962 17.04.2026
Nodir Tilavoldiyevga «So‘fiylar» mahallasidan gavjum chorrahaga yo‘lchiroq o‘rnatish yuzasidan murojaat kelib tushgandi...
Uzoq vaqt saylovchilar murojaati inobatga olinmadi. «Ertaga keling, ozgina kutinglar» qabilidagi javoblar muammoning hali-beri hal etilmasligiga ishora edi aslida.
Muammoni joyiga chiqib o‘rgangan deputat dastlab, tuman Ichki ishlar bo‘limidan kerakli ma’lumotlarni oldi: aholining xavotiri bejiz emas ekan. Tahlillarda ko‘rsatilganidek, ushbu chorrahada yo‘l- transport hodisasi yildan yilga ortib borgan. Xususan, 2023-yilda sodir bo‘lgan 9 ta yo‘l-transport hodisasidan 4 tasi og‘ir oqibatlarga olib kelgan bo‘lsa, 2024-yili 11 ta avtohalokatning 3 tasida o‘lim holati qayd etilgan. 2025-yili esa 13 ta yo‘l-transport hodisasi ro‘y berib, 5 tasida yo‘lovchilarga jiddiy shikast yetkazilgan.
Deputat talabi bilan tuman Ichki ishlar bo‘limi tomonidan ushbu hududda transport vositalari harakati o‘rganilib, ikkinchi darajali va asosiy yo‘ldan harakatlanuvchi transport vositalari soni GOST-23457-86 («Yo‘l harakatini tashkil etishning texnik vositalarini qo‘llash qoidalari») talablariga mos kelganligi aniqlandi.
Shundan keyin Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nodir Tilavodiyev asosli ma’lumotlar bilan Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi J.Tursunovga hamda Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Sh.Ibragimovga deputat so‘rovi yubordi.
Garchi deputat ishga kirishganini eshitsa- da, mahalla ahlining ishonchi sust edi. Shungacha e’tiborga olinmagan masala endi hal bo‘larmidi? Ammo ko‘p o‘tmay, mas’ullar tomonidan «So‘fiylar» mahallasidagi «muammoli» chorrahaga yo‘lchiroq o‘rnatildi. Nihoyat ushbu manzil yo‘lovchilar uchun xavfsiz joyga aylandi.
«Qalovini topsang, qor ham yonadi» deganlaridek, deputat yillab odamlarni xavotirga solib kelgan muammoni ijobiy hal qildi.
Avazbek SOLIYEV,
deputat yordamchisi
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 15-aprel sonidan olindi