476 21.04.2026
Bugun ilm olib, hunar egallamoqchi bo'lgan yoshlar katta imkoniyat va imtiyozlarga ega... Xalqaro ekspertlar Yangi O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning eng tez rivojlanayotgan davlati, turizm sohasida kutilmagan natijalarni qayd etayotgan mamlakat, eng asosiysi yoshlar mamlakati, deya ta’riflayotganlari bejiz emas. Bunday e’tiroflar orasida O‘zbekistonning yoshlar mamlakati ekaniga alohida urg‘u berilayotgani bizni ko‘proq quvontiradi...
Yoshlar ertamiz egalari, kelajagimiz bunyodkorlaridir. Aholimizning 60 foizdan ziyodini 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etayotgani uchun ham yurtimizda yangi avlod vakillari uchun o‘qish, ishlash va ijod qilishda ko‘proq imtiyozlar berilyapti, eng muhimi, bu yangi avlod vakillarining oyoqqa mustahkam turib olishlariga qo‘shimcha imkon beryapti. Globallashayotgan dunyoning ko‘plab davlatlarida aholi qariyotgani, yoshlarni oilaga, qadriyatlarga bepisand bo‘layotgani ta’kidlanayotgan bo‘lsa, bizda aksincha, yuqoridagidek imkoniyatlar yoshlarni ko‘proq o‘qishga, izlanishlarga undab, jamiyatdagi mavqelarini mustahkamlayotir. Hatto O‘zbekistondagi tug‘ilish darajasi 2050-yillarga borib bizni 80 millionli mamlakatga aylantirishi prognoz qilinyapti. Ana shunday o‘zgarishlarni nazarda tutib, Prezidentimiz va hukumat tomonidan Maktab va maktabgacha ta’lim hamda Oliy ta’lim tizimiga juda katta mablag‘ sarflanyapti. Xususan, keyingi yillarda mutlaqo yangi shakl va mazmundagi Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashgan maktablar tizimi ham yaratildi. Bugun sayyoramiz aholisining yarmidan ko‘pini 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etsada, ularning bilim olishi, katta hayot ostonasiga qadam qo‘yishi oldidan mehnat ko‘nikmalariga ega bo‘lishi har doim ham hukumatlar e’tiborida emasligi hech kimga sir emas. Yangi O‘zbekistonda esa yoshlar siyosati davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Bolalarning ta’lim-tarbiyasi va mehnat ko‘nikmalariga ega bo‘lishida dual ta’lim tizimi ham muhim o‘rin egallay boshladi. Bunda talaba ikki joyda ta’lim oladi. Ya’ni, birinchisi ta’lim muassasasi bo‘lsa, ikkinchisi ishlab chiqarish tashkilotida.
Mutaxassislarning aytishicha, dual ta’limda o‘qish kollej, texnikumda kechsa, amaliy ko‘nikmalar korxonada kechadi. Yaxshi tomoni shundaki, talaba o‘qishni tugatgach, mehnat bozorida mustaqil ish topish imkoniga ega bo‘ladi. Yangi O‘zbekistonda ayni sohada ko‘plab xorijiy mamlakatlar tajribasi ham ommalashmoqda. Birgina, Germaniya tajribasi asosida yo‘lga qo‘yilgan dual ta’lim tizimini olaylik.
Yuqorida ta’kidlanganidek, ta’limning ushbu shakli ixtisoslashgan ta’lim turi bo‘lib, talaba nazariy bilimlarni ta’lim muassasasida, amaliy ko‘nikmalarini esa ish joyida orttiradi. Eng asosiysi, ta’limning ushbu turida talaba o‘qib yurgan paytidayoq yuqori amaliy ko‘nikma va malakaga ega kadr bo‘lib yetishadi. Shuningdek, bu jarayonda professor-o‘qituvchilarning zamonaviy soha korxonalarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda qisqa va uzoq muddatli stajirovkasini tashkil etish imkoni yaratiladi. Bundan tashqari, soha korxonalarining kadrlarga qo‘yadigan talablarini aniqlash hamda shu asosda amaliy mashg‘ulotlarni to‘g‘ri tashkil etish va talabga mos kadrlar tayyorlash imkoniyati kengayadi.
Aytish kerakki, iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishda o‘rta bo‘g‘in kadrlarining o‘rni alohida. Hech kimga sir emaski, ishlab chiqarish, sanoat hamda xizmat ko‘rsatish sohalarida ishchi kasblar va mutaxassisliklar bo‘yicha malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj yuqori darajada saqlanib qolmoqda.
Aynan dual ta’limni joriy etish mehnat bozorida yuqori talabga ega bo‘lgan malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, kadrlar taqchilligini bartaraf etish, shuningdek, zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalana oladigan raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi. Samarqandlik yoshlar ham 2024-2025 o‘quv yilidan boshlab dual ta’lim asosida kasb-hunar o‘rganishyapti va o‘z xarajatlariga yarasha pul ishlab topishyapti. Shu o‘rinda viloyatda ushbu sohada yetarlicha tajriba to‘planganini ham aytish joiz. Xususan, Samarqand tumani texnikumida ham kuchli pedagog murabbiylar e’tibori bejiz dual ta’limga qaratilayotgani yo‘q.
- Katta jamoaga ega texnikumimizda 1169 nafar talaba 13ta yo‘nalishda tahsil olyapti. Shundan 115 nafari dual ta’limga qamrab olingan, - deydi direktor (v.v.b) Shuhrat Xolov. - Ular 5ta yirik - «STEKLOPLASTIK», «GULOBOD MENEL», «CHINOR MEBEL BARAKA-1», «HASIB TEKSTIL» MCHJlari hamda «Zulfiya» oilaviy korxonasida ham ishlab, ham amaliy bilimlarini mustahkamlashyapti. Eng muhimi, dual ta’lim asosida o‘qiyotgan talabalarimiz diplomlarini qo‘llariga olganidan keyin ish topishda qiynalishmaydi. Bu esa yoshlarning mehnat bozorida raqobatbardoshliligini mustahkamlashga xizmat qiladi. Darvoqe, «STEKLOPLASTIK», rahbari O‘tkir Saidmurodovning aytishicha, bolalar yoshlikdan mehnatga ko‘nikayaptimi, demak, ular yaqin kelajakda o‘z sohalarining yetakchilariga aylanishadi. Ayni paytda mavjud kasblar qatoriga «Payvandlovchi» kasbi bo‘yicha ham dual ta’lim joriy etilgan.
E’tiborli jihati, Samarqand tuman texnikumi va ushbu MCHJ tomonidan o‘quvchilarning nazariy, o‘quv va amaliy mashg‘ulotlardagi ishtiroki prof-emis.edu.uz platformasida yuritiladigan elektron jurnallarda, ishlab chiqarish bilan bog‘liq amaliy qismi esa «STEKLOPLASTIK»da yuritiladigan o‘quvchilar kundaligida qayd etib borilyapti. O‘quvchilarga dual ta’lim jarayonida tashkilotdagi mehnat faoliyati uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq ish haqi ham to‘lanmoqda. Ya’ni, dual ta’lim asosida tahsil olayotgan yoshlar bu nafaqat kasb o‘rganishyapti, balki o‘zlarining kelajak bilan bog‘liq rejalarini ham tuzishyapti, deganidir.
Xalqaro ekspertlarning fikricha, dual ta’lim Germaniyadan tashqari, Avstriya, Shveysariya va Janubiy Koreya kabi rivojlangan mamlakatlar iqtisodiyotini rivojlantirishda ham juda katta o‘rin tutayotir.
Xulosa kilib aytish mumkinki, dual ta’lim tizimi o‘qishni tamomlagandan so‘ng nafaqat ma’lum bir iqtisodiyot sohasida mutaxassis diplomiga ega bo‘lgan, balki ma’lum bir tashkilot yoki korxona xususiyatlarini hisobga olgan holda har kanday kasbiy vazifalarni mustaqil hal eta oladigan kadrlarni tayyorlash imkonini ham beradi.
Viloyat SHODIYEVA
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 15-aprel sonidan olindi