Zo‘ravonlikka qarshi qalqon


475     17.04.2026

Xabaringiz bor, partiyamiz deputatlari va faollari tomonidan hududlarda Prezidentning “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarini oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyatini targ‘ib etishga bag‘ishlangan uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Shuningdek, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan farmon ijrosini aholi o‘rtasida keng targ‘ib etish bo‘yicha Ishchi guruhi tuzilgan bo‘lib, uning tarkibida partiya Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammedjonova ham ishtirok etdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashida 500 nafar ishtirokchilar bilan o‘tkazilgan dastlabki yig‘ilishda ishtirok etgan Feruza Muhammedjonova so‘zga chiqib, farmondan kelib chiqadigan vazifalarga to‘xtaldi, jumladan, shunday dedi:

“Ushbu farmonning mazmun-mohiyatini xalqqa yetkazish suv bilan havodek muhim ahamiyatga ega. Statistikaga qarang. Erta turmush, erta tug‘ruq ko‘rsatkichlari yildan  yilga ko‘payib bormoqda. Bolalarga zo‘ravonlik masalasi, ayniqsa, ota-onalarning o‘z bolalariga tazyiq va zo‘ravonligi bizni tashvishga solmoqda. Ayrim xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonda oilalarning yarmidan ko‘pi bolalar tarbiyasida qattiqqo‘l bo‘lishni maʼqul ko‘radilar va bu bolajon xalqning qadriyatlariga zid holatdir. Zero, bolalarni kuch ishlatib tarbiyalash hech qachon yaxshilikka olib kelmasligini yaxshi bilamiz. Zo‘ravonlikni ko‘rgan bola uni albatta o‘zi ham qachondir takrorlashi mumkin. Bas shunday ekan, bu farmonning har bir bandini jamiyatga yetkazish barchamizning fuqarolik burchimizdir.  

“Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasida quyidagi fikrlar keltiriladi: “Har bir bola o‘z shaʼni va qadr-qimmatiga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga g‘ayriqonuniy aralashuvlardan himoyalanish huquqiga ega.

Ushbu qonunning 10-moddasida esa “Davlat bolaning shaxsi, uy-joyi daxlsizligini, xat-xabarlari sir tutilishini taʼminlaydi hamda bolani ekspluatatsiya va zo‘ravonlikning barcha shakllaridan, shu jumladan jismoniy, ruhiy va jinsiy zo‘ravonlikdan, qiynoqlarga solishdan yoki shafqatsiz, qo‘pol yoxud inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa shakldagi muomaladan, shahvoniy shilqimliklardan, huquqbuzarliklar va g‘ayriijtimoiy harakatlar sodir etishga jalb etilishidan himoya qilinishini amalga oshiradi”, deya qayd etilgan.

Ushbu qabul qilingan farmon yuqoridagi qonunlarning moddalarini yanada samarali taʼminlashga qaratilgan muhim yangiliklarni o‘z ichiga oladi hamda ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish tizimini takomillashtirish orqali ularning sonini keskin qisqartirish, shuningdek, bunday holatga uchragan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini joriy etish maqsadini ko‘zlaydi. Farmondan kelib chiqib normativ-huquqiy hujjatlarga 30 dan ziyod o‘zgartishlar kiritilishi nazarda tutilmoqda. Bu esa farmonning zo‘ravonlikka qarshi qalqon bo‘lishining kafolati, deb xulosa qilishimizga zamin hozirlaydi.

Qoraqalpog‘istonda ushbu farmonning ijrosini taʼminlashga qaratilgan harakatlar avjida ekanligini ko‘rish quvonarli. Ayniqsa, “Muza” yoshlar teatr jamoasi tomonidan farmonning maqsadini to‘la ochib bergan sahna ko‘rinishlari nafaqat Qoraqalpog‘istonda, balki O‘zbekistonning barcha hududlarida  namoyish etilishi zarur deb hisoblayman. Zero, sanʼat bor joyda zo‘ravonlikka yo‘l yo‘q. Bu illatga qarshi kurashda zamonaviy usul va vositalar bilan qarshi kurashish ayni muddao”.

Taʼkidlash lozim, Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha tumanlarida Prezident farmoni yuzasidan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda 100 ga yaqin deputatlar, faol yoshlar va xotin-qizlardan iborat targ‘ibot guruhlari ham ishtirok etdi.