Bu beparvolik emas, jinoyat!


981     17.04.2026

Bugun ijtimoiy tarmoq shunchaki axborot almashish maydoni emas, balki did, dunyoqarash va ma’naviy muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi kuchli vositaga ham aylandi. Keyingi paytlarda aynan ana shu «vosita» orqali «zamonaviylik», «erkinlik» va «trend» shiorlari ostida milliy odob-axloq me’yorlari, asrlar davomida shakllangan qadriyatlarimiz va xalqimizning madaniy didiga mutlaqo zid bo‘lgan axborotlarni tarqatuvchi kontentlar soni ko‘paymoqda.

Tashvishlanarlisi, bunday holatlar ayrim kimsalar tomonidan «ijod» va «san’at» sifatida ko‘rsatilyapti.

Vaholanki, haqiqiy san’at insonni yuksaltiradi, uning ongi va didini boyitadi, ma’naviyatini yuksaltiradi. Shu o‘rinda ijod erkinligi hech qachon milliy qadriyatlarni mensimaslik, axloqiy chegaralarni buzish yoki milliy libos va ramzlardan mashhurlikka erishishning juda arzon vositasi sifatida foydalanish huquqini ham bermaydi.

Milliy libos bu oddiy kiyim emas, u xalqning tarixi, hayosi, didi va o‘zligining timsolidir. Uni shov-shuv va tomoshaboplik quroliga aylantirish esa milliy g‘ururga nisbatan hurmatsizlikdir.

Ko‘proq ko‘rilish va tez mashhur bo‘lish ilinjida ayrim bloger va ijodkorlarning insoniy va milliy sha’nimizga to‘g‘ri kelmaydigan yo‘llarni tanlayotganlari shu ma’noda ham juda achinarlidir.

Unutmaylik: behayo qo‘shiq, odobsiz xatti-harakat va sun’iy shov-shuv asosiga qurilgan kontent madaniyat emas. Aksincha, bunday holatlar yoshlar ongida buzuq didni shakllantirib, jamiyatning ma’naviy immunitetini zaiflashtiradi.

Ushbu masalaning huquqiy jihatlari ham bor. Jamoat tartibi va odob-axloq qoidalarini qasddan mensimaslik, haqoratomuz yoki behayo mazmundagi materiallarni tarqatish qonun doirasida baholanishi mumkin. Demak, bunday holatlarga faqat axloqiy emas, huquqiy nuqtayi nazardan ham yondashish zarur.

Shu ma’noda ham keng jamoatchilikning bunday chiqishlarga nisbatan keskin munosabati bejiz emas.

Chunki odamlar buni o‘zbek millati madaniyatiga, milliy qadriyatlari va ma’naviy me’yorlariga nisbatan ochiq hurmatsizlik sifatida qabul qilmoqda. Bu aslida jamiyatning o‘z ma’naviy chegaralarini himoya qilishga bo‘lgan tabiiy munosabatidir. Bugun eng zarur masala - taqiq emas, mas’uliyatdir. Kontent yaratuvchilar har bir «ijod namunasi»ni ommaga taqdim etishdan oldin uning nafaqat qiziqish uyg‘otishi, balki ma’naviy va huquqiy oqibatini ham o‘ylab ko‘rishlari shart.

Chunki millionlab insonlar kuzatayotgan maydondagi beparvolik shaxsiy xato bo‘lib qolmaydi va so‘zsiz ijtimoiy oqibatlarga ega bo‘lgan holatga aylanadi.

Shu bois, milliy qadriyatlarni tahqirlash va axloqsizlikni targ‘ib qilishga nisbatan ta’sirchan choralarni kuchaytirish, mas’ul idoralarning bunday kontentlarga munosabatini aniq va prinsipial namoyon etish, shuningdek, bahsli media mahsulotlariga ma’naviy va huquqiy baho berish mexanizmlarini takomillashtirish zarur.

Chunki jamiyatni yemiruvchi tahdidlar doimo ochiq va dabdabali shaklda kelmaydi. Ba’zan ular qo‘shiq, hazil, qisqa video yoki yengil ko‘ngilochar lavha qiyofasida kirib keladi. Ammo ularning ta’siri yengil bo‘lmaydi. Bas shunday ekan, millat va elatlar o‘z didi, hayosi va ma’naviy tayanchlarini asray olsagina kelajagini mustahkam qura oladilar.

Xulosa o‘rnida yana takrorlaymiz, odob va axloq me’yorlariga rioya qilish - bu shaxsiy xohish emas, jamiyatga hurmat va kelajak avlodlar oldidagi mas’uliyat hamdir. Milliy g‘ururi, madaniyati va qadriyatlarini asragan jamiyat esa ma’nan kuchli va barqaror bo‘ladi.

 

Azamat PARDAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 15-aprel sonidan olindi