Sport-sog‘lom xalq, sog‘lom jamiyatning tayanch ustuni


543     17.04.2026

Har bir mamlakat hayotida muhim o‘rin tutuvchi sport sohasi rivoji bugungi kunda har doimgidan ham dolzarb. Shu bois yurtimizda jismoniy tarbiya va sport masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotir. Sportga bo‘lgan yuksak eʼtibor tufayli keyingi yillarda tarixiy natijalar ho‘lga kiritilmoqda.

Ohirgi to‘qqiz yilda 1,5 mingdan ziyod mahallalarda zamonaviy sport maydonchalari qurildi. Hududlarda yuzlab yirik sport inshootlari, minglab hususiy sport klublari ish boshladi. Sport bilan professional shug‘ullanuvchi yoshlar soni ham shunga yarasha oshib borayotir. Birgina o‘tgan yilda sportchilarimiz halqaro musobaqa-larda 452 ta oltin, 418 ta kumush va 501 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi. Ularning 50 nafardan ziyodi jahon va Osiyo rekordlarini yangiladi.

Dolzarb masalalar muhokamasi

Sport mamlakatni butun dunyoga tanitishi bilan birga, jamiyatda sog‘lom hayot tarzini rivojlantirishda ham muhim ahamiyatga ega. Zero, sog‘lom turmush sog‘lom kelajak garovidir. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, har bir inson, har bir ota-onaning orzusi va niyati jismoniy va maʼnaviy barkamol avlodni tarbiyalash. Bunga esa jismoniy tarbiya va sportsiz erishib bo‘lmaydi. Bir so‘z bilan aytganda, sport — sog‘lom xalq, sog‘lom jamiyatning tayanch ustuni.

Yaqinda davlatimiz rahbari raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga olib chiqish, aholini ommaviy sportga keng jalb etish, seleksiya tizimini takomillashtirish hamda taʼlim muassasalarida sport muhitini kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida muhim va dolzarb masalalar ko‘tarildi.

Yoshlar tarbiyasi, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishda sportning ahamiyatini oshirishga xizmat qiluvchi aniq mexanizmlar ishlab chiqishni o‘z ichiga olgan yig‘ilishda ilgari surilgan tashabbuslar nafaqat mavjud yutuqlarni mustahkamlash, balki tizimdagi kamchiliklarni ochiq tan olib, ularni bartaraf etishga qaratilgani bilan eʼtiborga molik.

Taʼkidlanganidek, oliy taʼlim muassasalarida sport yo‘nalishidagi faoliyatni yanada kuchaytirish zarurati mavjud. Bugungi kunda ayrim oliy taʼlim muassasalarida sport infratuzilmasi yetarli darajada rivojlanmagani, mavjud sport inshootlaridan samarali foydalanish darajasi pastligicha qolishi, talabalarni sportga jalb etish tizimi ko‘p hollarda formallikka aylanib qolayotgani, musobaqalar muntazam emasligi yoki keng qamrovli tashkillashtirilmayotgani ham muammolardan biridir.

Eʼtibor qaratilgan yana bir jihat shundaki, sport federatsiyalarining oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda ishlamasligi iqtidorli yoshlarni erta aniqlash, ularni professional sportga yo‘naltirish imkoniyati pasayishiga sabab bo‘layotir.

Shuningdek, iqtidorli talabalar bilan individual ishlash masala-sida ham kamchiliklar mavjud. Hususan, yuqori natijalarga erishish salohiyatiga ega bo‘lgan yoshlar uchun individual murabbiylar biriktirish tizimi yetarlicha rivojlanma-gan. Bu esa ularning professional darajada o‘sishiga to‘sqinlik qiluvchi omillardan biri hisoblanadi.

Holbuki, zamonaviy sport tizimida har bir sportchi bilan individual yondashuv asosida ishlash eng muhim talab hisoblanadi. Bu kamchiliklar ochiq aytilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangani tahsinga sazovor. Bu tizimni yanada takomillashtirish, mavjud muammolarni bosqichma-bosqich hal qilishga imkon beradi.

Davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralayotgan va aniq strategik yondashuv shakllanayotgan sport sohasida oliy taʼlim muassasalarining rolini kuchaytirish, ushbu jarayonda nafaqat taʼlim maskani, balki yoshlar salomatligini mustahkamlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va iqtidorli sportchilarni yetishtirish markaziga aylanishi dolzarb vazifadir.

Isloqotlarga qamoqanglik masʼuliyati

Prezidentimiz taklifiga ko‘ra, “mahalla — maktab — sport muassasasi — oliygoh” uzviy tizimi asosida yoshlarni sportga jalb etish, iqtidorli sportchilarni aniqlash va ularni professional darajada tayyorlash bo‘yicha yangi mexanizmlar joriy etiladi.

Sport to‘garaklari faoliyati kengaytirilib, ularga tajribali murabbiylar biriktiriladi, sport yo‘nalishidagi talabalar esa dual taʼlim asosida amaliy murabbiylik faoliyatiga jalb etiladi. Shuningdek, “salomatlik balansi”, “sog‘lom hayot volontyorlari”, “kross-fit” kabi zamonaviy yo‘nalishlarni joriy etish tashabbuslari ham yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush madaniyatini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega.

Sport sohasida ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, ularni amaliyot bilan integratsiya qilish, sport tibbiyoti, fiziologiya, reabilitatsiya va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish ham ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘ladi. Shuningdek, sunʼiy intellekt asosida sportchilar faoliyatini tahlil qilish, mashg‘ulot jarayonlarini optimallashtirish kabi zamonaviy yondashuvlarni joriy etish orqali ilmiy salohiyatni oshirishga alohida eʼtibor qaratilishi aytildi.

Sohada belgilab berilgan ustuvor vazifalar sog‘lom, faol va raqobatbardosh jamiyatni shakl-lantirishga xizmat qiladi. Bunda oliy taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan sport to‘garaklarining o‘rni muhim.

Buxoro davlat pedagogika instituti misolida oladigan bo‘lsak, bugungi kunda oliy taʼlim muassasamizda faoliyat yuritayotgan talaba-yoshlar sport klubida futbol, voleybol, regbi-7, stol tennisi, yengil atletika, gandbol, dzyudo, shaxmat-shashka, badminton, xokkey, kurash kabi sport to‘garaklari ishtirokchilari bo‘lgan talabalarimiz o‘tgan davr davomida jami 175 ta medalni qo‘lga kiritdi. Ularning 11 tasi xalqaro turnirlarda, 16 tasi Osiyo chempionatlarida, 148 tasi respublika miqyosidagi musobaqalarda qo‘lga kiritilgan medallardir.

Yoki yaqinda o‘tkazilgan “Vazir kubogi” doirasida ilk bor tashkil etilgan qizlar o‘rtasidagi chim ustida xokkey musobaqalarida talaba-qizlarimiz 3-o‘rinni qo‘lga kiritgani mazkur sport turi bo‘yicha olib borilayotgan faoliyatning ilk natijasi desak, ayni haqiqat.

Albatta, bu kabi yutuqlar barchamizni quvontirishi tabiiy, biroq sohani yana-da rivojlantirish, yoshlarning sport turlari bilan muntazam shug‘ullanishini yanada kengaytirish bundan buyon doimiy eʼtibor markazida bo‘ladi. Zero, yurtimizda ushbu sohada olib borilayotgan islohotlarga hamohang tarzda faoliyat yuritish, yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishga barchamiz masʼulmiz.

 

Bahodir MAʼMUROV,
Buxoro davlat pedagogika instituti rektori,
pedagogika fanlari doktori,
professor.
“Xalq so‘zi” gazetasining 2026-yil 17-aprel sonidan