonch va ijobiy muhitda tarbiyalanishiga alohida eʼtibor qaratishlari lozim. Zero, mehrli muhitda ulg‘aygan bola kuchli va barqaror jamiyatning eng ishonchli poydevoridir.

 

Elyor KELDIYOROV
O‘quv-tadqiqot va tahlil markazi shoʻba mudir