Tashqi yozuvlarni tartibga solishga qaratilgan qonunni qabul qilish lozim


173     24.09.2024

   Ilm-fan va texnologiya shiddat bilan rivojlanayotgan davrda har qadam, har ishda masʼuliyatni his qilishimiz kerak. Ayniqsa, Ona tilimiz sofligini saqlash, turli sohalar orqali tilimizga kirib kelayotgan yangi atamalarni o‘zbekcha muqobillarini qo‘llash dolzarb vazifa darajasiga ko‘tarilgan.

   Baʼzan ko‘chada ketayotib yo‘l betidagi yozuvlarni bir-biriga ulab, hijjalab o‘qib ham biror maʼno topa olmaymiz. Uning davlat tilida emasligi dilimizni xira qiladi.

   Davlat tili qabul qilinganligiga 30 yildan oshayaptiki, milliy tilimizga bo‘lgan munosabat hamon risoladagidek emasligi dilni xufton qiladi. Milliy qadriyatlarimizning bir qismi bo‘lgan bozorlarni aylanar ekansiz, hamon kirish eshiklariga turli xorijiy tillarda yozilgan ko‘rsatmalarga duch kelib qolish hollari ko‘p uchraydi.

   Milliy tilga hurmat hissini oshirish, bu boradagi ishlarni namoyon etish haqida gap ketar ekan, ko‘cha yozuvlari, peshlavhalarning joylashtirilishi va ularning davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiqligi doimo eʼtiborda bo‘lmog‘i lozim. Chunki tashqi reklama, ko‘chadagi yozuvlar o‘tgan-qaytgan kishiga saboq beradi, yo‘l ko‘rsatadi va shu asnoda madaniyat, maʼnaviyatni ifodalovchi vosita bo‘lib xizmat qiladi. Milliy tilimizning hurligi istiqlolning birinchi sharti sanalar ekan, chinakam mustaqillik sururi, milliy til erki va ozodligidan boshlanishi tabiiy. 

     Bu borada so‘nggi yillarda qabul qilinayotgan qonun va qonunosti hujjatlari dasturilamal bo‘layotgani ayni haqiqat. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunlar ijrosini taʼminlash hamda Vazirlar Mahkamasining “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi qaror talablari doirasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq, muammo hamon hal etilganicha yo‘q.

   Partiyamizning 2025-2029-yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida bu boradagi aniq taklif o‘rtaga tashlanmoqda. Yaʼni tashqi yozuvlarni tartibga solishga qaratilgan “Tashqi yozuvlar to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qilish taklifi bu muammoga yechim bo‘lishiga ishonamiz.

   O‘ylaymizki, mazkur qonun ijrosi bilan xiyobonlar, bino va inshootlar, yoritish ustunlari, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari, ko‘chalarda joylashgan tashqi reklama, bilbordlar, turli eʼlonlar, yozuv va axborotlarni tartibga keltirish imkoni yaratiladi.